10:53 / 13.10.2020
2 110

Oq uy tomonidan beriladigan yordam evaziga 200 dan ortiq kompaniya Donald Trampga bir necha million dollar to‘lagani aniqlandi

Oq uy tomonidan beriladigan yordam evaziga 200 dan ortiq kompaniya Donald Trampga bir necha million dollar to‘lagani aniqlandi
Foto: Getty Images
The New York Times gazetasi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, 200 dan ortiq kompaniya, birlashma va xorijiy hukumatlar AQSH prezidenti Donald Trampga bir necha million dollar to‘lagan va buning evaziga davlat rahbari va uning ma’muriyatidan turli yordamlar olgan. Bu haqda «RBK» xabar berdi.

Gazeta Trampning soliq deklaratsiyasi, Florida shtatidagi unga tegishli Mar-a-Lago xususiy qarorgohi va Nyu-Jersi shtatidagi Bedminster shahrida joylashgan prezident golf klubi a’zolarining ro‘yxatini, shuningdek, boshqa manba va hujjatlarni tahlil qilgan. Mazkur hujjatlar Tramp AQSH prezidenti sifatida ishlagan vaqtida aslida qancha mablag‘ ishlab topganini ko‘rsatgan.

Nashrning qayd etishicha, Tramp ma’muriyatning aniq manfaatlarini ilgari surgan 60 nafar homiy Tramp prezidentligining dastlabki ikki yili davomida Trump Organization kompaniyasi bilan bog‘liq xarajatlar uchun qariyb 12 million dollar sarflagan. Ularning barchasi shaxsiy manfaatlar ilgari surilishiga erishgan.

Gazeta manbalari taxminan 250 nafar kompaniya rahbarlari, klublar a’zolari, lobbistlar, Trampning xizmatchilari va ma’muriyatning amaldagi mansabdor shaxslari bilan muloqot qilgan. Ularning bildirishicha, Oq uy xo‘jayini prezident ma’muriyatiga yordam so‘rab murojaat qilgan «buyurtmachilar» bilan ish olib borgan va hamkorlik qilgan.

The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Trump Organization kompaniyasining mijozlari qatoriga xorijiy siyosatchilar, floridalik magnatlar, xitoylik milliarder, serbiyalik shahzoda, neft sanoati yetakchilari va boshqalar kirgan. Gazetaning ta’kidlashicha, prezidentning ba’zi mijozlari manfaatlari to‘liq qondirilmagan, biroq ular o‘zi uchun zarur bo‘lgan foydani olgan-olmaganligidan qat’iy nazar Tramp har qanday holatda moliyaviy jihatdan yutgan.

Nashrning yozishicha, 70 dan ortiq huquqni himoya qiluvchi guruh, biznes va xorijiy hukumatlar vakillari Trump Organization ob’ektlarida tadbirlar o‘tkazgan. Diniy tashkilotlar ham Trampning mulklarida ibodatlar, banketlar va ekskursiyalar tashkil qilishda qatnashgan.

Avvalroq The New York Times Donald Tramp 10 yildan beri federal daromad solig‘ini to‘lamaganini aniqlagani haqida xabar bergandi, Bunga javoban Donald Tramp so‘nggi yillarda millionlab dollar daromad solig‘ini to‘laganini va bundan qochmaganini aytdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oq uy tomonidan beriladigan yordam evaziga 200 dan ortiq kompaniya Donald Trampga bir necha million dollar to‘lagani aniqlandi