09:30 / 01.02.2018
5 042

Camarqandlik muhojir: "Qishlog‘imda masjid va bolalar bog‘chasi qurishni niyat qilganman" (video)

Cамарқандлик муҳожир: "Қишлоғимда масжид ва болалар боғчаси қуришни ният қилганман" (видео)
«Daryo» internet-nashri «Muhojirlar hayoti» loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarimizdan birining fikrlarini e’lon qildi. E’lon qilinayotgan bu fikrlarda mehnat muhojirlari uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘lida bugun boshlangan ishlar, o‘zgarishlar uchun taklif o‘laroq jaranglagan izohlar ham yo‘q emas.

E’lon qilinayotgan navbatdagi monolog — Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 1,5 yildan beri mehnat qilayotgan samarqandlik yigitning fikrlari (uni «Daryo» muharriri Dilshod Sharipov yozib olgan). Uning iltimosiga ko‘ra, ismi-sharifi va uning shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmadi, matn juz’iy tahrirlarga uchradi.

1995 yili Samarqandning Oqdaryo tumanida tug‘ilganman. Bir yarim yildan beri Sankt-Peterburgda yashab, ishlayapman. Bu yerga qarindoshlarim va mahalladoshlarim bilan kelganman. Rossiyaga kelishdan oldin somsaxonada ishlaganman. Kollejni buxgalterlik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlaganman.

Bu — Rossiyaga ikkinchi safar kelishim. Har ikki safar ham 350 dollardan chipta olib, samolyotda uchib kelganman. Birinchi marta 2016 yilning avgustida kelgandim. Orada bir marta, uch oy Samarqandda bo‘lib qaytdim.

Rossiyaga kelganimdan buyon faqat bir joyda — fermada ishlayman. Fermada 12 ta qoramol, 40 dan ortiq qo‘y hamda 100 dan ziyod tovuq va kurka bor. Shularga qarayman. Ish unchalik og‘ir emas, bir kunda ko‘pi bilan 8 soat ishlayman. Bu ishni bir hamqishlog‘im topib bergan. Oyiga 450—500 dollar ish haqi olaman.

Ferma egasi — rossiyalik, juda yaxshi inson. Yashash uchun ikki xonali kvartira ajratgan. Bu kvartirada akam va ikki qarindoshim bilan birga turamiz. Ular qurilishda, kuniga 12 soatdan ishlaydi. Yashash joyimizda barcha sharoitlar — gaz, elektr, televizor, internet bor. Yeyish-ichish uchun ham hamma narsa bor, kiyim-kechak yetarli.

Boshlig‘im prorablik ham qiladi, akam va qarindoshlarimga qurilishdan ish topib beradi. Shuning uchun ularning men bilan bir kvartirada turishiga ruxsat bergan. Kvartiraga pul to‘lamaymiz, faqat patent uchun har oy 3500 rubl to‘laymiz, xolos. Ish haqimni xo‘jayinimning o‘zi O‘zbekistonga yuboradi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixona va konsulliklariga hech ishim tushmagan, chunki hamma hujjatlarimni boshlig‘im to‘g‘rilab bergan.

Men bilan tengdosh oqdaryolik bir o‘rtog‘im uch yildan beri Rossiyada ishlab kelayotgandi. 2017 yil dekabrida, qurilishda ishlayotganida olti metr balandlikdan yiqilib, umurtqa suyagi bo‘linib ketdi. Tez yordam mashinasida shifoxonaga olib borishdi, zudlik bilan operatsiya qilindi. Operatsiyadan so‘ng qimirlamay yotdi. 15-20 kuncha ahvoli yaxshi edi, so‘ng oshqozoni ovqat hazm qilmay qo‘ydi... 24 yanvar kuni olamdan o‘tdi. Do‘stim uy qilay, to‘y qilay deb, uch yildan beri Rossiyada ishlayotgandi...

Rossiyadagi vatandoshlarimizning bari pul topay, uy-joyimni to‘g‘rilay, to‘y qilay degan dardda yuribdi. Masalan, biz ham akamga uy qurishimiz, o‘zim esa uylanishim kerak. Lekin O‘zbekistonda oyiga 450 dollar ishlay olishimga ko‘zim yetmaydi. Buncha pulni nima ish qilib topish mumkinligini ham hech o‘ylab ko‘rmaganman. O‘sha pulning yarmini topsam ham qaytardim, chunki ota-onam, yaqinlarimning bag‘rida bo‘lardim.

Samolyot chiptalari narxini tushirish — biz kabilar uchun eng asosiy yordam bo‘lardi, avtobus reyslarini esa yopish kerak. Men ham Qozog‘istonda bo‘lganman. Qozog‘iston orqali kelayotgan yurtdoshlarimizni yo‘lda tunashadi, chegarada qiynashadi, aldab pulini olishadi. Militsionerlar poyezdlarga chiqib, pul so‘raydi, bizning soddadil odamlarimiz esa jonini asrash uchun qo‘rqqanidan pul beradi. Agar Rossiyaga avtobuslar qatnovi to‘xtatilib, samolyot chiptalari arzon qilinsa, biz uchun bundan ortiq baxt yo‘q.

Oqdaryo tumanidagi Qoratuxum, Rovotcha, Qurilish va Qorateri qishloqlariga bitta masjid va bitta bolalar bog‘chasi kerak. Bularni to‘rt qishloq hashar yo‘li bilan ham qurib olishi mumkin. Xudo xohlasa, eson-omon, sog‘-salomat yurtimga qaytsam, kerakli idoralarga chiqib, qishloqlarimiz uchun masjid va bolalar bog‘chasi qurishga kirishaman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Camarqandlik muhojir: "Qishlog‘imda masjid va bolalar bog‘chasi qurishni niyat qilganman" (video)