Kanadada grizli ayig‘i onaga hujum qildi, 19 yoshli qizi bedarak yo‘qoldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida grizli ayig‘i hujumi oqibatida Jenni Balkarras vafot etdi va uning 19 yoshli qizi bedarak yo‘qoldi.
- Ona va qiziga tegishli avtomobil Bella-Kula shahri yaqinidagi Snuka-Uest sayyohlik yo‘lidan topilgan.
- Hozirda qidiruv-qutqaruv xizmatlari bedarak yo‘qolgan qizni izlash va hujum qilgan hayvonni aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasida grizli ayig‘i hujumi fojia bilan yakunlandi. Yirtqich hayvon hujumi oqibatida bir ayol hayotdan ko‘z yumgan, uning 19 yoshli qizi esa hanuzgacha topilmagan. Hozirda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, Jenni Balkarras va uning qizi dam olish kunlari bedarak yo‘qolgan. Ulardan darak bo‘lmagach, yaqinlari mustaqil ravishda qidiruv ishlarini boshlagan. Keyinchalik ayol va qiziga tegishli avtomobil Bella-Kula shahri yaqinidagi sayyohlik yo‘li boshlanish nuqtasidan aniqlangan.
Fojiali hodisa provinsiyaning markaziy sohilida, Bella-Kula shahridan taxminan 8 kilometr sharqda joylashgan Snuka-Uest sayyohlik yo‘li hududida sodir bo‘lgan. 1 noyabr kuni qidiruv ishlarida ishtirok etayotgan tabiatni muhofaza qilish xizmati xodimlari ayolning jasadini topgan. Uning 19 yoshli qizini izlash esa hanuz davom etmoqda.
Mahalliy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hududda grizli ayiqlarining insonlarga hujum qilishi kamdan-kam kuzatiladi. Biroq o‘tgan yilning noyabr oyida ham shu atrofda ayiq maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilariga tashlangan. O‘shanda 11 kishi jarohat olgan. Yirtqich o‘rmondan chiqib, sayr yo‘lagi yonida ovqatlanayotgan o‘quvchilar guruhiga hujum qilgan edi. Katta qidiruv ishlariga qaramay, uni topishning imkoni bo‘lmagan.
Nuxalk xalqi yetakchisi Samuel Shunerning ma’lum qilishicha, hozirda mazkur hodisaga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan ayiqni aniqlash uchun maxsus tuzoqlar o‘rnatilmoqda. Shuningdek, u ommaviy axborot vositalari vakillaridan mahalliy aholi bilan bog‘lanmaslikni so‘ragan.
Ayni paytda asosiy e’tibor bedarak yo‘qolgan 19 yoshli qizni topish va hodisaga sabab bo‘lgan hayvonni aniqlashga qaratilgan.






























Izohlar 0
…