07:00 / 28.12.2020
1 671

Tramp Baydenni soxta prezident deb atab, respublikachilarni saylov natijalariga qarshi chiqishda davom etishga chaqirdi

Tramp Baydenni soxta prezident deb atab, respublikachilarni saylov natijalariga qarshi chiqishda davom etishga chaqirdi
Foto: AP Photo
AQSHning amaldagi prezidenti Donald Tramp mamlakatning saylangan prezidenti Jo Baydenni soxta prezident deb atadi, deb yozadi «RBK». Bu haqda u o‘z Twitter’ida post qoldirdi.

«Afg‘onistonda xizmat qilib kelgan yosh harbiy menga Afg‘onistondagi saylovlar AQSHdagi 2020 yilgi saylovlardan bir necha marta xavfsizroq va yaxshiroq ekanligini aytdi. Bizning pochta orqali yuborilgan millionlab va millionlab byulletenlar bilan o‘tgan saylovimiz uchinchi dunyo mamlakatlaridagi saylovlarga o‘xshadi. Soxta prezident!», — deb yozdi Tramp.

Shuningdek, u matbuot erkinligi yo‘qolganini ham ta’kidladi. «Matbuot erkinligi anchadan buyon yo‘qolgan, OAVlar yolg‘onchi, endi bizda yirik texnologik kompaniyalar bor, ularni tartibga keltirish kerak», — deb yozdi prezident. U sudlarni yomon deb atadi, shuningdek, FQB va Adliya vazirligi o‘z ishini bajarmaganini qayd etdi.

Tramp Respublikachilar partiyasidan senatorlar prezident lavozimi uchun kurashni davom ettirishi kerakligini ta’kidladi. «Respublikachi senatorlar uchun oldinga chiqib, prezidenti lavozimi uchun kurashadigan vaqt keldi, ular demokratlar haqiqatan ham g‘olib chiqqanida qanday kurashsa, shunday kurashishi kerak», — deb yozdi Tramp.

Uning aytishicha, 3 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlardagi qalbakilashtirishlar dalillarini rad etib bo‘lmaydi. Misol sifatida Tramp byulletenlar kiritilishi, qayta ovozlar, vafot etgan amerikaliklar ovozlarining hisoblanishi, pochta orqali yuborilgan byulletenlardagi soxta imzolarni keltirib o‘tdi.

Twitter ma’muriyati Trampning postiga belgi qo‘yib, pochta orqali ovoz berish jarayonining xavfsizligi haqida ma’lumot olish uchun havola ilova qildi.

Dekabr o‘rtalarida saylovchilar hay’ati Trampning saylovdagi bosh raqibini Amerikaning 46-prezidenti deb e’lon qildi. Bayden saylovchilar hay’ati a’zolarining 300 dan ortiq ovozini, amaldagi prezident esa 230 dan ziyodroq ovozni qo‘lga kiritdi. Baydenning inauguratsiyasi an’anaga ko‘ra Vashingtonda bo‘lib o‘tadi.

Amaldagi Amerika yetakchisi o‘z raqibining g‘alabasini tan olishdan bosh tortib, hamon saylov natijalari yuzasidan sudlarda da’volashishga urinmoqda. CNN o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, Tramp «chuqur e’tiroz» lahzalarida jazavaga tushib, Baydenning inauguratsiyasi kuni Oq uyni tark etmasligini aytmoqda.

Bayden esa o‘z raqibini ba’zi shtatlardagi saylov yakunlarini sud orqali bekor qilishga urinib, bu bilan xalq xohishiga hurmatsizlik ko‘rsatayotganlikda aybladi.

Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp 20 yanvar — Bayden prezident lavozimiga kirishadigan kuni Oq uyni vertolyotda tark etib, so‘ng Air Force One (AQSHda bortida davlat rahbari bo‘lgan har qanday samolyot shunday ataladi) samolyotida Floridaga jo‘nab ketishni va u yerda Baydenga qarshi mitingda nutq so‘zlashni mo‘ljallamoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp Baydenni soxta prezident deb atab, respublikachilarni saylov natijalariga qarshi chiqishda davom etishga chaqirdi