17:13 / 25.08.2021
2 612

Rossiya Mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qiladi
Foto: AP Photo
Rossiya Mudofaa vazirligi mamlakat prezidenti Vladimir Putinning ko‘rsatmasiga binoan Afg‘onistondagi 500 dan ortiq Rossiya, ODKB (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) va Ukraina fuqarolarini evakuatsiya qiladi. Bu haqda vazirlikka tayanib, «TASS» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu operatsiyani amalga oshirishda harbiy transport aviatsiyasining to‘rtta samolyotidan foydalaniladi.

«25 avgust kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning mudofaa vaziri Sergey Shoyguga bergan ko‘rsatmasiga binoan Afg‘oniston hududidagi Rossiya, ODKBga a’zo-davlatlar (Belarus, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston) va Ukrainaning 500 dan ortiq fuqarolarini harbiy transport aviatsiyasi samolyotlari yordamida evakuatsiya qilish tashkillashtiriladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosi hisoblanmaydi. O‘tgan vaqt davomida O‘zbekiston ODKB tarkibidan ikki marta chiqib ketgan — dastlab 1999 yil 2 aprelida (Gruziya va Ozarbayjon bilan birga), keyin 2012 yil 28 iyunida (tashkilotga 2006 yil avgustida qayta qo‘shilgan). Tashqi ishlar vazirligining 2012 yil iyunidagi bayonotida shartnomadan chiqishning aniq sabab va omillari tashkilot kotibiyatiga ma’lum qilingani aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2017 yili O‘zbekiston ODKBga qayta a’zo bo‘lmasligini ma’lum qilgan edi. O‘shanda vazir O‘zbekiston o‘zining hech qanday harbiy yoki siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik konsepsiyasiga sodiq qolishini ta’kidlagan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Mudofaa vazirligi Afg‘onistondagi O‘zbekiston fuqarolarini evakuatsiya qiladi