Qizidan ayrilgan ayol 800 nafar yetim qizga ona bo‘ldi

Hindistonlik doktor Sarodjini Agarval qariyb 40 yil avval Lakxnau shahrida sakkiz yoshli qizi Manishani yo‘l-transport hodisasida yo‘qotadi. Farzandining o‘limidan qattiq qayg‘urgan ayol vaqt o‘tishi bilan ona mehriga muhtoj bo‘lgan boshqa qizlarga yordam berishga qaror qiladi.
U yozgan hikoyalar, she’rlar va romanlaridan tushgan barcha mablag‘ni yetim qizlar uchun boshpana tashkil etishga sarflaydi. 1985 yilda uch xonali uyida Manisha Mandir nomli maskanni ochadi. U yerga dastlab onasidan ayrilgan, nogironligi bor va og‘ir sharoitda qolgan qizlar qabul qilinadi. Keyinchalik ko‘chada qolgan, tashlab ketilgan va fohishaxonalardan qutqarilgan qizlar ham boshpanadan joy oladi.

Sarodjini qizlarning ta’lim olishiga alohida e’tibor qaratadi. Maskanda kutubxona, kompyuter xonasi, hunarmandchilik mashg‘ulotlari va sport maydonchalari tashkil etilgan. Uning tarbiyalanuvchilari orasida bank xodimlari, o‘qituvchilar va maktab direktorlari bor.
1985 yildan buyon ayol qariyb 800 nafar yetim qizga g‘amxo‘rlik qilgan. Ularning ko‘pchiligi voyaga yetgach, boshqa qizlarga yordam berish uchun maskanga qaytib keladi.
Yoshi kattalashganiga qaramay, Sarodjini hali ham tashlab ketilgan bolalarga yordam berishda davom etmoqda. Uning aytishicha, har bir yetim qizda o‘z farzandi Manishani ko‘radi va shu orqali uning xotirasini saqlab qolishga harakat qiladi.






























Izohlar 0
…