Telefon orqali tarixdagi ilk suhbat qanday kechgan?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 1876 yil 9 oktyabrda Aleksandr Grem Bell va Tomas Uotson telefon orqali ilk bor ikki tomonlama suhbatni amalga oshirdi.
- Bu tajriba davomida ular Boston va Kembrij shaharlarida turib, mavjud telegraf simidan foydalangan holda muloqot qildi.
- Tarixiy suhbatning qaydlari keyinchalik birgalikda e’lon qilingan va bu voqea telefon aloqasi rivojida muhim bosqich bo‘ldi.
1876 yil 9 oktyabr kuni telefon ixtirochisi Aleksandr Grem Bell va uning yordamchisi Tomas Uotson laboratoriyadan tashqarida turib, telefon orqali ilk bor ikki tomonlama suhbatlashdi. Qariyb uch soat davom etgan ushbu tajriba telefon aloqasi rivojida muhim voqeaga aylandi.
Smitson instituti kutubxonalari ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha kuni Bell AQSHning Boston shahridagi Walworth Manufacturing kompaniyasi ofisida, Uotson esa qo‘shni Kembrij shahrida bo‘lgan. Ular aloqa o‘rnatish uchun yangi liniya tortmasdan, kompaniya ofisi va zavodini bog‘lab turgan telegraf simidan foydalangan.
Tarixiy suhbat davomida ikki ixtirochi aytilgan gaplarni alohida yozib borgan. Keyinchalik ularning qaydlari birgalikda e’lon qilingan. Bu voqea 1961 yilda Kembrijportda o‘rnatilgan yodgorlik lavhasida ham aks etgan.
Aleksandr Grem Bell 1876 yil 7 martda telefon ixtirosi uchun patent olgan. U arizani 14 fevral kuni topshirgan edi. Qizig‘i, xuddi shu kuni boshqa ixtirochi Elaysha Grey ham o‘xshash qurilma bo‘yicha dastlabki ariza bergan.
1876 yil 10 martda Bell telefon orqali inson ovozini muvaffaqiyatli uzatgan. O‘shanda u yordamchisiga: «Janob Uotson, bu yerga keling! Sizni ko‘rmoqchiman!» degan. Bu so‘zlar telefon orqali uzatilgan ilk mashhur jumla sifatida tarixda qolgan.
Shu yilning 10 avgustida Bell Kanadadagi Brantford va Parij shaharlari o‘rtasida ham telefon aloqasini sinab ko‘rgan. Biroq bu tajribada ikki tomonlama suhbat bo‘lmagan.
Shu sababli 9 oktyabr kuni amalga oshirilgan tajriba telefon tarixida alohida ahamiyat kasb etadi. U ikki kishi turli joylarda bo‘lgan holda telefon orqali bir-birini eshitib, erkin muloqot qilishi mumkinligini ko‘rsatgan.






























Izohlar 0
…