16:34 / 28.01.2022
1 150

Ramzan Qodirov: AQSH Davlat departamenti inson huquqlarini hurmat qilishni o‘rganishi kerak

Ramzan Qodirov: AQSH Davlat departamenti inson huquqlarini hurmat qilishni o‘rganishi kerak
Foto: «RIA Novosti»
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov AQSH Davlat departamentining mintaqaga oid bayonotlaridan so‘ng, Telegram’dagi kanali orqali Qo‘shma Shtatlarning o‘zini inson huquqlarini hurmat qilishni o‘rganishga chaqirdi.

Avvalroq Davlat departamenti Checheniston hukumati tomonidan o‘nlab fuqarolar «o‘g‘irlangani va majburiy ravishda ushlab turilgani» to‘g‘risidagi xabarlardan xavotirda ekanini bildirib, Rossiya hukumatini bu kabi amaliyotga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan edi.

«Nima balo, Shtatlarda aqldan ozganmisiz? Eslatib o‘taman, bu kabi bayonotni Guantanamo qamoqxonasida mahbuslarni sud va tergovsiz saqlayotgan mamlakatning Davlat departamenti bildirmoqda. Ushbu lagerdagi qiynoqlar va tahqirlar shu qadar mashhurki, Gollivud mazkur faktlar bo‘yicha kinolentalar ishlayapti. MRBning dunyo bo‘ylab yana bunday maxfiy qamoqxonalari nechta? Xorijliklarning uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlaridan foydalangan holda, sud qilmasdan qatl qilinishi haqida nima deyish mumkin?

Ro‘yxatni davom ettiraymi? Mahalliy xalqlarga zulm va muhojirlar huquqlarini poymol qilish, Suriya va Liviyada mojarolarni avj oldirish, irqiy kamsitish, mahbuslarning ko‘pligi, o‘lim jazosi, politsiya zo‘ravonligi, Yaqin Sharqdagi tinch aholini bombardimon qilish... Inson huquqlariga rioya qilish borasida tavsiya berishdan oldin, Davlat departamenti, unga o‘zing rioya qilishni o‘rgan
», — deb yozadi Qodirov.

Uning ta’kidlashicha, «Davlat departamenti murojaatining mualliflari nodon».

«IIV, prokuratura, tergov qo‘mitasi, FXX va boshqalar — federal markazga, ya’ni Kremlga bo‘ysunadigan federal tuzilmalarning mintaqaviy bo‘limlaridir. Rossiya qonunlariga ko‘ra, sub’ekt rahbari sud qilishi, afv etishi, qo‘lga olishi, ozodlikka chiqarishi mumkin emas», — deya qayd etadi Qodirov.

Avvalroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Oliy sudining iste’fodagi sudyasi Saydi Yangulboyevning oilasini «terrorchilarning sheriklari» deb atagan va ularni hibsga olishni, «qarshilik ko‘rsatsa, yo‘q qilishni» talab qilgandi. Sudyaning o‘g‘li Abubakir Yangulboyev «Dojd» telekanali efirida Qodirovning so‘zlariga fikr bildirar ekan, Rossiya prezidentiga Checheniston rahbariyatini almashtirish taklifi bilan murojaat qilgan.

20 yanvar kuni Saydi Yangulboyev va Zarema Musayevaning Nijniy Novgoroddagi xonadoniga o‘zlarini Checheniston huquq-tartibot idoralari xodimlarimiz deb tanishtirgan niqobli qurollangan shaxslar bostirib kirgan. Ular oilani Chechenistonga qarshi firibgarlik ishi bo‘yicha guvoh sifatida keltirish qarorini ko‘rsatgan, shundan so‘ng Musayevani kuch bilan olib ketgan. Yangulboyevning o‘zi sudyalik guvohnomasini ko‘rsatgani uchun olib ketilmagan.

Sudyaning yana bir o‘g‘li Ibragim Yangulboyevning aytishicha, ularning oilasi Checheniston hukumatini ochiq tanqid qilgan matbuot ma’muri bo‘lgani uchun ta’qib qilinmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2015 yilda uni otasi va akasi bilan birga o‘g‘irlab ketishgan va Qodirovning qarorgohiga olib borishgan. U yerda oila, jumladan, Checheniston rahbarining shaxsan o‘zi tomonidan kaltaklanib, qiynoqqa solingan.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kreml Zarema Musayevaning o‘g‘irlanishi haqidagi voqeani «fantastik voqea» deb hisoblab, unga munosabat bildirmasligini aytgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ramzan Qodirov: AQSH Davlat departamenti inson huquqlarini hurmat qilishni o‘rganishi kerak