El-Nino xavfi: Akulalar yangi hududlarga bostirib kelmoqda

El-Nino xavfi: Akulalar yangi hududlarga bostirib kelmoqda
Qisqacha

Dengizshunos olimlar El-Nino iqlim hodisasining kuchayishi oqibatida akulalar, zaharli dengiz ilonlari va boshqa tropik jonzotlar yangi suv hududlariga ko‘chib o‘tishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. AQSH Milliy okean va atmosfera boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026 yil noyabridan 2027 yil yanvarigacha bo‘lgan davrda «juda kuchli» El-Nino kuzatilishi ehtimoli 63 foizni tashkil etadi.

Dengizshunos olimlar El-Nino iqlim hodisasining kuchayishi okeanlardagi jonzotlar harakatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Mutaxassislar fikricha, suv haroratining keskin oshishi natijasida akulalar, zaharli dengiz ilonlari va odatda ma’lum hududlarda uchramaydigan boshqa dengiz jonzotlari yangi suv hududlariga ko‘chib o‘tishi ehtimoli yuqori.

AQSH Milliy okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil kuziga borib El-Nino o‘rtacha yoki kuchli bosqichga yetishi kutilmoqda. Ayni paytda AQSHning g‘arbiy sohillari yaqinidagi dengiz suvlari rekord darajada isib ketgan. Shu bois olimlar okean ekotizimida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

El-Nino — Tinch okeanida sharqdan g‘arbga esuvchi shamollar susayishi yoki yo‘nalishini o‘zgartirishi natijasida iliq suvlarning Osiyo sohillari o‘rniga AQSH tomon siljishi bilan bog‘liq tabiiy iqlim hodisasidir. Bu jarayon odatda har ikki-yetti yilda bir marta kuzatiladi va 9 oydan 12 oygacha davom etishi mumkin.

NOAA prognoziga ko‘ra, 2026 yil noyabridan 2027 yil yanvarigacha bo‘lgan davrda «juda kuchli» El-Nino kuzatilishi ehtimoli 63 foizni tashkil etadi. Mutaxassislar bu holat tarixdagi eng kuchli El-Nino hodisalaridan biri bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Biroq idora vakillari bu vaziyat vahima uchun sabab emasligini ham qayd etdi.

NOAA Milliy ob-havo xizmati direktori Ken Gremning ta’kidlashicha, har bir El-Nino o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi va ularning ta’siri bir xil kechmaydi. Zamonaviy kuzatuv tizimlari hamda ilmiy tahlillar tufayli ehtimoliy o‘zgarishlarni oldindan aniqlash va aholini tayyorlash imkoniyatlari kengaygan.

Olimlar ayniqsa akulalar soni va turlari o‘zgarishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Faqat oq akulalar emas, balki yo‘lbars akulalari, buqa akulalari va bolg‘abosh akulalar ham yangi hududlarda paydo bo‘lishi kutilmoqda. Kaliforniya shtati universiteti professori Kris Louning aytishicha, yosh oq akulalar San-Diyegodagi an’anaviy yashash hududlarini tark eta boshlagan va El-Nino ta’sirida yanada kutilmagan turlar sohillarga yaqinlashishi mumkin.

Mutaxassislar bu faqat akulalar bilan cheklanmasligini ham ta’kidlamoqda. Maxi-maxi baliqlari, ko‘k qanotli tunetslar, dengiz toshbaqalari hamda zaharli dengiz ilonlari kabi tropik jonzotlar ham yangi hududlarda uchrashi mumkin. Kaliforniya universitetining Benioff okean tashabbusi rahbari Duglas MakKoulining fikricha, Kaliforniya suvlarida avval deyarli kuzatilmagan ko‘plab «g‘ayrioddiy tropik jonzotlar» paydo bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Shulardan biri — kuchli zaharga ega sariq qorinli dengiz iloni bo‘lib, u odatda Kaliforniya suvlarida yashamaydi. Olimlar iliq suvlar ta’sirida bunday turlar vaqtincha ushbu hududlarga kirib kelishi mumkinligini aytmoqda.

Bundan tashqari, suv haroratining ko‘tarilishi Pseudo-nitzschia deb nomlanuvchi zaharli suv o‘tlari ko‘payishini ham tezlashtirishi mumkin. Ular ishlab chiqaradigan domoy kislotasi insonlar va dengiz hayvonlari uchun xavfli hisoblanadi. Ilgari 2015 yilda kuzatilgan «The Blob» deb atalgan kuchli dengiz isish hodisasi davrida AQSH g‘arbiy sohillarida qisqichbaqalar va boshqa dengiz mahsulotlari ovi vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Mutaxassislar bu gal ham shunga o‘xshash o‘zgarishlar kuzatilishi mumkinligini istisno etmayapti. Shu bilan birga, akulalar va kitlar sohillarga yaqinlashishi, ayrim baliq turlari, xususan tunes zaxiralari esa ayrim hududlarda ko‘payishi mumkinligi qayd etilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar