09:09 / 11.07.2020
1 770

Bonni va Klayd jinoyat yo‘lida biplashgan oshiqlap

Bonni va Klayd jinoyat yo‘lida biplashgan oshiqlap
Jinoyat olamida o‘z qilmishlari bilan dong taratgan juftliklar haqida eshitganmiz, jahon kino ustalari yaratgan filmlarni tomosha qilganmiz. Albatta, ular ko‘z o‘ngimizda qahramon sifatida emas, adashgan kimsalar sifatida gavdalanadi.

Bonni Parker va Klayd Berrov buyuk depressiya davrida ikki yillik jinoyatchilik safarini boshlagan juftlik. Bu davrda Amerika aholisi hukumatga dushmanlarcha qarayotgan edi, Bonni va Klayd esa bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalangan. Robin Gudga taqlid qilgan yoshlar xalqning nazarida yo‘ldagi yosh sevishganlar edi.

Qanday tanishishgan?
1930 yilning yanvar oyi. Bonni va Klayd umumiy do‘stlarining uyida uchrashib qolishadi. U paytda Bonni 19 yashar bo‘lib, turmush o‘rtog‘i qotillik jinoyatini sodir etgani uchun panjara ortida edi. Klayd esa 20 yosh bo‘lib, hali uylanmagan yigit edi. Ular tezda til topishadi. Lekin munosabatlar endi kurtak yozayotganida, bir necha haftadan so‘ng Klayd avvalgi jinoyatlari uchun hibsga olinadi.

Bonni bu holatga jim qarab turmaydi. Uni qutqarib olish rejasini tuza boshlaydi. O‘sha yilning 11 mart kuni Klayd qiz o‘rtog‘ining yashirincha olib kirgan quroli yordamida qamoqdan qochishga erishadi. Ammo ozodlikda ko‘p yurmaydi. Bir haftadan keyin yana qo‘lga tushib, 14 yilga «kesiladi». Klaydni shafqatsizligi uchun mashhur Isthem qamoqxonasiga yuborishadi. U yerda hayot chidab bo‘lmas darajada bo‘lgani uchun Klayd qochib ketish harakatida yuradi. U kameradoshidan oyog‘idagi ikkita barmog‘ini bolta bilan chopib tashlashni so‘raydi. Ammo barchasi u o‘ylagandek bo‘lib chiqmaydi. Chunki o‘sha yilning fevral oyida Klayd muddatidan oldin ozod qilinadi. Bekorga barmoqlaridan ayrilgani qoladi.

U ozodlikka chiqib, Bonni bilan yana topishadi va jinoiy hayotini davom ettiradi.

Politsiyaning «qiziqishi»
Federal razvedka byurosi (u paytda tergov byurosi deb nomlangan) yakka dalil tufayli Bonni va Klaydga qiziqish bildiradi. Bu dalil Oklaxomadagi o‘g‘irlangan «Ford» avtomobili bo‘lib, u Michigan shtatida topilgan. Tintuv jarayonida mashinadan dori shishasi olingan edi. Bu shisha maxsus agentlarni Texas shtati Nakodoches shahridagi dorixonaga olib boradi va u yerda olingan ma’lumotlarga ko‘ra shisha Klayd Berrovning xolasiga tegishliligi ma’lum bo‘ladi. Tekshiruv shuni ko‘rsatadiki, shishaning egasi bo‘lgan ayolnikiga yaqinda Klayd Berrov, Bonni Parker va Klaydning akasi L.Berrov kelgan bo‘lib, ular o‘g‘irlangan «Ford»ga o‘xshash avtomobilda yurishgan. Shu tariqa 1933 yil 20 may kuni FRB ularning iziga tushadi.

Ikki oshiq Texas, Oklaxoma, Missuri, Luiziana va Yangi Meksika bo‘ylab bank, savdo do‘konlari, yonilg‘i quyish shoxobchalarini tunab yurishardi. Ular shtatlar chegarasida talonchilik qilishardi. Sababi oddiy, o‘g‘irlik qilib, qo‘shni shtat hududiga o‘tib olinsa bo‘lgani, ularni ta’qib qilayotgan politsiyachilarning vakolati boshqa shtatga o‘tganda tugardi. Klayd avtomobil va ularning raqamlarini xuddi paypoq almashtirganday tez-tez o‘zgartirardi. Bu ham ko‘zga tashlanmaslikning bir usuli edi.

Albatta, politsiya soyadek ergashib yuradigan kimsalar uchun o‘z yaqinlari bilan uchrashish oson emas. Bonni va Klayd bilan ham shunday bo‘lardi. Ular o‘z oilalarini ko‘rish uchun Dallasga tez-tez kelib turishardi. Bonni onasi bilan, Klayd esa onasi va singlisi bilan ko‘rishishga harakat qilar edi. Lekin bu uchrashuvlarda ular bir necha marta pistirmaga duch kelib, arang qochib qutulishgan.

Jinoiy to‘daning kengayishi
Ular asta-sekin guruhga yangi a’zolarni qabul qilishadi. 1932 yili Bonni va Klayd yosh qurolchi Raymond Hamilton bilan sayohat qilishni boshlashadi. Hamilton bir necha oydan keyin kelishmovchilik tufayli guruhni tark yetadi va shu yilning noyabr oyida uning o‘rnini Villiam Deniel Jons egallaydi.

