1 108
Ramzan Qodirovning qizi Ayshat «Inson huquqlarini himoya qilgani uchun» medali bilan taqdirlandi

Foto: «Vesma»
Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qizi, respublika madaniyat vaziri Ayshat Qodirova «Inson huquqlarini himoya qilgani uchun» medali bilan mukofotlandi. Bu haqda «Grozniy» davlat teleradiokompaniyasiga tayanib, Meduza xabar berdi.
«Nishon fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va manfaatlarini himoya qilgani, Checheniston ijtimoiy va madaniy hayotini rivojlantirgani, chechen xalqining madaniy va tarixiy merosini saqlash va ommalashtirishga qo‘shgan ulkan hissasi, yuqori kasbiy mahorati, shuningdek, fuqarolik jamiyati va hukumatning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash borasidagi xizmatlari uchun berildi», — deyiladi xabarda.
Shuningdek, ushbu medal bilan Checheniston ta’lim va fan vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Xoj-Baudi Daayev ham taqdirlangan. Mukofot Daayevga «Chechenistonning birinchi prezidenti Ahmad Hoji Qodirov yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona faoliyati uchun» berilgan.
Ma’lumot uchun, 1998 yilning 31 dekabrida tug‘ilgan Ayshat Qodirova 2021 yilning oktabrida madaniyat vaziri etib tayinlangandi. Bunga qadar u bir yildan ortiq vaqt davomida Checheniston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.
Xoj-Baudi Daayev esa 1980 yilning 10 iyulida tug‘ilgan bo‘lib, Grozniy meri o‘rinbosari, yoshlar va ishlari bo‘yicha vazir hamda madaniyat vaziri lavozimlarida ishlagan. 2021 yilning noyabrida ta’lim va fan vaziri etib tayinlangunga qadar Daayev bosh vazir o‘rinbosari edi.
Avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning qizi, Grozniy shahri maktabgacha ta’lim departamenti boshlig‘i Xadijat Qodirova «Checheniston Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda «BBC’ning rus xizmati» Chechenistondagi 158 nafar katta lavozimdagi amaldorlarning 30 foizi respublika rahbariga qarindosh ekanligi, 23 foizi Qodirovning qishloqdoshi, 12 foizi esa uning do‘stlari va ularning qarindoshlari ekanligi haqidagi surishtiruvni e’lon qilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar