Olga Dyachuk
Foto: Arden Arkman / «Novaya»
26 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainada tinch aholi tomonidan asirga olingan 27 yoshli rus askari Roman Bugansov so‘roq qilinayotgani aks etgan video tarqalgandi. Odamlar qurshovida dahshatga tushib, boshini changallab olgan Roman o‘zini tanishtiradi va Belgoroddagi buvisining yashash joyini aytadi. «Novaya gazeta» nashrining maxsus muxbiri Ilya Azar Belgoroddan 17 kilometr uzoqlikdagi Komsomolskiy qishlog‘ida Bugansovning singlisi Olga Dyachuk bilan suhbatlashdi. «Daryo» esa bu suhbatni o‘zbek tiliga tarjima qildi.
— Mudofaa vazirligidan kimdir siz bilan aloqaga chiqdimi?
— Yo‘q, men faqat internetdagi ma’lumotlardangina xabardorman, hech kim aloqaga chiqmadi, hozircha hech nima ma’lum emas. U bobom va buvimning qo‘lida katta bo‘lgan, buvim hozir Moskvadan bu yoqqa kelyapti.
Roman — ko‘ngli ochiq mehribon yigit. U kikboksing bilan shug‘ullangan, sport ustaligiga nomzod edi. Keyin harbiy xizmatga borgan, undan so‘ng bir muddat Voronejdagi institutda tahsil olgan, lekin 2015 yilda o‘qishini tashlab, shartnoma tuzgan va Moskvaga ko‘chib o‘tgan. U butun hayotini harbiy xizmat bilan bog‘lashni istardi. Moskvada xotini, bolasi bor, bu yerda esa uni hamma rahmdil va kerak paytda hammani himoya qiladigan yaxshi yigit sifatida taniydi.
— Lekin siz uning Ukrainaga yuborilganini bilarmidingiz?
— Yo‘q, u shunchaki xizmat safariga ketayotganini aytgan. Hech qaysi qarindoshimiz uning Ukrainaga ketganini bilmasdi. Qaysi shahardaligi va qayerga ketayotgani haqida hech nima demagan.
Qo‘rqyapman. Kunim dori ichish bilan o‘tyapti, bu xabarni qabul qilish men uchun juda og‘ir. Ahvoli nima kechishi, uni nima qilishlari, nega olib ketishgani noma’lum.
— 24 fevral kuni Ukrainada boshlangan voqea haqida u bilan suhbatlashganmidingiz?
— Yo‘q, fevralda u bilan gaplashmadik. Ukam bu vaqtda allaqachon xizmat safarida edi. Uni o‘shandayoq Ukrainaga o‘tkazib yuborgan bo‘lishsa kerak. Biz boshqa-boshqa shaharlarda yashardik. Men bu yerga kechagina Stariy Oskoldan ko‘chib keldim, shu yerdan ish topdim (Dyachuk — iqtisodchi-hisobchi), u esa Moskvada yashaydi. Biz kam ko‘rishamiz, suhbat esa uning ishi haqida ketmaydi, faqat yuzaki gaplar. U hech qachon aniq bir narsa aytmagan.
— Urushga qanday munosabatdasiz?
— Neytral munosabatdaman, bunday narsalarni tushunmayman, aralashmayman. Bu haqida o‘ylashning o‘zi dahshat, shu sababli yangiliklarni ko‘p tomosha qilmayman, tafsilotlariga qiziqmayman. Ilgari internet xabarlarini ham o‘qimay o‘tkazib yuborardim, hozir esa barcha yangiliklar va internetni ko‘zdan qochirmayapman — ukam haqida qandaydir yangilik bo‘lib qolar. Tanishlarim qo‘ng‘iroq qilib, u yoqda nimalar sodir bo‘layotgani haqida aytadi. Men bu borada betarafman.
— Lekin qanday qilib harbiy harakatlarga betaraf bo‘lish mumkin?
— Boshqa qanday munosabatda bo‘lishim kerak? Ukrainada qarindoshlarim bor, dadam va u tomondan ko‘p qarindoshlarim o‘sha yerda yashaydi. To‘g‘ri, ular bilan 12 yildan beri aloqa qilmaymiz.
Ular (ukrainaliklar) ham biz kabi odam, muammoni boshqacha hal qilishning imkoni yo‘q edi, deb o‘ylamayman. Hozir menga juda og‘ir, chunki ukam shunday ahvolga tushib qoldi, buni hech kimga ravo ko‘rmayman. Ukam so‘roq qilingan video ostidagi izohlarni o‘qidim, uni umuman tanimaydigan odamlar og‘ziga kelganini aytib yotibdi. Ukamdan tashqari, qo‘lga tushgan yana ko‘plab yigitlar bor, ularning qarindoshlari ham men kabi hammasini o‘qib o‘tiradi.
Hozir ukamni asirga olgan kishilarga nisbatan salbiy munosabatdaman. Uni harbiylar emas, balki oddiy fuqarolar asirga olgan. Tinch aholi nima uchun bunday qilganini tushunmayman. Ukam va u kabilar harbiy ekanini, u yoqqa o‘z ixtiyori bilan bormaganini, buyruqni bajarishga majbur ekanini, chunki bunday narsalarni rad qilib bo‘lmasligini, nahotki, ular tushunmasa? Shusiz ham u yuragini hovuchlab o‘tirgan bo‘lsa-da, bosim o‘tkazib, har tomondan haqorat yog‘dirishyapti. Axir ular qandaydir o‘n daqiqada nimalar yuz berishi mumkinligini bilmaydi-ku.
— Har kimning o‘z haqiqati bor. Yurtiga boshqa mamlakatdan qo‘shin tortib kirilgan, portlashlar va otishmalar ichida qolgan odamlar o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Ular o‘z vatanini himoya qilishga urinishi tabiiy.
— Buni tushunaman, lekin baribir bunday qilish aqldan emas, ular to‘g‘ri ish qilgan, deb o‘ylamayman. Ukam hech kimni o‘ldirmagan, u snayper emas, aloqachi bo‘lgan, shunchaki bir aholi punktidan boshqasiga o‘tgan. Ular hech kimga va hech qayerga hujum qilish niyatida bo‘lmagan. Asirlar u yerga nima maqsadda borgani bilan hech kimning ishi yo‘q (videotasvirda Bugansovdan qayoqqa ketayotgani haqida so‘ralganda u benzovozlarni olib ketayotganini aytadi).
— Yo‘qotishlar, albatta, bor, lekin Mudofaa vazirligi hali ham buni tan olmayapti.
— Albatta, kattagina yo‘qotishlar bo‘lyapti. Hech kim haqiqatni aytmayapti. Aytsa, odamlar vahimaga tushib qoladi, chunki odamlar hozir bizning hamma narsaga qodir, qudratli va yengilmas davlat ekanimizga mutlaqo shubha qilmaydi.
Ukraina mag‘lub bo‘ladi va qo‘lga olinadi, deb o‘ylaydi ular. Lekin Ukrainada ham odamlar yashaydi, ular ham kurashmoqda, Rossiyada ham yo‘qotishlar bo‘lishi tabiiy. Ular haqida gapirilmasa, bu ularning yo‘qligini anglatmaydi.
Televizorda ko‘rsatilayotgan yangiliklarning yarmi — uydirma yoki yuzaki narsalar. Bularning barchasi odamlar ichiga vahima solmaslik uchun qilinmoqda, chunki ular allaqachon vahimaga tushib bo‘lgan. Odamlar qandaydir g‘alati, tushunish qiyin bo‘lgan ishlarni qilyapti: yoqilg‘i g‘amlagan, pul yechib olgan, qayoqqadir ketayotgan. Bu yerdan uzoqroq joyda yashaydigan yaqinlaring bo‘lsa, o‘shalar bilan birga vaziyat o‘nglanishini kutish yaxshidir, balki.
— 2014 yildan so‘ng siz yoki Roman Ukrainaga qanday munosabatda bo‘lgansiz?
— U bilan bunday mavzularda gaplashmasdik, men esa buni siyosatchilar ishi deb hisoblayman. Ochig‘i, shaxsan menga Qrim kimga tegishli ekani ahamiyatsiz. Lekin tepada bir parcha yer uchun boshqalarni qurbon qilishdan toymaydigan odamlar bor. Negadir ularning o‘zi jang qilishga bormaydi, bir yerda o‘tirib, buyruqlar o‘ylab topadi, qarorlar qabul qiladi, odamlarni ajal komiga yuboradi.
Shu bilan birga, ular o‘z qilmishini tan olmaydi, ularning qarindoshlari ham biz kabi ojiz, yaqinlariga nimalar bo‘layotganidan mutlaqo bexabar.
Tushunaman, Rossiya — mening vatanim, shu mamlakat fuqarosi ekanligimni bilaman. Lekin bizning mamlakat ham Ukraina qilayotgan ishni qilyapti. Ular jangovar harakatlarni to‘xtatmayapti va hech qanday kelishuvga ko‘nmayapti. Ular ham xuddi shunday yo‘l tutmoqda va men Ukraina va Rossiyaga turlicha munosabatda bo‘la olmayman. Ular odamlarni qandaydir tushunarsiz sabablar bilan o‘limga yubormoqda. Odamlarimiz nima uchun u yerda yurganining aniq sababi bormi?
— Putin Ukrainani harbiylar va fashistlardan ozod qilmoqchi ekanini aytgan.
— Ukrainani «ozod qilaman» deb, hali hayotni ko‘rmagan, na oilasi, na farzandi bo‘lgan yosh yigitlar yoki uyida oilasi kutayotgan kishilar halok bo‘lmoqda. Ular qaytib kelmaydi, chunki buyruq berishdan boshqasiga yaramaydigan kimdir mamlakatni ozod qilmoqchi. Bunday bo‘lmasligi kerak, menimcha. Bu adolatdan emas. Hozir unda, menimcha, murojaatimni ko‘rish imkoniyati yo‘q (Dyachuk videomurojaat yozish taklifini rad qildi). Xalq esa urushni xohlamagandi, ular (askarlar) ham jang qilishni istamagan, ularning fikri bilan hech kim qiziqmagan, shunchaki jo‘natib yuborishgan.
Mayskiydan uncha uzoq bo‘lmagan Komsomolskiyda vaziyat tinchmi, degan savolga Dyachuk ijobiy javob berdi. Komsomolskiyda snaryad qulashidan bir bola jabrlangan va beshta bino jiddiy zarar ko‘rgan. Biroq men pod’ezddan chiqqanimdan so‘ng uch daqiqa o‘tib, uzoqdan artilleriyaning bo‘g‘iq ovozi eshitildi va u yashayotgan uyning qoq tepasidan harbiylar vertolyoti pastlab uchib o‘tdi.
Ukraina1, Asirga olingan1, Rus askari1, Roman Bugansov1, Olga Dyachuk1 Ukraina va Rossiya urushi “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Trampning o‘g‘li Zelenskiy yaqin orada «nafaqadan» mahrum bo‘lishini yozdi
NATO sobiq qo‘mondoni: “Putin Ukrainaning taxminan 20 foizini qo‘lga kiritadi”
AQSH Isroilga puli to‘langan buldozerlarni bermadi
Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Fayzullayev va Yevropa: unga berilgan ikki xil baho...