09:17 / 01.07.2020
2 089

Xitoy Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. AQSH bunga qarshi chiqqandi

Xitoy Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. AQSH bunga qarshi chiqqandi
Foto: Reuters
Qonun chiqaruvchi hokimiyat bo‘lgan Butunxitoy Xalq vakillari kengashining Doimiy qo‘mitasi Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi, deb xabar bermoqda South China Morning Post (SCMP) o‘z manbalariga tayanib.

Shunday xabar RTHK teleradiokompaniyasida ham paydo bo‘lgan.

SCMP’ning qayd etishicha, qonun yig‘ilish boshlanganidan 15 daqiqa o‘tib qo‘mita a’zolarining 162 nafari tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. U 1 iyuldan kuchga kirishi kutilmoqda.

Qonun tafsilotlari keyinchalik Sinxua nashri tomonidan e’lon qilinadi. Nashrning yozishicha, qonun matni birinchi marta jamoatchilikka taqdim etiladi.

Yangi qonun davlat hokimiyatiga tahdidlarning oldini olish, jumladan, g‘alamislik, terrorizm, hokimiyatni susaytirish va tashqi kuchlarning Gonkong ishlariga aralashishining oldini olishga qaratilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, qonunda belgilangan qoidalarni buzganlik uchun keskin jazolar, shu jumladan, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSH ushbu qonun qabul qilinishiga qarshi chiqqandi. Donald Tramp Xitoyning Gonkong avtonomiyasini cheklash harakatlaridan norozi ekanligini va bu holatda «erkin shahar» xalqaro moliyaviy markaz maqomini saqlab qololmasligini bildirgan, Trampning iqtisodiy maslahatchisi Larri Kudlou «Xitoy katta xatoga yo‘l qo‘ymoqda», deb aytgandi. AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo esa Xitoyning Gonkongdagi xatti-harakatlarini Ikkinchi Jahon urushi davridagi natsist Germaniyasiga taqqoslagan.

Qonun qabul qilingudek bo‘lsa, AQSH Xitoy va Gonkongga qarshi sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qilgandi. Xitoy esa AQSH Gonkong ishlariga aralashishni davom etsa, bunga qarshi zaruriy choralarni ko‘rishga tayyorligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Gonkong Xitoy tarkibiga 1997 yilda qaytgan. Ungacha Buyuk Britaniya tomonidan boshqarilgan. Xitoy va Gonkongning qo‘shma deklaratsiyasiga binoan, shaharga 50 yil davomida keng avtonomiya va’da qilingan. Ushbu maqom tufayli Gonkong AQSH bilan erkin aloqalar o‘rnatgan. Buyuk Britaniya Xitoyni Gonkong avtonomiyasini hurmat qilishga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy Gonkongda milliy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. AQSH bunga qarshi chiqqandi