Misrlik nasroniy yigit Umra yo‘llanmasini qo‘shnisiga sovg‘a qildi

Misrlik nasroniy yigit Umra yo‘llanmasini qo‘shnisiga sovg‘a qildi

Misrda dinlararo do‘stlik va insonparvarlikning yorqin namunasi aks etgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Nasroniy diniga mansub Mina ismli yigit Qur’on bilimiga oid onlayn tanlovda qatnashib, qo‘lga kiritgan Umra yo‘llanmasini musulmon qo‘shnisi Um Ali yoki Mona ismli ayolga hadya qildi. Bu haqda iNews xabar berdi.

Mina tanlov haqida ijtimoiy tarmoqdagi jonli efir orqali bilgan. Unda uning 20 yildan ortiq vaqtdan beri qo‘shni bo‘lib kelayotgan Um Ali ham ishtirok etgan. Ayol uzoq yillardan buyon Umra ziyoratiga borishni orzu qilgan.

Qo‘shnisining niyatidan xabar topgan Mina unga yordam berishga qaror qilgan. U tanlovda ishtirok etib, imkoniyatini oshirish uchun to‘g‘ri javobni 50–60 martadan ko‘proq yuborgan. Oxir-oqibat, omad unga kulib boqib, Umra yo‘llanmasini yutib olgan.

Biroq Mina mukofotni o‘zi uchun saqlab qolmagan. U yo‘llanmani Um Aliga topshirib, uning uzoq yillik orzusini amalga oshirishga yordam bergan.

Mina Um Ali va uning oilasi bilan munosabatlari oddiy qo‘shnichilikdan ancha yuqori ekanini aytgan. U Um Ali'ni o‘zining opasidek bilishi, uning ota-onasiga esa o‘z oilasidagidek hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishini ta’kidlagan.

Voqea Misr ijtimoiy tarmoqlarida keng muhokama qilinib, ko‘plab foydalanuvchilar Minaning ezgu ishini musulmon va nasroniy qo‘shnilar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va birdamlikning chiroyli namunasi sifatida baholagan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar