20:53 / 20.09.2021
2 385

Avstraliya fransuz suvosti kemalaridan voz kechish haqidagi qaroriga izoh berdi

Avstraliya fransuz suvosti kemalaridan voz kechish haqidagi qaroriga izoh berdi
Foto: Naval Group
Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison mamlakatning Fransiya suvosti kemalarini sotib olish to‘g‘risidagi bitimni buzish qarorini izohladi, deb yozadi Daily Mail.

Morrisonning aytishicha, Angliya-Amerika hamkorligi foydasiga 56 milliard yevrolik mudofaa bitimini bekor qilishdan oldinroq ham Avstraliyada Fransiyadan buyurtma qilingan suvosti kemalari strategik ehtiyojlarni qondirmaydi, degan «chuqur va jiddiy xavotirlar» bor edi.

G‘arb davlatlari o‘rtasida diplomatik nizo chiqarib, kelishuvning to‘satdan buzilishiga izoh berar ekan, Morrison bu qarordan Fransiyaning hafsalasi pir bo‘lganini tushunishini, ammo «Avstraliyaning milliy manfaatlari hamma narsadan ustun ekanini» ta’kidladi.

«Bizda ‘Hujum’ sinfidagi suvosti kemasi taqdim etadigan imkoniyatlar ular oldida turgan strategik vazifalarni hal qila olmaydi degan chuqur va jiddiy xavotirlar bor edi, biz o‘z strategik milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib qaror qabul qilishimizni aniq bildirdik», — dedi Morrison.

U, shuningdek, Avstraliya hukumati fransiyalik hamkasblarini suvosti kemalari qurilishi haqidagi bitim bo‘yicha chalkashtirgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Morrisonning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya Hind-Tinch okeani mintaqasidagi o‘zgaruvchan vaziyatni hisobga olgan holda, fransuz suvosti kemalari Kanberraning strategik manfaatlariga xizmat qila olishi borasida xavotir bildirgan.

Avvalroq Avstraliya, AQSH va Buyuk Britaniya yangi mudofaa alyansi — AUKUS’ni tuzgan edi. AUKUS’ning ilk yirik tashabbusi Avstraliyani atomli suvosti floti bilan qurollantirish bo‘ldi. Yangi hamkorlik fonida Avstraliya Fransiyaning Naval Group harbiy kemasozlik kompaniyasi bilan tuzgan rekord darajada qimmat shartnomani to‘xtatdi.

Avstraliya uni 2016 yilda imzolagan, shartnoma 12 ta oddiy suvosti kemasini qurishni nazarda tutgan. Loyihaga 90 milliard Avstraliya dollari (66 milliard AQSH dollari) talab qilinib, bu shartnoma Avstraliya dengiz floti tarixidagi eng qimmati bo‘lardi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian shartnomaning bekor qilinishini «orqadan pichoq urish» deb atagan. Bekor bo‘lgan shartnoma tufayli Fransiya AQSH bilan birga Chesapik dengiz jangining 240 yilligiga bag‘ishlangan tantanalarni nishonlashdan bosh tortgan. Shuningdek, Fransiya AQSH va Avstraliyadagi elchilarini chaqirib olayotgani haqida xabar berilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Avstraliya fransuz suvosti kemalaridan voz kechish haqidagi qaroriga izoh berdi