Apple, Gmail, Microsoft va boshqa servislarda uzilishlar: «raqamli apokalipsis» boshlandimi?

Dunyo bo‘ylab yirik onlayn xizmatlarda texnik uzilishlar kuzatilmoqda. Apple, Microsoft, Gmail, Zoom, OpenAI, Amazon, Visa, Uber va boshqa mashhur platformalar foydalanuvchilari muammolar haqida xabar bermoqda.
Qaysi servislarda muammo bor?
Downdetector monitoring platformasida bir qator xizmatlar bo‘yicha shikoyatlar keskin ko‘paygani qayd etildi. Ayrim foydalanuvchilar dasturlarga kira olmayotgani, boshqalari esa xizmatlardan to‘liq foydalanishda qiyinchiliklarga duch kelayotganini bildirmoqda.
Apple Music, App Store, iCloud va Apple Pay xizmatlarida ham uzilishlar kuzatilgan. Kompaniya ayrim nosozliklarni ichki tizim yangilanishi bilan izohlagan.
Bu kiberhujummi?
Hozircha turli platformalardagi uzilishlar yagona kiberhujum bilan bog‘liq ekanini tasdiqlovchi dalillar yo‘q. Mutaxassislar har bir holatni alohida texnik nosozlik sifatida baholamoqda.
Shuni ham unutmaslik kerak: Downdetector'dagi shikoyatlar soni xizmat butunlay ishdan chiqqanini anglatmaydi, balki foydalanuvchilardan kelib tushgan murojaatlar ko‘payganini ko‘rsatadi.
Biroq vaziyat raqamli dunyo qanchalik zaif ekanini yana bir bor eslatdi. Bir nechta yirik platformadagi uzilishning o‘zi millionlab insonlarning ishi, muloqoti va kundalik hayotiga ta’sir qilishi mumkin.
Internetda «raqamli apokalipsis» haqidagi gaplar kuchaymoqda, ammo global tarmoq ishdan chiqqan, degan xulosa uchun hozircha asos yo‘q.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar



























Izohlar0
…