Ota-ona pasporti muddati o‘tgan 10 yoshli o‘g‘lini aeroportda tashlab ketdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Ispaniyaning Barselona shahridagi El-Prat aeroportida ota-ona 10 yoshli o‘g‘lining pasporti muddati o‘tgani sababli uni terminalda yolg‘iz qoldirib, Marokashga uchib ketishga uringan.
- Mazkur holat tufayli samolyot parvozi to‘xtatilib, ota-ona Kasablankaga uchadigan reys bortidan tushirilgan.
- Juftlik safardan voz kechish o‘rniga bolani qarindoshlariga topshirib, o‘zlari ta’tilga ketishni rejalashtirgan.
Ispaniyaning Barselona shahridagi El-Prat aeroportida bir juftlik 10 yoshli o‘g‘lining pasporti muddati o‘tgani sababli uni terminalda qoldirib, o‘zlari Marokashga uchib ketishga uringan. Hodisa oqibatida samolyot parvozi ham kechiktirilgan.
Samolyot parvozi to‘xtatildi
Aeroportda aviadispetcher bo‘lib ishlaydigan Lilian Limasin ushbu voqea haqida TikTok sahifasida so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, o‘tgan oy ertalab soat 08:30 da Kasablankaga uchadigan samolyotning parvozini nazorat qilayotganida unga samolyotni vaqtincha ushlab turish haqida shoshilinch xabar kelgan.
Bunga Kataloniya politsiyasi aeroportda yolg‘iz yurgan 10 yoshli bolani aniqlagani sabab bo‘lgan. Bolaning aytishicha, ota-onasi uni qoldirib, o‘zlari ketib qolgan.
Aeroport xodimlari ota-onasini topish uchun e’lon berishgan, ammo hech kim murojaat qilmagan. Keyinroq ularning Kasablankaga uchadigan samolyot bortida ekani aniqlangan. Shu sababli Ispaniya Fuqarolik gvardiyasi samolyot parvozini to‘xtatishni so‘ragan.
Ota-ona safarni bekor qilishni istamagan
Politsiya surishtiruvi davomida juftlik ikki farzandi bilan Marokashga ta’tilga bormoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Biroq hujjatlar tekshirilganda katta o‘g‘lining pasporti muddati o‘tgani aniqlangan.
Bolaning milliy pasporti amal qilish muddatini tugatgani sababli, u Ispaniya pasporti bilan safar qilishi kerak edi. Ammo buning uchun viza talab etilgan, oilada esa zarur hujjat bo‘lmagan.
Lilian Limasinning tushuntirishicha, ota-ona safardan voz kechish o‘rniga, o‘g‘lini aeroportda qoldirib, uni olib ketish uchun qarindoshlaridan birini chaqirgan va o‘zlari samolyotga chiqishga shoshilgan.
Aviadispetcherning aytishicha, ota-ona bu harakatini oddiy holat deb hisoblagan. Biroq politsiya ularning qaroriga bunday munosabat bildirmagan.
Hozirda juftlik voyaga yetmagan farzandini tashlab ketish va samolyot parvozining sezilarli darajada kechikishiga sabab bo‘lishda ayblanmoqda.
Ispaniya ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, ijtimoiy xizmatlar hodisa yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Ota-onaga nisbatan qanday chora ko‘rilishi tekshiruv yakunlanganidan keyin ma’lum bo‘ladi.






























Izohlar 0
…