20:00 / 17.12.2020
3 431

«Kerak bo‘lganida oxiriga yetkazib qo‘yardik» – Putin Navalniyning zaharlanishi haqida

«Kerak bo‘lganida oxiriga yetkazib qo‘yardik» – Putin Navalniyning zaharlanishi haqida
Rossiya prezidenti Vladimir Putin muxolifatchi Aleksey Navalniyga FXX xodimlari tomonidan suiqasd uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi yozilgan surishtiruv haqidagi savolga javob berdi.

Navalniy haqidagi savol Life nashri muxbiri tomonidan berildi. U Bellingcat, The Insider, Der Spiegel va Si-en-en surishtiruvlarini tilga olib, Navalniyni kim zaharlagani va bu holat bo‘yicha nega hamon jinoiy ish ochilmaganini so‘ragan.

«Bu kimga kerak?»
«Berlin klinikasi mijoziga keladigan bo‘lsak, ayrim gaplarni takrorlayman», degan u odatiga ko‘ra Navalniyni familiyasi bilan atamay.

«Peskov menga qandaydir surishtiruv haqida gapirdi va ishoning, bu surishtiruv emas, AQSH maxsus xizmatlari tarqatgan ma’lumotning legallashtirilishi, xolos. Nima, biz ular lokatsiyalarni tekshirayotganini bilmaymizmi? FXX va boshqa xizmatlarning xodimlari buni yaxshi bilishadi. Ular qayerda joylashuvini yashirmay telefondan foydalanish kerakligini ham bilishadi.

Bilasizmi, Berlindagi klinikada bo‘lgan bu shaxs AQSH maxsus xizmatlarining qo‘llab-quvvatlovida. Shunday ekan, maxsus xizmatlarimiz boshqa mamlakatlarning maxsus xizmatlari bilan muloqotda bo‘lgan odamni kuzatishi tabiiy. Ammo bu uni zaharlash kerak degani emas. Agar buni xohlaganimizda, oxirigacha yetkazib qo‘ygan bo‘lardik
», dedi Putin.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish prezident so‘zi yakunida kulib yuborganiga e’tibor qaratgan.

Putin o‘ziga qaratilgan tanqidlarni uning mavqeyidan foydalanishga urinishdan iborat lo‘ttibozlik deb atagan va degan: «Men shunday kalibrdamanki, milliy miqyosda». U bunday uslub butun dunyodagi siyosiy kurashlarda qo‘llab kelinishini qayd etib o‘tgan.

«Bunday hiyla-nayranglardan foydalanmaslik kerak. Nimalarga qodirligingni muayyan ishlar yoki dasturlar orqali ko‘rsatishing kerak», degan Putin.

Rossiya prezidenti o‘zining oilasi va atrofidagilar haqidagi jurnalistik surishtiruvlar ortida AQSH davlat departamenti va Amerika maxsus xizmatlari turadi deb hisoblaydi. «Qanday bo‘lmasin bu ularning ko‘rsatmalari bo‘yicha amalga oshirildi. Bu ko‘rinib turibdi», degan u.

Putin yana bir marta Navalniyning rafiqasi unga murojaat qilgani va shundan keyin jamoaga «uni [Navalniy] Germaniyaga davolanish uchun olib ketishga ko‘rsatma bergani» haqida gapirdi. U avvalroq «Valday» klubida ham shuni iddao qilgandi.

Putin Lavrovdan keyin
Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq surishtiruv bo‘yicha birinchi bo‘lib izoh bergan rossiyalik amaldor Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bo‘lgandi. U shu kunlarda «bunday xabarlarni o‘qish maroqli ekani» haqida gapirgandi.

«Ammo bu yangilikni taqdim etish uslubi bir narsani anglatmoqda: g‘arblik hamkorlarimizda qandaydir axloqiy normalar yo‘q, normal diplomatik ish tutish mahoratiga ega emaslar, faktlarni aniqlashda xalqaro-huquqiy normalarga rioya etishmaydi», degandi Lavrov Zagrebga tashrifi vaqtida.

«Ularning mantig‘i shunday: biz, masalan, Germaniya maxsus xizmatlarining Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha yangi faktlarini e’lon qildik, Moskva esa ikki kundan buyon jim. Sukut saqlayaptimi, demak, aybdor. Bunday yondashuvdagi nuqson aqli raso har qanday odam uchun ko‘rinib turadi», deya qo‘shimcha qilgandi vazir.

Kreml Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq jurnalistik surishtiruv bo‘yicha izoh bermagan, Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa o‘zining kunlik brifinglari 15 va 16 dekabr kunlari o‘tkazilmasligini ma’lum qilgandi.

Bellingcat, Der Spiegel va «Si-en-en» nashrlarining qo‘shma surishtiruvi 14 dekabr kuni e’lon qilingandi. Uning mualliflari Navalniyning zaharlanishiga uni to‘rt yildan buyon kuzatib kelgan FXX xodimlari aloqadorligi to‘g‘risidagi taxminni ilgari surishgandi.

Xususan, jurnalistlar Navalniyni avvaliga Novosibirskda, keyin Tomskda kuzatgan FXX xodimlarining nomlari va suratlarini keltirishgandi. Yana besh nafar xodim ishning borishini nazorat qilishgan, ularning ayrimlari Navalniy bo‘lgan samolyot shoshilinch qo‘ngan Omskka yetib kelishgani aytilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Kerak bo‘lganida oxiriga yetkazib qo‘yardik» – Putin Navalniyning zaharlanishi haqida