23:26 / 05.11.2020
1 859

AQSHdagi saylovlar: prezidentlik taqdiri to‘rt shtatda hal bo‘ladi, amerikaliklar xavotirda

AQSHdagi saylovlar: prezidentlik taqdiri to‘rt shtatda hal bo‘ladi, amerikaliklar xavotirda
REUTERS / EPA
O‘tgan bir kunda Jo Baydenning AQSH prezidentligiga saylanishi imkoniyatlari ancha oshdi: u bir necha muhim shtatlarda ustunlik qilishda davom etmoqda. Ammo Donald Trampning mag‘lubiyati haqida gapirishga ham hali erta. Saylovlar taqdiri Pensilvaniya, Jorjiya, Arizona va Nevadada hal bo‘ladi, bu hududlarda ovoz berish natijalari hali hisoblab bo‘linmadi.

Jo Bayden hozirgacha 243 delegat ovoziga ega, Donald Trampda - 214 ovoz bor. G‘alaba uchun nomzodlardan biri 270 ovozni o‘ziniki qilishi talab etiladi.

Statistikaga ko‘ra, Jo Baydenga ovoz bergan amerikaliklar soni AQSHning har qanday prezidentiga ovoz berganlar sonidan ko‘p: 71,6 mln kishi. Ekspertlar buni so‘nggi 120 yildagi eng yuqori davomat (qariyb 70 foiz) va demografik vaziyatning dinamik o‘zgarishi bilan izohlashmoqda.

Shu bilan birgalikda, hozirdan aytish mumkinki, respublikachilar Senatdagi ustunlikni saqlab qolishdi. Demokratlarning ulardan 4 o‘rinni tortib olish rejasi amalga oshmadi. O‘z navbatida Vakillar Palatasi demokratlar nazoratida qolmoqda.

Qaysi nomzod g‘olib bo‘lmasin, u parchalangan Kongress bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi, ammo bu yangilik aksiyalar bozoriga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki Bayden (g‘olib bo‘lsa) Uoll-strit qoidalariga daxl qila olmaydi.

Hal qiluvchi shtatlar
Arizona (11 delegat) ovozlarni hisoblashda davom etmoqda, yaqin soatlarda yangi ma’lumotlar kelishi mumkin. Ovozlarni hisoblash boshlanganidan buyon barchaning ko‘zi ushbu shtatga tikilgan.

Bu odatda respublikachilarga ovoz berib kelgan shtat bo‘lib, Arizona so‘nggi marta 1996 yilda demokrat nomzodni qo‘llagan. Ayni vaqtda bu shtatda Bayden ustun kelmoqda, ammo oradagi farq katta emas - ovozlarning 86 foizi hisoblab chiqilgan holatda 50,5 foizga 48,1 foiz.

Nevadada (6) ham ish qizg‘in ketmoqda. Payshanba kunining ikkinchi yarmidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Jo Baydenning bu yerdagi ustunligi 1 foizni tashkil etmoqda (49,5 foizga 48,5 foiz), unga ovoz bergan nevadalik saylovchilar soni 12 mingga ko‘proq, hali barcha byulletenlar hisoblab chiqilmagan - 87 foiz. Nevadadagi yakuniy natijalar kun oxirida chiqishi kutilmoqda, ammo, Amerika nashrlari Baydenning g‘alabasiga shubha qilishmayapti.

Shuningdek, Pensilvaniya (20 delegat) va Jorjiya (16 delegat) shtatlaridagi natijalarni ham sabrsizlik bilan kutishmoqda, bu shtatlarda hozircha Donald Tramp yetakchilik qilmoqda. Shu bilan birga, bu shtatlarda hali hisoblanmagan byulletenlar pochta orqali yuborilgan, bu usulda ovoz berish esa asosan demokratlar uchun xos. Shu tufayli, amaldagi prezident va Bayden o‘rtasidagi farq soat sayin qisqarib bormoqda - Jorjiyada 0,3 foiz, Pensilvaniyada - 1,8 foiz.

Tramp va Baydenda qanday imkoniyat?
Endilikda Donald Tramp uchun g‘olib bo‘lish juda murakkab vazifaga aylandi, ammo undan g‘alabani osonlik bilan tortib olib ham bo‘lmaydi. U hamon Pensilvaniya, Shimoliy Karolina va Jorjiyada ustun kelmoqda. Agar Tramp bu shtatlarni o‘zida saqlab qolsa, bu uch shtat unga jami 51 ovoz beradi.

