Olimlar Yerdan 11,5 yorug‘lik yili uzoqlikdagi yulduzdan sirli radiosignalni aniqladi

Astronomlar Yerdan taxminan 11,5 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan GJ 725A qizil mitti yulduzidan noodatiy radiosignalni qayd etdi. 45 megagers atrofidagi chastotada kuzatilgan ushbu nurlanishning kelib chiqishi hozircha noma’lum. Olimlar uning paydo bo‘lishi yulduzning magnit faolligi yoki atrofidagi sayyoralar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Tadqiqot xalqaro astronomlar jamoasi tomonidan LOFAR radioteleskopi yordamida o‘tkazilgan kuzatuvlar asosida amalga oshirilgan. Signal 42–50 megagers diapazonida aniqlangan va bir soatlik kuzatuv davomida saqlanib qolgan. Biroq keyingi kuzatuvlarda u qayta qayd etilmagan.
Olimlar radiosignal kuchli aylana qutblanishga ega ekanini ham aniqlagan. Uning qutblanish darajasi 74 foizni tashkil etgan. Astrometrik tahlil nurlanish manbai GJ 725A yulduzi ekanini, uning hamroh yulduzi emasligini ko‘rsatgan.
Tadqiqotchilar signalning kelib chiqishini izohlash uchun uchta ehtimoliy taxminni ilgari surmoqda.
Birinchi taxminga ko‘ra, radiosignal yulduz atrofida uzoq orbita bo‘ylab aylanayotgan, hozircha aniqlanmagan yirik gaz sayyorasidagi qutb yog‘dulari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bunday sayyoraning magnit maydoni kuchli bo‘lishi kerak. Olimlar bu jarayonni Yupiter va uning vulqon faolligi yuqori bo‘lgan Io yo‘ldoshi o‘rtasidagi magnit ta’sirlashuvga qiyoslamoqda.
Ikkinchi ehtimol signal yulduzning o‘z magnit faolligi natijasida yuzaga kelganini nazarda tutadi. Biroq GJ 725A nisbatan sokin yulduz hisoblanadi va o‘z o‘qi atrofida taxminan 103 kunda bir marta aylanadi. Shu sababli bu taxmin ham qo‘shimcha tekshiruvni talab qiladi.
Uchinchi taxminga ko‘ra, radiosignal yulduz bilan GJ 725Ab deb nomlangan, avvaldan ma’lum bo‘lgan toshsimon sayyora o‘rtasidagi magnit ta’sirlashuv natijasida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ushbu sayyora yulduz atrofida taxminan 11,2 kunda bir marta to‘liq aylanadi. Uning massasi Yer massasidan 2,8 baravar katta. Biroq bunday sayyoraning magnit xususiyatlari kuzatilgan kuchli radiosignalni yuzaga keltirish uchun yetarli bo‘lishi yoki bo‘lmasligi hozircha aniq emas.
Olimlar signalning asl manbaini aniqlash uchun GJ 725A tizimini radio chastotalarda muntazam kuzatish, shuningdek, rentgen va ultrabinafsha diapazonlarida qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Tadqiqot natijalari 2026 yil 5 noyabr kuni arXiv platformasida e’lon qilingan. Maqola Astronomy & Astrophysics jurnalida chop etish uchun qabul qilingan.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…