Rodri raqib taktikasidan norozi: Ispaniya JCh-2026 debyutida ochko yoʻqotdi

Rodri raqib taktikasidan norozi: Ispaniya JCh-2026 debyutida ochko yoʻqotdi

Futbol boʻyicha amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatini kutilmagan natija bilan boshladi. Guruh bosqichining ilk turida Luis de la Fuente shogirdlari turnir debyutanti hisoblangan Kabo-Verde terma jamoasi bilan nursiz durangga (0:0) imzo chekdi. Dunyo yulduzlaridan tarkib topgan "Qizil furiya" butun oʻyin davomida ustunlik qilgan boʻlsa-da, afrikaliklarning mustahkam mudofaasini yorib oʻta olmadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Uchrashuvdan soʻng Ispaniya terma jamoasi sardori Rodri raqibning oʻyin uslubini keskin tanqid ostiga oldi. Manchester Siti yarim himoyachisi Kabo-Verdening haddan tashqari himoyaviy taktikasi oʻyin sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatganini taʼkidladi. Uning fikricha, raqib jamoa futbol oʻynashdan koʻra, oʻz jarima maydonchasi atrofida jon saqlashni afzal koʻrgan.

"Ular hatto maydon markazidan oʻtishmadi"

Rodri La 1 telekanaliga bergan intervyusida oʻz noroziligini yashirib oʻtirmadi. "Biz bunday oʻyinlarda sabr-toqat kerakligini bilar edik. Ular juda tez himoyaga qaytib, oʻz darvozalari oldiga 'avtobus' qoʻyib olishdi. Bizda vaziyatlar boʻldi, ammo ulardan foydalana olmadik. Eng ijobiy tomoni shundaki, raqib bizning darvozamiz oldida deyarli hech narsa yarata olmadi", — dedi tajribali futbolchi.

Shuningdek, Rodri raqibning ambitsiyalari yoʻqligiga ham toʻxtalib oʻtdi: "Ularning oʻyin uslubi shunaqa — ular hatto maydon markazidan ham oʻtishmadi. Endi biz asosiy eʼtiborni hujumlarni yakunlash mahoratini oshirishga qaratishimiz lozim". Maʼlumot uchun, Ispaniya Mercedes-Benz Stadium maydonida oʻtgan bahsda toʻp nazorati boʻyicha mutlaq ustunlikka ega boʻlgan.

Oʻyin davomida Ferran Torresning zarbasi darvoza toʻsiniga tegib qaytdi, boshqa bir qator hujumlarda esa ispanlarga aniqlik yetishmadi. Hatto uchrashuv yakunlanishiga 20 daqiqa qolganida Barselona yulduzi Lamine Yamalning maydonga tushishi ham oʻyin taqdirini oʻzgartira olmadi. Dunyo reytingida 65-oʻrinni egallab turgan Kabo-Verde uchun bu natija haqiqiy qahramonlikka teng boʻldi.

Kabo-Verde lagerida bayram

Ispaniyaliklar tushkunlikka tushgan bir paytda, bor-yoʻgʻi 525 ming aholiga ega Kabo-Verde davlati vakillari durangni gʻalaba kabi nishonlashdi. Oʻyin qahramoniga aylangan 40 yoshli darvozabon Vozinha oʻzining 90-uchrashuvida bir nechta seyvlar ijro etib, jamoasini goldan saqlab qoldi. Uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan faxriy posbon koʻzda yosh bilan ushbu natija ular uchun katta orzu boʻlganini maʼlum qildi.

Yevropa chempionlari uchun ushbu durang keyingi bosqich yoʻlida qoʻshimcha bosim yuklaydi. Endilikda Luis de la Fuente jamoasi guruhdagi qolgan oʻyinlarda maksimal natija qayd etishi shart. Kabo-Verde esa oʻzining debyut JChidagi ilk ochkosini qoʻlga kiritib, turnirning asosiy sensatsiyalaridan birini qayd etdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar