BMW boshqargan 10-sinf o‘quvchisi 2 yildan ortiqroq vaqtga qamaldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkentda BMW avtomashinasini boshqarib, yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov 2 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
- Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida o‘tkazilgan yopiq sud majlisida 2010 yilda tug‘ilgan 10-sinf o‘quvchisi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Toshkentda yo‘l-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovni BMW avtomashinasida urib yuborgan voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unovga nisbatan sud hukmi o‘qildi. U 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.
18 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha yopiq sud majlisi yakunlandi. 2010 yilda tug‘ilgan, xususiy maktabning 10-sinfida tahsil oluvchi Doniyor Turg‘unov Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sud qaroriga ko‘ra, unga JKning 85-moddasi tartibida 2 yil 4 oylik qamoq jazosi tayinlangan. Jazo muddati 2026 yil 27 fevraldan — unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan sanadan boshlab hisoblanadi.
Voqea qanday sodir bo‘lgan?
25 fevral kuni soat 21:46 atrofida voyaga yetmagan Doniyor Turg‘unov haydovchilik guvohnomasisiz BMW M4 avtomashinasini boshqarib, Mirobod ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan.
Shu vaqtda u Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori Xosilbek Eshnazarovni urib yuborgan. Og‘ir tan jarohati olgan inspektor uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lganiga qaramay, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan.
Mazkur holatdan so‘ng inspektorning oila a’zolarini davlat muhofazasiga olish belgilangan.
Mart oyi boshida esa Doniyor Turg‘unov qamoqqa olingani ma’lum bo‘lgan. Tergov davrida u Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi hamda 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumonlanuvchi sifatida jalb qilingan.
Sud yakunida taraflarga hukm mazmuni, yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi, shuningdek hukm ustidan shikoyat berish tartibi tushuntirildi.






























Izohlar 0
…