El-Nino kuchaymoqda: millionlab odamlar ochlik xavfi ostida qoladi

BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi kuchayib borayotgan El-Nino sabab yaqin oylarda dunyoning eng zaif mintaqalarida yashovchi qariyb 50 million kishi o‘tkir ochlik xavfiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. El-Nino joriy yilning sentyabr oyida kuchayishi, o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga uchrayotganlar soni esa 225 milliondan 274 million nafargacha, ya’ni qariyb 22 foizga oshishi kutilmoqda.
BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi kuchayib borayotgan El-Nino iqlim hodisasi oqibatida dunyoning eng zaif mintaqalarida yashovchi yana qariyb 50 million kishi yaqin oylarda o‘tkir ochlik xavfiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ochlikning o‘tkir fazasi insonlarning kundalik eng asosiy oziq-ovqat ehtiyojlarini ham qondirish imkoni qolmaydigan vaziyatni anglatadi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, El-Ninoning kuchayishi oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.
Butunjahon oziq-ovqat dasturi rahbari vazifasini bajaruvchi Karl Skauning so‘zlariga ko‘ra, El-Nino millionlab insonlarning hayoti va turmush tarziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat iqlim bilan bog‘liq xavflarga qanchalik erta tayyorgarlik ko‘rsa, shunchalik ko‘proq inson hayotini saqlab qolish va aholining daromad manbalarini himoya qilish mumkin bo‘ladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, El-Nino joriy yilning sentyabr oyida yanada kuchayadi. Buning natijasida o‘tkir oziq-ovqat tanqisligiga uchrayotgan odamlar soni 225 milliondan 274 million nafargacha, ya’ni qariyb 22 foizga oshishi kutilmoqda.
Eng og‘ir oqibatlar Markaziy Amerika hamda Afrikaning janubiy qismi davlatlarida kuzatilishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, Sharqiy Afrika, Janubiy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari ham jiddiy xavf ostida ekani qayd etilgan.
Mutaxassislar El-Nino ta’siri barcha hududlarda bir xil emasligini ta’kidlamoqda. Ayrim mamlakatlar allaqachon yog‘ingarchilik tanqisligi, kuchli suv toshqinlari va g‘ayrioddiy issiqlikdan aziyat chekmoqda. Boshqa hududlarda esa ekish mavsumi va kelgusi hosil yig‘im-terimi davrida vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin. Xususan, yomg‘irli dehqonchilikka katta darajada bog‘liq bo‘lgan Janubiy Afrika davlatlari eng xavfli mintaqalardan biri sifatida baholanmoqda.
Tashkilot eslatishicha, 2015–2016 yillardagi El-Nino hodisasi butun dunyo bo‘ylab 60–100 million kishining oziq-ovqat xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Yangi prognozlarga ko‘ra, 2026–2027 yillar sikli ham shunga o‘xshash ko‘lamdagi gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi ehtimoldan xoli emas.
Mutaxassislar ma’lum qilishicha, El-Nino sentyabr va dekabr oylari oralig‘ida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqishi mumkin. Biroq uning oqibatlari qishloq xo‘jaligi va hosildorlikka ta’siri sababli butun 2027 yil davomida ham sezilib turishi kutilmoqda.
Ekspertlar fikricha, oldindan amalga oshirilgan profilaktik va tayyorgarlik choralari katta ahamiyatga ega. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bugun profilaktikaga sarflangan har bir dollar kelajakda 3–7 dollargacha bo‘lgan iqtisodiy yo‘qotishlar va favqulodda xarajatlarning oldini olish imkonini beradi. BMT mamlakatlarni iqlim xavflariga qarshi hozirdanoq tayyorgarlik ishlarini kuchaytirishga chaqirmoqda.






























Izohlar 0
…