Ammo bu ovozlar ham g‘alaba uchun yetarli bo‘lmaydi, shu tufayli Arizona birinchi o‘ringa chiqqan. Bu shtatdagi g‘alaba prezident uchun hayot-mamot masalasi.

O‘z navbatida Bayden keyingi to‘rt yil davomida Oq uyga boshqarishi uchun hozirda o‘zi yetakchilik qilayotgan shtatlarda ustunlikni saqlab qolishi talab etiladi.

Tramp Pensilvaniya, Jorjiya, Michigan va Viskonsindagi natijalar bo‘yicha sudlashmoqchi (holbuki, dastlabki ikki shtatda ovozlarni hisoblash jarayoni hali davom etmoqda). Keyingi ikki shtatda esa u va Bayden o‘rtasidagi farq 1 foizdan kamroq bo‘lgan, bu esa unga ovozlarni qayta hisoblashni talab etishga imkon beradi.

Asablar qaqshagan
Oregon, Minneapolis va Arizonada tunda turli darajadagi tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi. Portlendda (Oregon) Trampga qarshi bo‘lganlar shahar markazidagi binolarning vitrinalarini parchalashdi. Chikago, Filadelfiya va Nyu-Yorkda esa nisbatan tinch ruhdagi aksiyalar bo‘lib o‘tdi.

Chorshanba kuni kechqurun Trampning 200ga yaqin tarafdorlari, ularning ba’zilari qurollangandi, Tuson (Arizona) shahridagi saylov komissiyasi binosiga kelishdi. Bungacha shaharda ovozlarni hisoblash jarayoni to‘xtatilgani haqida asossiz xabarlar tarqalgandi.

Detroytda (Michigan) 30dan ortiq respublikachilar ovozlarni hisoblash ketayotgan binoga kirishga urinishdi. Avvalroq bu shtatda ovozlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq holat kuzatilgani haqida mish-mish tarqalganli.

Hafta davomida mamlakat bo‘ylab turli siyosiy kuchlarning 100ga yaqin mitinglari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Saylov kunidan oldin ham maxsus xizmatlar natijalar qancha ko‘p vaqt kechiksa, bu hududlarda amerikaliklar ko‘chalarga chiqishi ehtimoli ortishi haqida ogohlantirgandi. Ammo FQB rasmiysi OAVga bergan intervyusida huquq-tartibot organlari voqealarning har qanday rivojiga tayyorligi haqida ma’lum qilgandi.

Eng yomon ssenariylar
Ayrim ekspertlar hozir yuzaga kelgan vaziyat xavotir bilan kutilgan ssenariylardan biri ekanini aytishmoqda.

Ikkilanuvchi shtatlardagi bunday minimal farqlar (0,5-3 foiz) shuni anglatadiki, saylov g‘olibi e’lon qilinganidan keyin ham sudlashuvlar va qayta hisoblashlar ro‘y berishiga imkon qoldiradi.

«Saylov kunidagi sokinlik Amerikaning favqulodda qo‘nishga tayyorgarligi edi. Mamlakat uyg‘ondi, deraza ortida esa - ehtimoliy ssenariylarning eng yomoni edi», - deya yozadi Philadelphia Inquire tahlilchisi va kolumnisti Uill Banch.

Boshqa tomondan, bu odatiy demokratik jarayon, boshqa vaqtda bu oddiy qabul qilingan bo‘lardi. Ammo hozirda Amerika jamoatchiligidagi bo‘linish ulkan, asablar shunchalik taranglashganki, mamlakatda fuqarolarning qarama-qarshiligi yuzaga kelib, muvozanat izdan chiqishi mumkin.

USA Today YouGov kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalarini keltirdi, unga ko‘ra, so‘ralganlarning 47 foizi saylov natijalarini shaffof emas deb hisoblashini bildirgan, 51 foiz respondent g‘olibni qonuniy prezident deb hisoblamasligini aytgan. Ularning 56 foizi jiddiy zo‘ravonliklar kuzatilishi mumkinligini bildirishmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSHdagi saylovlar: prezidentlik taqdiri to‘rt shtatda hal bo‘ladi, amerikaliklar xavotirda