2026 yilda IT mutaxassislari uchun qaysi kasblar talabgir?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 2026 yil oxiriga kelib texnologiya sohasida mahsulot menejerlari uchun vakansiyalar ko‘paygan bo‘lsa-da, muhandislik yo‘nalishida o‘sish sekinlashdi va dizayn sohasida ish o‘rinlari rekord darajada kamaydi.
- Lenny's Newsletter tahliliga ko‘ra, sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalari hozirda ko‘plab kasblar uchun asosiy talabga aylangan.
- AQSHda dasturiy ta’minot muhandislarini ishga qabul qilish ko‘rsatkichi 2022 yildagi 239 mingdan 113 minggacha tushgan.
Texnologiya sohasida ish topish imkoniyatlari mutaxassislikka qarab farq qilmoqda. 2026 yil oxirida mahsulot menejerlari uchun vakansiyalar ko‘paygan, muhandislik yo‘nalishida o‘sish sekinlashgan. Dizayn sohasida esa ochiq ish o‘rinlari soni rekord darajada kamaygan. Sun’iy intellekt bilan ishlash ko‘nikmalari ko‘plab kasblar uchun asosiy talablardan biriga aylangan. Bu ma’lumotlar Lenny's Newsletter nashrining 10 noyabrda chop etilgan tahlilida keltirilgan.
Tahlil texnologiya kompaniyalaridagi 9 mingdan ortiq ish beruvchining vakansiyalarini qamrab olgan TrueUp ma’lumotlariga asoslangan. Shuningdek, 124 million mutaxassisning ish faoliyatidagi o‘zgarishlarini kuzatuvchi Live Data Technologies ma’lumotlari ham o‘rganilgan. Ishga qabul qilishga oid raqamlar AQSHdagi holatni aks ettiradi.
Mahsulot menejerlari uchun imkoniyatlar ko‘paydi
2023 yil mart oyidan beri mahsulot menejerlari uchun ochiq vakansiyalar 75 foizga oshgan. 2023 yil boshidan hisoblaganda o‘sish 56 foizga teng. Muhandislik sohasida esa vakansiyalar 43 foizga ko‘paygan.
AQSHda ishga qabul qilish statistikasi ham mahsulot menejerlari uchun nisbatan qulay vaziyatni ko‘rsatmoqda. 2021 yilda barcha ishga olingan mutaxassislar orasida mahsulot menejerlarining ulushi 16 foiz bo‘lgan. Hozir bu raqam 21 foizga yetgan.
Biroq vakansiyalar ko‘paygani ishga qabul qilish ham xuddi shu sur’atda o‘sganini anglatmaydi. Tahlilda mahsulot menejerlarini ishga olish ko‘rsatkichi so‘nggi yillarda barqaror qolgani qayd etilgan.
Muhandislikda o‘sish deyarli to‘xtadi
Muhandislar uchun vakansiyalar o‘sishi 2024 yilda 29 foiz, 2025 yilda 15 foiz bo‘lgan. So‘nggi bir yilda esa bu ko‘rsatkich 2,5 foizgacha tushgan. Hozir texnologiya kompaniyalaridagi muhandislik bo‘yicha ochiq ish o‘rinlari soni mart oyidagidan kam.
AQSHda 2025 yil mayidan 2026 yil apreligacha 113 mingga yaqin dasturiy ta’minot muhandisi ishga qabul qilingan. 2022 yilda esa 239 ming kishi ish bilan ta’minlangan edi. Demak, hozirgi ko‘rsatkich o‘sha davrdagi natijaning yarmidan ham past.
Shunga qaramay, muhandislikning ayrim sohalarida talab yuqori. Ishga yollash bo‘yicha mutaxassislarga vakansiyalar 2023 yil o‘rtasidan beri qariyb uch barobar ko‘paygan. Forward deployed engineer lavozimlari esa bir yilda 4,6 barobar o‘sib, taxminan 1500 taga yetgan. Kiberxavfsizlik muhandisligi ham talab ortib borayotgan yo‘nalishlardan.
Mobil va frontend muhandislariga bo‘lgan talab esa so‘nggi bir yilda deyarli 50 foizga kamaygan.
Dizayn va foydalanuvchi tadqiqotlarida pasayish
Dunyo bo‘yicha texnologiya kompaniyalarida mahsulot dizaynerlari uchun atigi 1900 ta ochiq vakansiya qolgan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 28 foiz kam. AQSHdagi kompaniyalar so‘nggi 12 oyda 12 600 nafar mahsulot dizaynerini ishga qabul qilgan. 2022 yilda bu raqam 27 600 nafarga yetgan edi.
Foydalanuvchilar tajribasini o‘rganuvchi tadqiqotchilarga talab yanada kamaygan. AQSHda so‘nggi bir yilda 1800 nafarga yaqin mutaxassis ishga olingan, 2022 yilda esa ularning soni 5300 nafarni tashkil qilgan. Bir yillik pasayish 66 foizga teng. Butun dunyo bo‘yicha bu yo‘nalishdagi ochiq vakansiyalar soni 108 tani tashkil etmoqda.
Ish beruvchilar sun’iy intellekt ko‘nikmalarini so‘ramoqda
Texnologiya kompaniyalarining vakansiyalarida talab qilinadigan ko‘nikmalar tarkibi ham o‘zgargan. Mahsulot menejerlari uchun LLM eng ko‘p tilga olinadigan ko‘nikmaga aylangan. Claude uchinchi o‘rinda, Cursor, OpenAI va MCP esa eng ko‘p uchraydigan talablar qatorida.
Muhandislar uchun Python yetakchi o‘rinni saqlab qolgan. Shu bilan birga, LLM vakansiyalarda Java'dan ko‘proq qayd etila boshlagan. Dizaynerlar orasida Figma hali ham talab yuqori bo‘lgan vosita. Ammo Claude va Cursor kabi sun’iy intellekt dasturlari ham tobora ko‘proq tilga olinmoqda.
Vakansiyalar asosan San-Fransisko ko‘rfazi hududida to‘planmoqda
Hozir texnologiya kompaniyalaridagi ochiq ish o‘rinlarining 15 foizi San-Fransisko ko‘rfazi hududiga to‘g‘ri keladi. Bu yerdagi vakansiyalar bir yil ichida 43 foizga oshgan. Mahsulot menejerlari va dizaynerlar uchun ochiq ish o‘rinlarining har to‘rttasidan bittasi, muhandislik vakansiyalarining esa har beshtasidan bittasi shu hududda joylashgan.
Masofadan ishlash imkoniyati ham kamaygan. Texnologiya sohasidagi vakansiyalarning 14 foizigina masofaviy ishlashni taklif qilmoqda. 2022 yil oxirida bu ko‘rsatkich 21 foiz edi.
Dizaynerlar uchun masofaviy vakansiyalar ulushi 34 foizdan 19 foizga, muhandislarda esa 25 foizdan 14 foizga tushgan. Mahsulot menejerlarida bu ko‘rsatkich so‘nggi ikki yilda 21 foiz atrofida saqlanib qolgan.
Tahlilda texnologiya sohasidagi ish bozori umumiy hisobda o‘sib borayotgani, ammo yangi ish o‘rinlarining asosiy qismi dasturiy ta’minotga bevosita aloqador bo‘lmagan yo‘nalishlarda paydo bo‘layotgani aytilgan. Maqolaning bu haqdagi yakuniy tahlili pullik obuna orqali o‘qiladi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar



























Izohlar0
…