Klaydning akasi Ivan Bak Berrov 1933 yil 23 martda gubernator tomonidan avf etilib, Texas shtati qamoqxonasidan ozod qilinadi. U tezda Klaydning guruhiga qo‘shiladi va rafiqasi Blanshni o‘zi bilan olib keladi, shu tariqa guruhda besh odam yig‘iladi.

Politsiya ularni qotillik, mashina o‘g‘irlash, banklarni, o‘nlab do‘kon va yonilg‘i quyish stansiyalarini talashda ayblab ta’qib etsa-da, ular Bak va uning rafiqasi bilan topishganini nishonlash uchun Juplin shahridagi xonadonni ijaraga olishadi. Ikki haftalik o‘yin­kulgidan so‘ng 13 aprel kuni Klayd ikkita politsiya avtomobili ular turgan joy yaqinida to‘xtaganini payqaydi. Otishma boshlanadi. Natijada bitta politsiyachi o‘ldiriladi, bittasi jarohatlanadi, Bonni, Klayd, Bak, Jons va Blansh esa qochib qutuladi.

Politsiya ular turgan xonadondan ancha narsa topadi, ular orasida Bonni va Klaydning qurol ushlab turgan mashhur rasmlari ham bor edi.
1933 yilning iyun oyida Vellington yaqinida yuz bergan baxtsiz hodisa sabab Bonnining oyog‘i akkumulator kislotasi oqishi oqibatida yomon kuyib, shundan so‘ng u hech qachon to‘g‘ri qadam tashlay olmay qoladi.

Mayxonadagi to‘qnashuv
Mazkur voqeadan bir oy o‘tgach, Bonni, Klayd, Bak, Blansh va Jons Plate shahridagi «Red Kravn» mayxonasida ikkita xonani ijaraga olishadi. 1933 yil 19 iyul kuni politsiya bundan xabar topib, ularni qurshab oladi. Kechasi 23:00 lar atrofida o‘rtada otishma boshlanadi. Bu to‘qnashuvda Bak va Klaydning akasi og‘ir jarohatlanadi. Guruhning qolgan a’zolari esa juftakni rostlab qolishadi.

Katta jang
Klayd o‘sha kechasi va ertasiga kun bo‘yi mashinani to‘xtamasdan haydab boradi. Faqat shinalarni almashtirish va ko‘proq bint olish uchungina bir-ikki daqiqa avtomobilga tin berardi. Oxiri yo‘l yurib tinkasi qurigan guruh Dekstr shahridagi Deksfild parkida dam olish uchun to‘xtaydi. Bu orada qonli bintlarni topib olgan mahalliy fermer politsiyani ogohlantiradi. Tez orada 100 dan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va mahalliy fermerlar yig‘ilib, ularni qurshab oladi. Navbatdagi to‘qnashuv ham talofatsiz bo‘lmaydi. Bak jarohati tufayli harakatlana olmaydi va otishmada halok bo‘ladi. Blansh esa qo‘lga olinadi. O‘tda yonmas, suvda cho‘kmas Klayd va Bonni ajal og‘zidan ham qochib qutulishadi. Ular bilan birga Jonsga ham omad kulib boqadi. Ammo u mazkur hodisadan so‘ng guruhni butunlay tark etadi.

Sarguzashtlarning ayanchli yakuni
Jinoiy to‘dani tark etgan Jons 1933 yilning noyabr oyida hibsga olinadi hamda Bonni va Klayd haqida bilgan hamma ma’lumotlarini aytib berishga majbur bo‘ladi. So‘roq davomida Klayd va uning oilasi o‘rtasida yaqin aloqa borligi ma’lum bo‘lib qoladi. Bu ma’lumot asosida politsiya ularning oilalarini kuzatib borish, Klayd va Bonni ular bilan bog‘lanishga uringanda ularga pis­tirma qo‘yish rejasini ishlab chiqadi. Ammo Klayd va Bonni bunday pistirmalardan bir necha marta omon qolishadi.

Va nihoyat Bonni va Klaydni tutish uchun qulay imkoniyat yuzaga keladi. Sababi guruhga yangi qo‘shilgan Henri bilan uning otasini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan uchovlonning yo‘nalishini hisobga olgan holda politsiya yo‘lga pis­tirma qo‘yadi. Bu orada Henri guruhdan ajralib, avvalroq pistirma hududidan o‘tib ketgan edi.

1934 yilning 23 may kuni ertalab soat 9:15 larda Klayd yo‘lda Henrining otasiga tegishli yuk mashinasini payqashi bilan sekinlasha boshlaydi. Lekin shu zahoti politsiya xodimlari yashiringan joylaridan chiqib, ularni o‘qqa tutishga tushadi. Politsiya ularning avtomobiliga 130 martadan ko‘proq o‘q uzadi. Natijada Bonni va Klayd halok bo‘ladi. Ularning jasadi Dallacga olib kelinadi va ommaga namoyish etiladi. Mashhur juftlikni ko‘rish uchun olomon to‘planadi. Bonni Klayd bilan birga dafn etilishini iltimos qilgan bo‘lsa ham, ular oilalarining xohishiga ko‘ra alohida qabristonlarga ko‘milgan.

Bu ikki juftlik avtomobil o‘g‘irlash bilan birga boshqa jinoyatlarni ham sodir etganlikda gumon qilingan. Ular 13 ta qotillik va juda ko‘p talonchilik va o‘g‘irliklarni sodir etishgan.

Manba: Huquq.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)