Los-Anjelesda avtohalokatni yoritayotgan NBC vertolyoti qulab, uch kishi halok bo‘ldi (video)

AQSHning Los-Anjeles shahrida avtohalokatni havodan yoritayotgan NBC4 telekanaliga tegishli yangiliklar vertolyoti qulab, uch kishi halok bo‘ldi. Yana bir kishi shifoxonaga olib ketilgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hodisa 15 sentyabr kuni kechqurun shaharning Chatsworth hududida sodir bo‘lgan. NewsChopper4 vertolyoti avvalroq yuz bergan yo‘l-transport hodisasini yoritayotgan edi. Mazkur YTHda SUV shahar avtobusiga borib urilishi oqibatida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, olti kishi jarohatlangan.
Vertolyot avtohalokat joyidan taxminan 1,6 kilometr uzoqlikdagi avtoturargoh hududiga qulab tushgan va shundan so‘ng yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in oqibatida to‘rtta avtomobil va ikkita saqlash konteyneri ham zarar ko‘rgan. Voqea joyiga 50 nafardan ortiq o‘t o‘chiruvchi jalb etilgan.
Halok bo‘lganlar orasida vertolyot bortidagi ikki kishi — havodan reportaj tayyorlovchi jurnalist Eliana Moreno va uchuvchi George Marciniw borligi ma’lum qilingan. Uchinchi qurbon yerda bo‘lgan.

Vertolyotning qulashi sababi hozircha noma’lum. Hodisani AQSH Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) va Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) tekshirmoqda.






























Izohlar 0
…