23:44 / 13.07.2020
2 769

Tadqiqot: maktablar qayta ochilsa, o‘quvchilar asosiy virus tarqatuvchi bo‘lmasligi mumkin

Tadqiqot: maktablar qayta ochilsa, o‘quvchilar asosiy virus tarqatuvchi bo‘lmasligi mumkin
Germaniyada 2 ming nafar o‘quvchi va o‘qituvchidan antitanalar uchun test olindi. Natijalarga ko‘ra, ularning juda kamchiligida koronavirusga qarshi antitanalar borligi ma’lum bo‘ldi. Bu esa maktablar ko‘pchilik qo‘rqqanidek virus tarqatuvchi asosiy nuqtalar bo‘lmasligini ko‘rsatdi.

Germaniya may oyidan boshlab maktablarni ochgan bo‘lishiga qaramay, parallel ravishda o‘quvchilar uydagi keksalar va yoshi katta o‘quvchilar, xodimlar uchun virus tarqatuvchi manba bo‘lishi ehtimoli haqida bahslar davom etayotgandi.

Reuters nashrining yozishicha, Drezden universiteti bu kabi taxminlarga aniqlik kiritish uchun may va iyun oyida Drezden shahri, Bautsen va Gyorlis tumanlaridagi 14-18 yosh oralig‘idagi 1,5 ming o‘quvchidan hamda 13 maktabning 500 o‘quvchisidan qon tahlillarini oldi.

Universitet shifoxonasi vakili Reynxard Bernerning ta’kidlashicha, test qilingan 2 ming odamning faqat 12 nafarida antitanalar borligi aniqlangan. Va tadqiqotning dastlabki natijalari koronavirus tarqalishida maktab bolalarining asosiy rol o‘ynashi haqidagi taxminni yo‘qqa chiqargan.

Bernerning aytishiga qaraganda, bolalar koronavirus tarqalishida hatto tormoz vazifasini ham bajarishi mumkin. Maktablar ham virus tarqatishda yetakchi rolni o‘ynamaydi, hatto xonadonlarda ham virus tarqalishi ilgari kutilganidan kamroq tezlikda ekani kuzatilmoqda.

Saksoniya ta’lim vaziri Kristian Pivarz tadqiqot shtatdagi maktablarning yozgi ta’tildan keyin, avgustda qayta ochilishi mumkinligini ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan. Bunda, albatta, o‘quvchilarning ma’lum sharoitda darslarga qatnashi nazorat qilinadi. Jumladan, bolalar maktablarda tibbiy niqobda bo‘lishi, ijtimoiy masofa saqlashi kerak bo‘ladi.

Bernerning qayd etishicha, virus tarqalish tezligi nisbatan past bo‘lgan Saksoniyada o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan bu tadqiqot Germaniyaning boshqa hududlari uchun ham namuna bo‘la oladi. Masalan, davlatning virus tarqalish tezligi yuqori bo‘lmagan boshqa hududlarida ham Saksoniya tadqiqoti asosida maktablarni qayta ochish mumkin.

Germaniyada 13 iyul holatiga ko‘ra, 200 ming 47 ta koronavirusdan zararlanish va 9135 ta o‘lim holati qayd etilgan, hozirgacha 185100 kishi tuzalgan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tadqiqot: maktablar qayta ochilsa, o‘quvchilar asosiy virus tarqatuvchi bo‘lmasligi mumkin