Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 50 yoshni qarshiladi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 50 yoshni qarshiladi

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 5 oktyabr kuni 50 yoshni qarshiladi. U 1976 yil 5 oktyabrda Chechenistonning Sentaroy qishlog‘ida tug‘ilgan.

Qodirovning siyosiy faoliyati otasi Ahmad Qodirov 2004 yil may oyida Grozniydagi terakt oqibatida halok bo‘lganidan keyin jadallashdi. O‘sha yilning o‘zida u Checheniston hukumati raisi o‘rinbosari etib tayinlandi. 2005 yil oxirida hukumat raisi vazifasini bajaruvchi bo‘lgan, 2006 yilda esa bosh vazir lavozimini egallagan.

2007 yil fevralda Vladimir Putin uni Checheniston prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinladi. Shu yil aprel oyida Qodirov rasman respublika rahbari lavozimiga kirishdi. O‘sha paytda u 30 yoshda edi.

Shundan beri Qodirov Chechenistonni uzluksiz boshqarib kelmoqda. Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan saylovlarda u 99,85 foiz ovoz bilan beshinchi muddatga qayta saylangani ma’lum qilindi.

Qodirov davrida Grozniy va respublikada keng ko‘lamli qurilish va qayta tiklash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, uning boshqaruv uslubi xalqaro huquq himoya tashkilotlari tomonidan jiddiy tanqid qilib kelinadi. Inson huquqlari tashkilotlari Chechenistonda jurnalistlar, muxolifat va LGBT vakillariga nisbatan bosimlar haqida ko‘p bor xabar bergan.

Bugunga kelib Ramzan Qodirov Rossiya siyosiy tizimida Vladimir Putinning eng yaqin ittifoqchilaridan biri sifatida qaraladi. Chechenistonda esa uning hokimiyati mintaqadagi eng kuchli va markazlashgan siyosiy tizimlardan biri hisoblanadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar