Samarqandda topilgan 17 ta ilon yana tabiatga qo‘yib yuborildi

Samarqandda topilgan 17 ta ilon yana tabiatga qo‘yib yuborildi

Samarqand viloyatining Nurobod tumani tog‘li hududlarida aholi tomonidan turli joylardan topilgan 17 ta ilon mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilib, yana tabiiy muhitga qo‘yib yuborildi.

Ular orasida 16 ta O‘rta Osiyo kapcha iloni hamda 1 ta gurzi bor. Ilonlarning ayrimlari turli sabablarga ko‘ra aholi yashaydigan hududlarga kirib qolgan bo‘lsa, boshqalari kasallangan yoki shikastlangan holda mahalliy aholi qo‘liga tushgan.

Shundan so‘ng hayvonlar Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasiga topshirilgan. Mutaxassislar yovvoyi hayvonlarni maxsus ko‘rikdan o‘tkazib, ularning holatini baholagan.

Tekshiruvlar natijasida 17 ta ilonning tabiiy muhitda mustaqil yashashga yaroqli ekani aniqlangan. Shu asosda ular Omonqo‘ton milliy tabiat bog‘ining yuqori tog‘li qismiga olib borilgan va inson ta’siridan xoli hududga qo‘yib yuborilgan.

Mutaxassislar yovvoyi hayvonlarni asrash, ularni tabiiy muhitda saqlab qolish hamda asossiz ravishda yo‘q qilinishining oldini olish muhim ekanini ta’kidlagan.

Tabiatni muhofaza qilishga qaratilgan bunday ishlar nafaqat alohida hayvonlarni asrab qolish, balki hududlardagi bioxilma-xillikni saqlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Avvalroq, iyul oyida Navoiy viloyatining Nurota va Navbahor tumanlaridagi cho‘l hududlarida 778 bosh yo‘rg‘a tuvaloq tabiiy muhitga qo‘yib yuborilgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur loyiha yo‘rg‘a tuvaloq populyatsiyasini qayta tiklash va ko‘paytirish, bioxilma-xillikni asrash, shuningdek, cho‘l ekotizimidagi tabiiy muvozanatni saqlashga qaratilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar