Londonda ko‘chada hushsiz holda topilgan BAA qirollik oilasi vakili sudlandi

Londonda ko‘chada hushsiz holda topilgan BAA qirollik oilasi vakili sudlandi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • BAA qirollik oilasi bilan aloqador 32 yoshli Mahrah al Nahayon, London ko‘chasida hushsiz holda topilib, uch yoshli bolasini nazoratsiz qoldirgani uchun sudlandi.
  • Uning yonida ham bir erkak hushsiz bo‘lgan, bola esa harakatlanayotgan avtomobillar yaqinida yalangoyoq holda qolgan.
  • Sudda Mahrah al Nahayon hodisadan oldingi kunlarda kokain iste’mol qilganini tan olgan, ammo voqea kuni narkotik qabul qilmaganini aytgan.

London ko‘chalaridan birida hushsiz holatda topilgan, BAAning Abu-Dabi qirollik oilasi bilan qarindoshlik aloqasiga ega 32 yoshli Mahrah al Nahayon bolaga qarashda beparvolik qilgani uchun sudlandi. Bu haqda The Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 2026 yil 13 iyun kuni Londonning g‘arbiy qismida sodir bo‘lgan. Ayol serqatnov yo‘l yaqinidagi panjara yonida hushsiz holatda topilgan. Uning yonida yana bir erkak ham hushsiz yotgan, uch yoshli bola esa yalangoyoq holda harakatlanayotgan avtomobillar yaqinida nazoratsiz qolgan.

Voqeani ko‘rgan o‘tkinchi­lar bolaga yordam berib, politsiyani chaqirgan. Ayol taxminan 30 daqiqa davomida hushsiz holatda bo‘lgan. Politsiya uning sumkalaridan narkotik iste’moliga oid ashyolarni topgan, ammo taqiqlangan moddalar aniqlanmagan.

Sudda Mahrah al Nahayon hodisadan oldingi kunlarda kokain iste’mol qilgani ma’lum bo‘ldi. Biroq uning himoyachisi ayol voqea kuni narkotik qabul qilmaganini, avvalgi kunlardagi iste’mol tufayli qattiq charchaganini aytdi. Hodisadan keyin u narkotikka qaramlikdan davolanishni boshlagan.

Sud ayolga ikki yillik jamoat nazorati jazosini tayinlab, uni reabilitatsiya dasturida ishtirok etishga majbur qildi. Shuningdek, unga jami 6 114 funt sterling miqdorida jarima va sud xarajatlarini to‘lash belgilandi.

Sudyaning ta’kidlashicha, o‘tkinchi­lar aralashmaganida, bola jiddiy jarohat olishi yoki boshqa xavflarga duch kelishi mumkin edi. Sudda bolaning harakatlanayotgan avtomobillarga yaqin joyda nazoratsiz qolgani alohida qayd etildi.

Mahrah al Nahayon aybini tan olgan. Uning advokati ayol qilgan ishidan pushaymon ekanini va qaramlikni yengish uchun davolanishni davom ettirishga qat’iy qaror qilganini bildirgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar