Ikki yoshli qizcha 250 dan ortiq magnit sharchani yutib yubordi

Rossiyaning Moskva shahrida ikki yoshli qizcha bir vaqtning o‘zida 250 dan ortiq magnit sharchani yutib yubordi. Morozov bolalar shifoxonasi shifokorlari ularni muvaffaqiyatli olib tashladi. Bu haqda «Fontanka» xabar berdi.
Qayd etilishicha, ota-onasi qizchasini kuchli yo‘tal sabab shifoxonaga olib kelgan. Tekshiruv, jumladan, rentgen tekshiruvi davomida uning oshqozonida ko‘plab begona jismlar borligi aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, bola magnit sharchalarni yutib yuborgan.
Shifokorlar bunday magnitlar bola organizmi uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlagan. Ular oshqozondan ichakka o‘tib, ichak devorlari orqali bir-biriga tortilishi mumkin. Bu esa ichak devorlarining shikastlanishi, teshilish va og‘ir yallig‘lanishga olib kelishi ehtimolini oshiradi. Shu sababli shifokorlar zudlik bilan muolajaga kirishgan.
Dastlab jarrohlar kichik kesmalar orqali kiritilgan kamera yordamida qizchaning ichaklarini tekshirgan. Ichaklar shikastlanmaganiga ishonch hosil qilingach, shifokorlar maxsus endoskopik asboblar yordamida qizilo‘ngach orqali oshqozondagi magnitlarning barchasini olib tashlagan.
Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan. Hozir qizchaning ahvoli yaxshi ekani va u tez orada shifoxonadan chiqarilishi kutilayotgani ma’lum qilingan.






























Izohlar 0
…