07:48 / 24.05.2019
3 924

Salmon Avda qamoqqa olinishining haqiqiy sabablari (1-qism)

Salmon Avda qamoqqa olinishining haqiqiy sabablari (1-qism)
Shayx Salmon Avda «Arab bahori» boshlanganidan beri ilk marta 2016 yilda xorijga chiqdi. Unga Saudiya Arabistonini tark etish taqiqlangan, biroq hokimiyatga yangi kelgan qirol Salmon bu taqiqni olib tashlagan edi. Avda ko‘p o‘tmay – 2017 yilning yanvarida yana vataniga qaytdi. Bu safar o‘z ixtiyori bilan emas, balki ayoli va o‘g‘li halok bo‘lgani sababli keldi: ular avtohalokatga uchragan edi.

Shunday qilib, qirollikdagi uyg‘onish harakatining ramzlaridan biri va juda katta obro‘ga ega shayx Salmon vataniga qaytdi. Uni Saudiya xalqi, qirollik oilasi a’zolari, hukumat rahbarlari – qirol Salmon, Muhammmad ibn Noyif va Muhammad ibn Salmon ham ta’ziya bildirib qarshi olishdi. Hukumatning ko‘plab vakillari Salmon Avdaga ta’ziya izhor qilib, yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Lekin bu zohiriy ko‘rinish edi, xolos. Tez orada barchasi butkul o‘zgardi.

Muhammad ibn Salmon valiahd bo‘lib, hukumat tizginini qo‘lga olganidan so‘ng Salmon Avdaga mamlakatni tark etish taqiqlandi. Ketma-ket taqiqlar ortidan u qamaladigan bo‘ldi. Bosh prokuratura unga terror bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yib, uni jazolashni talab qildi.

Xo‘sh, Salmon Avdani nega qamoqqa tiqishdi? Shayx 2017 yilning 8 sentyabrda, ya’ni «Qatar qamali» davom etayotgan bir paytda 14 milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan Tvitterdagi shaxsiy sahifasida quyidagi duoni e’lon qildi: “ Sen(ing Rahmating) ila Sen(ing uqubating)dan panoh tilayman. Senga Sen O‘zingga sano aytganingdek sano ayta olmayman. Allohim, ularning qalblarini xalqlari uchun yaxshi bo‘lgan narsaga muvofiq qil”.

Bunda «Qatar qamali» ortidan Saudiya Arabistoni va Qatar o‘rtasiga tushgan sovuqlikka va oradagi kelishmovchiliklarni o‘zaro tushunish orqali hal qilishga urinish kerakligiga ishora bor edi.

Saudiya hukumati bu ortidan shayxdan Xavfsizlik markazi binosiga borishini talab qilgan. Shayxning o‘g‘li Abdullohning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda uning ko‘zlarini bog‘lab, qo‘llariga kishan urib qamoqqa olib ketishgan. Uni ikkiga ikki metr kameraga qamab qo‘yishgan. O‘sha kundan beri qamoqxonada saqlanyapti.

Shayx Salmon Avdaga nisbatan Saudiya Arabistoni Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 37 ta bir-biridan «ajoyib» ayblovlarni e’lon qildi. Bu ayblovlar kuzatuvchilar va huquq faollarining keng muhokamasiga sabab bo‘ldi. «Ajabtovur» ayblovlarning eng ko‘zga ko‘ringanlari orasida podshohni yetarlicha duo qilmaslik, shayx Yusuf Qarzoviy kitoblarini uyida saqlash, Qarzoviy boshchilik qiladigan Butun dunyo ulamolari ittifoqi va Yevropa fatvo kengashi tashkilotlariga a’zo bo‘lish, bir nechta islomiy tashkilotlar, xususan, Quvaytda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tuhmatlardan himoyalash maqsadida “Nusrat” tashkilotini tuzish kabilar bor. Ushbu «ayblov»lar tufayli Bosh prokuratura shayx Salmon Avdani o‘lim jazosiga haqli deb hisoblaydi.

Shayxga qo‘yilgan ayblovlar huquqshunoslar va advokatlarning e’tiborini tortdi, ular ayblovlarni safsata deb baholashdi. Ijtimoiy tarmoqlarda «Salmon Avda terrorchi emas» xeshtegi ostida kampaniya boshlandi.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Salmon Avda qamoqqa olinishining haqiqiy sabablari (1-qism)