Boliviyada bir asrdan so‘ng yangi yovvoyi mushuk turi topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Boliviyada 100 yildan ortiq vaqt o'tgach, mutlaqo yangi yovvoyi mushuk turi aniqlandi.
- Leopardus tilcayo nomi bilan atalgan ushbu kichik mushuk, o'zining leopardsimon dog'lari va yumaloq quloqlari bilan ajralib turadi.
- Ushbu kashfiyot, 1923 yilda Urugvay pampas mushugi aniqlanganidan beri birinchi marta yangi yovvoyi mushuk turining topilishi bo'lib, Current Biology jurnalida chop etilgan tadqiqot natijalari bilan tasdiqlangan.
Boliviyalik olimlar dunyo ilm-fani uchun muhim bo‘lgan kashfiyotni amalga oshirdi. Mutaxassislar 100 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor mutlaqo yangi yovvoyi mushuk turini aniqladi.
Kichik hajmli ushbu yovvoyi mushuk tashqi ko‘rinishidagi leopardsimon dog‘lari sababli Tilkayo yo‘lbars mushugi deb atalmoqda. Yangi tur Boliviya poytaxti La-Pas shahri yaqinida joylashgan tog‘li Yungas hududida aniqlangan.
Tadqiqot guruhi tarkibida bo‘lgan biolog va National Geographic Explorer Paula Nogales Skaronining aytishicha, Boliviya Andlarida yashovchi mahalliy aholi bu hayvonni ko‘pincha oddiy xonaki mushuk deb o‘ylab kelgan.
Yangi turga mahalliy jamoalar tomonidan berilgan Tilkayo nomi asosida ilmiy jihatdan Leopardus tilcayo nomi berilgan.
Nogales mazkur kashfiyotni nihoyatda muhim va noodatiy voqea sifatida baholadi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 100 yil davomida yangi yovvoyi mushuk turi aniqlanmagani ushbu topilmaning ahamiyatini yanada oshiradi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, bundan oldingi yangi yovvoyi mushuk turi 1923 yilda — Urugvay pampas mushugi aniqlangan paytda qayd etilgan. Shu ma’noda Tilkayo yo‘lbars mushugining kashf etilishi oradan bir asr o‘tib amalga oshirilgan birinchi shunday topilma bo‘ldi.
Tilkayo xonaki mushukdan biroz kichikroq bo‘lib, uning tanasi uzunligi taxminan 45 santimetrni tashkil etadi. Uning yana bir o‘ziga xos belgisi — yumaloq shakldagi quloqlaridir.

Nogalesning ma’lum qilishicha, olimlar hozirga qadar aniqlangan ikki hayvonning to‘liq genomlari asosida ilg‘or genetik tadqiqotlar o‘tkazgan. Ushbu tekshiruvlar yangi turning o‘ziga xos genetik xususiyatlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Aniqlangan hayvonlardan biri — erkak Tilkayo hozirda Yungas hududidagi hayvonlar boshpanasida saqlanmoqda. Uni avval parvarish qilgan mahalliy oila keyinchalik hayvonni mas’ul idoralarga topshirgan.
Ikkinchi hayvon esa urg‘ochi Tilkayo bo‘lib, mahalliy aholi hujumidan qutqarilgan. Keyinchalik mutaxassislar uni yana tabiiy yashash muhitiga qo‘yib yuborgan.
Yangi tur haqidagi ilmiy tadqiqot natijalari Current Biology jurnalida chop etildi. Mazkur kashfiyot ortida olimlarning 2021 yildan beri olib borayotgan izlanishlari yotibdi.
Nogalesning ta’kidlashicha, hozircha Tilkayo yo‘lbars mushugi faqat Boliviya hududida uchragan. Uning Yer sharining boshqa hududlarida mavjudligi haqida hozircha hech qanday dalil topilmagan.
Ayni vaqtda ushbu yovvoyi mushuk kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi tur sifatida baholanmoqda. Populyatsiyasi juda cheklangani sababli, yaqin kelajakda u dunyodagi eng kamyob va yo‘qolib ketish xavfi eng yuqori bo‘lgan hayvon turlaridan biri sifatida tasniflanishi mumkin.
Olimlar uchun ushbu kashfiyot nafaqat yangi turni ilmiy jihatdan tasdiqlash, balki uning tabiiy muhitini o‘rganish va kelajakda muhofaza qilish choralarini belgilash nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyatga ega.






























Izohlar 0
…