Finlyandiya 1 million dona piyodalarga qarshi mina xarid qilmoqchi

Finlyandiya Qurolli kuchlari mamlakatdagi xavfsizlik vaziyatining yomonlashishi sababli mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 1 million dona piyodalarga qarshi mina sotib olishni rejalashtirmoqda. Xarid uchun taxminan 100 million yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda Yle xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Finlyandiya armiyasi minalarni mamlakatning o‘zida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Bu jarayonni 2028 yilgacha amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Finlyandiya Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondonligi polkovnigi Riku Mikkonenning aytishicha, mamlakatda bunday qurollarni ishlab chiqarish imkoniyatiga ega taxminan oltita kompaniya mavjud.
Mazkur reja Finlyandiyaning piyodalarga qarshi minalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqishi ortidan amalga oshirilmoqda. Mamlakatning ushbu xalqaro kelishuvdan chiqishi 2026 yil 10 yanvarda kuchga kirgan. Finlyandiya hukumati qarorni mudofaa ehtiyojlari va xavfsizlik sharoitining o‘zgarishi bilan izohlagan.
Bundan avval Finlyandiya bosh vaziri Petteri Orpo Rossiyani mamlakat va Yevropa xavfsizligi uchun uzoq muddatli tahdid deb atagan edi.
Finlyandiya Ottava konvensiyasidan chiqish to‘g‘risidagi qarorini 2025 yil iyul oyida rasman bildirgan. Ushbu qadamni Rossiya bilan chegaradosh boshqa davlatlar — Estoniya, Latviya, Litva va Polsha ham qo‘llagan.
2026 yil yanvar oyida Finlyandiya mudofaa vaziri Antti Xakkanen piyodalarga qarshi minalarni qaytadan qurolli kuchlar ixtiyoriga qaytarish, ularni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va harbiylarni ushbu qurollardan foydalanishga o‘rgatish rejalarini ma’lum qilgan.
Finlyandiya rasmiylari konvensiyadan chiqish mamlakatning xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha majburiyatlarini bekor qilmasligini ta’kidlagan.






























Izohlar 0
…