01:03 / 12.11.2018
4 101

Putin Tramp bilan uchrashuv oldidan intervyu berdi

Putin Tramp bilan uchrashuv oldidan intervyu berdi
Birinchi jahon urushi tugaganining yuz yilligiga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish uchun Parijga borgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin RT France telekanaliga ekslyuziv intervyu berdi.

Xususan, Rossiya yetakchisi Fransiya prezidentining Umumevropa armiyasini tuzish bo‘yicha tashabbusini izohladi. Putin YeIning o‘z xavfsizligini o‘z kuchlari yordamida ta’minlash istagini tushunarli va tabiiy, deb atadi.

«Muqobil qurolli kuchlar masalasiga kelsak, bu g‘oya yangilik emas, prezident Makron unga qayta jon bag‘ishladi, lekin menga buni avvalgi prezidentlardan biri Jak Shirak ham aytgan edi, ungacha ham bu g‘oyalar bo‘lgan. Prinsip nuqtai nazaridan Yevropa — qudratli iqtisodiy tuzilma, ularning mudofaa va xavfsizlik sohasida mustaqil, o‘zini o‘zi ta’minlovchi va suveren bo‘lishni istashi tabiiy hol», — dedi Putin RT France’ga bergan intervyusida.

Putin «dunyoning ko‘pqutbli bo‘lishini ta’minlash nuqtai nazarida mazkur protsessni ijobiy deb baholashi»ni ta’kidlab o‘tdi.

«Bu ma’noda bizning pozitsiyamiz Fransiyanikiga mos tushadi», — deya qo‘shimcha qildi Putin.

AQSh bilan munosabatlar

Rossiya prezidenti Moskva Vashington bilan to‘liq miqyosdagi, jumladan, o‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘yicha shartnoma masalasida ham muzokaralar jarayoni qayta tiklanishidan umid qilayotganini bildirdi.

«Har qanday holatda Rossiya muloqotga tayyor, axir o‘rta va kichik masofadagi raketalar bo‘yicha shartnomadan biz emas, amerikaliklar chiqib ketishni rejalashtirmoqda. Ular ham, biz ham muloqotni tiklashdan manfaatdormiz. Muloqotlar oliy yoki yuqori darajada emas, eskspertlar darajasida olib borilishi ham muhim. Umid qilamanki, bu to‘liq miqyosli muzokara jarayoni tiklanadi», — degan Putin.

Putin Rossiya Shimoliy Atlantika alyansi mamlakatlari chegarasida yirik miqyosdagi harbiy mashqlar o‘tkazmaslikka intilayotganini eslatdi.

«Harbiy mashqlarga kelsak, biz ularni o‘tkazmoqdamiz, lekin NATO mamlakatlari chegarasi yaqinida yirik miqyosli mashqlar o‘tkazmaslikka intilib kelmoqdamiz. So‘nggi yirik mashqlarimiz sharqda, NATO mamlakatlari chegarasidan minglab kilometr uzoqlikda bo‘lib o‘tdi», — degan Putin o‘z intervyusida.

«Umuman olganda, biz bunga xotirjam munosabatdamiz. Umid qilamizki, doimo ehtiyoj bo‘lgan muloqot bu yerda ham o‘zining ijobiy rolini o‘ynaydi», — deya fikrini yakunlagan Putin.

OAV bilan ishlash

Rossiya prezidenti o‘zining ommaviy axborot vositalariga munosabatini ham aytib berdi. Uning fikricha «yaxshi va yomon» OAV bo‘yicha ro‘yxatlar tuzish va fikrlarni inobatga olishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va uning demokratiya bilan umumiy jihati yo‘q.

«Agar biz mamlakatimiz fuqarolarining axborotga, uning iste’molchilariga erkin ega bo‘lish prinsipini amalga oshirmoqchi bo‘lsak, nimalarnidir ma’muriy yo‘l bilan yopish, nimalarnidir siyosiy va ma’muriy tuzilmalar bilan cheklashga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Agar biz nimanidir noto‘g‘ri deb bilsak, o‘z nuqtai nazarimizni taqdim etishimiz, tomoshabinlar, tinglovchilar, internet foydalanuvchilariga qayerda haqiqat, qayerda yolg‘on ko‘rsatilayotganini aniqlash, qaror qabul qilishga imkoniyat yaratishimiz kerak», — degan Putin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin Tramp bilan uchrashuv oldidan intervyu berdi