BMWga uchib kirgan kiyik 20 yoshli futbolchini o‘limiga sabab bo‘ldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Polsha g'arbidagi Gostin aylanma yo'lida 21 sentyabr kuni taxminan soat 06:00 da sodir bo'lgan YTHda 20 yoshli futbolchi Oskar Kordus hayotdan ko'z yumdi.
- Qarama-qarshi yo'nalishdan kelayotgan Volkswagen avtomobiliga urilgan kiyik Kordus boshqaruvidagi BMW'ning old oynasidan kirib, unga jiddiy jarohat yetkazgan.
- Shifokorlarning sa'y-harakatlariga qaramay, Oskar Kordus o'sha kuni soat 22:30 atrofida vafot etdi.
Polshada yuz bergan g‘ayrioddiy yo‘l-transport hodisasi 20 yoshli futbolchi Oskar Kordusning hayotiga zomin bo‘ldi. U boshqaruvidagi BMW avtomobiliga qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanayotgan mashina urgan kiyik kelib tushgan.
Hodisa 21 sentyabr kuni taxminan soat 06:00 da Polsha g‘arbidagi Gostin aylanma yo‘lida sodir bo‘lgan. 52 yoshli Volkswagen haydovchisi Krayeviche va Grabonog o‘rtasidagi 434-raqamli viloyat yo‘liga yugurib chiqqan kiyikni urib yuborgan. Kuchli zarbadan hayvon qarama-qarshi yo‘lakka otilib, Kordusning BMW avtomobili old oynasidan kirgan va futbolchining yuziga tekkan.
Zarba oqibatida BMW yo‘ldan chiqib ketib, ariqqa ag‘darilgan. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining hodisaga munosabat bildirishga vaqti bo‘lmagan.
Guvohlar Kordusning nafas olmayotganini ko‘rib, unga yurak-o‘pka reanimatsiyasini boshlagan. Qutqaruvchilar ham CPR amalga oshirgan. Tez tibbiy yordam yetib kelgach, futbolchining hayotiy belgilari tiklangan va u sanitar aviatsiya orqali Poznan shahridagi shifoxonaga olib ketilgan.
Biroq shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, Oskar Kordus o‘sha kuni soat 22:30 atrofida vafot etgan. Volkswagen haydovchisi esa jarohat olmagan.
Kordus Polsha chempionatining to‘rtinchi divizionida ishtirok etuvchi Kania Gostyń klubida himoyachi sifatida to‘p tepgan. U mavsum boshida Korona Piaski jamoasidan klubga o‘tgan va yangi jamoasi safida yettita liga uchrashuvida maydonga tushgan. Shanba kuni Pogoń Nowe Skalmierzyce jamoasiga qarshi bahsda ham o‘ynagan, shuningdek, oy boshida Ostrovia 1909 klubiga qarshi uchrashuvda ishtirok etgan.
Futbolchi o‘tgan mavsumda Korona Piaski safida 26 ta liga o‘yinida qatnashgan. U yoshlar darajasida esa Zagłębie Lubin va Warta Poznań klublarida o‘ynagan.
Kania Gostyń futbolchining vafoti munosabati bilan uning oilasi, yaqinlari va do‘stlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Klub vakili Oskar Kordusning o‘limi haqidagi xabarni katta qayg‘u bilan qabul qilganini ta’kidladi.
Uning sobiq klubi Korona Piaski ham futbolchini xotirlab, Kordus klubning yoshligidan tarbiyalangan futbolchisi bo‘lganini qayd etdi.
Ayni paytda prokuratura ushbu holatni o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sifatida tergov qilmoqda. Futbolchining dafn marosimi sanasi hozircha ma’lum qilinmagan.






























Izohlar 0
…