53 soat rulda bo‘lgan taksichi odam o‘limiga sabab bo‘ldi

Buyuk Britaniyada uch kun davomida qariyb 53 soat avtomobil boshqargan 45 yoshli taksi haydovchisi odam o‘limiga sabab bo‘lgani uchun olti yilga qamaldi. Bu haqda TaxiPoint xabar berdi.
Hodisa 2025 yil 17 avgust kuni ertalab soat 06:30 lar atrofida Surrey grafligidagi Merstem hududidan o‘tuvchi A23 yo‘lida sodir bo‘lgan.
Kolovole Erunkulu boshqaruvidagi Audi avtomobili yo‘ldan chiqib, yo‘l chetidagi maxsus to‘xtash joyiga kirib ketgan. O‘sha vaqtda 59 yoshli Filip Drey dam olish uchun Volkswagen avtomobilini shu yerga qo‘ygan va mashinasining haydovchi eshigini ochib, ichiga o‘tirayotgan bo‘lgan. Audi uni urib yuborgan va Filip Drey voqea joyida halok bo‘lgan.
Tergov davomida Erunkulu halokatdan oldingi uch kun ichida jami qariyb 53 soat rulda bo‘lgani aniqlangan. Shu davrdagi eng uzoq tanaffusi atigi yetti soatni tashkil etgan. Bundan tashqari, u taxminan to‘rt soatlik va ikki soat atrofidagi tanaffuslar qilgan.
Fojia oldidan esa Erunkulu qariyb 12 soat davomida taksichilik qilgan va yetarlicha dam olmagan. Avtomobil ichidagi kamera yozuvlari uni rulda bir necha soniyaga uxlab qolganini ko‘rsatgan. Aynan shu paytda Audi yo‘ldan chiqib, yo‘l chetida turgan Filip Dreyni urib yuborgan.
Erunkulu odam o‘limiga olib kelgan xavfli haydashda aybini tan olgan. Sud uni olti yilga ozodlikdan mahrum qildi. Shuningdek, unga sakkiz yil davomida avtomobil boshqarish taqiqlandi.
Agar u kelajakda yana haydovchilik guvohnomasini olishni istasa, kengaytirilgan imtihondan o‘tishi talab etiladi.






























Izohlar 0
…