“Tolibon” shoira Mujda O‘zbekni nega hibsga oldi?

“Tolibon” shoira Mujda O‘zbekni nega hibsga oldi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Afg‘onistonning Tahor viloyatida shoira Mujda O‘zbek “Tolibon” siyosati va mamlakatdagi vaziyatni tanqid qiluvchi she’rlari sabab hibsga olindi.
  • U to‘rt kun avval Taloqan shahrida ushlangan va hozirda “Tolibon” nazorati ostida saqlanmoqda.
  • Shoiraning oila a’zolari va viloyat rasmiylari bu holat yuzasidan izoh bermagan, shu sababli uning hozirgi ahvoli haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Afg‘onistonning Tahor viloyatida “Tolibon” xavfsizlik kuchlari Mujda O‘zbek ismli shoirani qo‘lga oldi. Viloyatdagi manbalarning bildirishicha, uning hibsga olinishiga ayolning “Tolibon” siyosati va mamlakatdagi vaziyatni tanqid qiluvchi she’rlari sabab bo‘lgan.

Manbalarning Kabul Now nashriga 4 oktyabr kuni ma’lum qilishicha, shoira to‘rt kun avval Taloqan shahrida ushlangan. Hozirda u “Tolibon” nazorati ostida saqlanayotgani aytilmoqda.

Shoiraning oila a’zolari mazkur voqea yuzasidan hozircha hech qanday izoh bermagan. Viloyat rasmiylari ham hibs holati bo‘yicha sukut saqlamoqda. Shu bois Mujda O‘zbekning hozirgi ahvoli va qayerda saqlanayotgani haqida aniq ma’lumot mavjud emas.

Mazkur hodisa ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Internet foydalanuvchilari shoirani zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda.

Afg‘onistonda so‘z erkinligiga bosim kuchaymoqda

Afg‘onistonda so‘z erkinligiga nisbatan cheklovlar davom etmoqda. “Tolibon” 2021 yil avgust oyida hokimiyatni qayta egallaganidan buyon jurnalistlar, yozuvchilar va faollar tez-tez hibsga olinmoqda.

Inson huquqlari tashkilotlari mamlakatda tanqidchilarni o‘zboshimchalik bilan hibsga olish va ularga nisbatan bosim o‘tkazish holatlarini muntazam qayd etib kelmoqda.

OAV va madaniyat sohasi ham qattiq nazoratda

“Tolibon” shu kunga qadar ommaviy axborot vositalari faoliyatini nazorat qilish maqsadida yigirmadan ortiq ko‘rsatma va cheklov joriy qilgan. Buning oqibatida ko‘plab nashrlar o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Yuzlab jurnalistlar esa xavfsizligi tufayli mamlakatni tark etishga yoki yashirin hayot kechirishga majbur bo‘lgan.

Shu bilan birga, san’at va madaniyat sohasi vakillariga nisbatan ham jiddiy cheklovlar o‘rnatilgan. Shoirlar, musiqachilar va boshqa ijodkorlar turli nazoratlarga duch kelmoqda. Qo‘rquv va bosim muhitida ko‘plab san’atkorlar ijodini senzura ostida davom ettirishga majbur bo‘lmoqda.

“Tolibon” mamlakatda musiqa tinglash va uni ijro etishga ham qarshi pozitsiyada. Rasmiylar tomonidan cholg‘u asboblari musodara qilinib, keyinchalik yo‘q qilib yuborilayotgani haqida xabarlar tarqalgan.

Televideniye va radiolarda musiqa eshittirish ham taqiqlangan. Joriy yil fevral oyida “Tolibon” 600 dan ortiq musiqa asbobini yoqib yuborgani haqida xabar berilgandi.

Hukumat aholidan musodara qilingan musiqa asboblarini yo‘q qilish sababini ular “odamlarni yo‘ldan ozdirayotgani” bilan izohlagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar