Keksalarga nega isinish qiyin? Olimlar buning yangi sababini aniqladi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Olimlar yosh o‘tishi bilan organizmning sovuqqa moslashish qobiliyati pasayishiga immun hujayralari va qo‘ng‘ir yog‘ to‘qimasi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik sabab bo‘lishini aniqladi.
- Tadqiqotga ko‘ra, neytrofillar va makrofaglar ajratib chiqaradigan IL-1β molekulasi issiqlik hosil qiluvchi UCP1 oqsilining faolligini susaytiradi.
Yosh o‘tgan sari ayrim odamlarga sovuqqa chidash va isinish qiyinlashadi. Bu faqat moddalar almashinuvining sekinlashishi bilan emas, balki organizmdagi immun hujayralari va yog‘ to‘qimasi o‘rtasidagi bog‘liqlik bilan ham izohlanishi mumkin. Olimlar ushbu jarayonga ta’sir qiluvchi yangi mexanizmni aniqladi.
Bekman tadqiqot instituti (AQSH), Uxan universiteti (Xitoy) va boshqa ilmiy muassasalar olimlari ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari Nature jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotda organizmda issiqlik ishlab chiqarishga yordam beradigan qo‘ng‘ir yog‘ to‘qimasi o‘rganilgan. Odatda energiyani zaxira sifatida to‘playdigan oq yog‘dan farqli ravishda, qo‘ng‘ir yog‘ energiyani sarflab, issiqlik hosil qiladi. Bu jarayonda UCP1 oqsili muhim rol o‘ynaydi.
Olimlar qo‘ng‘ir yog‘ hujayralarining faolligi bir xil emasligini aniqlagan. Ularning ayrimlari ko‘proq issiqlik ishlab chiqarsa, boshqalari nisbatan sust ishlaydi.
Tadqiqotga ko‘ra, neytrofillar va makrofaglar deb ataluvchi immun hujayralari IL-1β nomli signal molekulasini ajratib chiqaradi. U qo‘ng‘ir yog‘ hujayralaridagi bir qator biokimyoviy jarayonlarga ta’sir qilib, UCP1 oqsili faolligini susaytiradi. Natijada hujayralarning issiqlik ishlab chiqarish qobiliyati pasayadi.
Sovuq sharoitda esa simpatik asab tizimi faollashib, immun hujayralaridan IL-1β ajralishini kamaytiradi. Bu qo‘ng‘ir yog‘ to‘qimasining faollashishi va ko‘proq issiqlik ishlab chiqarishiga yordam beradi.
Biroq yosh o‘tishi bilan ushbu mexanizmning moslashuvchanligi pasayadi. Olimlar keksa sichqonlarning qo‘ng‘ir yog‘ to‘qimasida IL-1β darajasi yosh hayvonlarnikiga nisbatan taxminan olti baravar yuqori ekanini aniqlagan. Shu bilan birga, issiqlik ishlab chiqarishda muhim bo‘lgan UCP1 oqsili miqdori 40 foiz kamaygan.
Sovuqqa ta’sir qilish tajribalarida ham yosh va keksa sichqonlar o‘rtasida katta farq kuzatilgan. Masalan, 6 daraja sovuqda bir sutka saqlanganidan keyin faol qo‘ng‘ir yog‘ hujayralarining ulushi yosh sichqonlarda 61,7 foizga yetgan bo‘lsa, keksa hayvonlarda bu ko‘rsatkich atigi 15 foizni tashkil etgan.
Olimlar mazkur jarayonga ta’sir qilish imkoniyatini ham sinab ko‘rgan. Glyukokortikoid retseptorini to‘suvchi mifepriston preparati berilgan keksa sichqonlarda qo‘ng‘ir yog‘ hujayralari faolligi oshgan. Shuningdek, sovuqqa chidamlilik va energiya sarflash ko‘rsatkichlarida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgan.
Shunga qaramay, bu natijalar hozircha insonlarda ham xuddi shunday samara bo‘lishini anglatmaydi. Tadqiqot asosan hayvonlarda o‘tkazilgan, odamlarning qo‘ng‘ir yog‘ to‘qimasidagi dastlabki kuzatuvlar esa cheklangan namunalarga asoslangan.
Olimlarning fikricha, ushbu kashfiyot yosh o‘tishi bilan organizmning sovuqqa moslashish qobiliyati nega pasayishini tushunishga yordam beradi. Kelgusida mazkur mexanizmni chuqurroq o‘rganish keksalarda issiqlik ishlab chiqarish jarayonini yaxshilashga qaratilgan yangi tadqiqotlar uchun asos bo‘lishi mumkin.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…