17:37 / 03.06.2017
11 384

Boylikka o‘ch qizning kasofati...

Boylikka o‘ch qizning kasofati...
Mastura soat kunduzgi o‘n birlarga yaqin bazo‘r uyqudan uyg‘onib vannaxonaga yo‘l olgandi. Eshik qo‘ng‘irog‘i chalinib qoldi. U uf tortgancha yo‘lakka chiqib eshikni ochdi. Yaqin dugonasi Xolida ekan. Anchadan beri ko‘rishishmagandi. Mast uyqusi birdan tarqab dugonasini mahkam quchoqlab oldi.
— Voy, Xoli, bormisan? Namuncha-a?.. Shu tomonlarda bir o‘rtog‘im bor edi, xabar olay-chi, o‘likmikan, tirikmikanam demaysan-a?.. — o‘pkalangan bo‘ldi Mastura. — Kun bo‘yi bir o‘zim zerikib, qon bo‘lib o‘tirishimni bilarding-ku!..
Xolida kula-kula ichkariga kirib jihozlarni ko‘zdan kechira boshladi.
— O‘, zo‘r-ku-a? — dedi tabiatan hasadgo‘y, ayniqsa, Masturaning bu qadar shohona yashayotganiga chiday olmay borayotgan Xolida bilinar-bilinmas lablarini burib. — Kuchayib ketibsizlar-da-a?..
Mastura uning holatini payqamadimi, beparvo javob qildi.
— Ha, oyim bozorda, bilasan-ku!..
— Haliyam osh sotyaptimi? Nahotki, bittagina oshning orqasidan shunchalik…
— Yo‘g‘-e, — uning so‘zini bo‘ldi Mastura. — Bu nima deganing?.. Oyim hozir Xitoyga qatnaydi. Bir yildan oshdi.
— Ha-a, gap buyoqda degin? — Masturaga sirli qarash qildi Xolida. — Sen-chi?.. Senga nima olib berdi oying? Bittagina qiz bo‘lsang…
— Menga qolsa, mashinam bo‘lsa deyman. Ammo…
— Nima ammo?.. Haydashga qo‘rqasanmi?
— Nega qo‘rqarkanman?.. Oyimni sira ko‘ndirib bo‘lmayapti. Bilasan-ku, o‘lgudek qaysar!.. Buyam etmaganday, tergagani-tergagan. Ba’zan to‘yib ketaman. Boshimni olib bir yoqlarga ketvorgim keladi.
— Ie, yolg‘iz qizniyam tergaydimi odam?.. Seni aksincha erkalatib olib yurmaydimi oying?!. Bo‘lmabdi bunaqasi… Hech bo‘lmasa, pul-mul berib turar? Restoranlarga borib turarsan?..
— Restoran? — qoshlarini chimirdi Mastura. — Qahvaxonani so‘rasang-chi!.. Mana shu turishim turish. Kun bo‘yi uyda o‘tirganim-o‘tirgan.
— Shunaqa degin?.. E, men sening o‘rningda bo‘lsam, boshqacha yo‘l tutardim.
— Nima qilarding?..
Xolida bir muddat o‘ylanib turdi-da, xonaga ko‘rk bag‘ishlab turgan jihozlarga ishora qildi.
— Mana shularni sotib-sotib o‘sha oyimning ko‘zini ochib qo‘yardim. Ana undan keyin ko‘zi ochilardi.
— E, nimalar deyapsan?.. O‘zimning oyimni-ya?.. Qo‘y-e!..
— Menga qara, — gapni boshqa yoqqa burdi Xolida. — Qahvaxonada oxirgi marta o‘tirganimiz esingdami?..
— Ha, esimda. Zo‘r bo‘luvdi-a?..
— Oh, anavi Anvar-chi!?. Juda shum edi. Aldab-suldab rosa vino ichirgandi yaramas.
— Baribir yaxshi o‘tirganmiz.
— Bormaymizmi yana?..
— Aytdim-ku, pul yo‘q deb! — qovog‘ini uyib derazadan tashqariga boqdi Mastura. — Oyim bugun qaytishi kerak. So‘raganimminan bermaydi baribir.
— Senda yo‘q bo‘lsa menda bor. Tur, kiyin!.. Anvargayam qo‘ng‘iroq qilamiz. Bir o‘tiraylik. O‘ladigan dunyoda yayraganimiz qoladi… Yigitlarni yalintirganlarimizni eslab bir maza qilamiz…
— Bo‘pti, hozir, sen o‘tirib tur, men darrov kiyinib olay!..
Mastura shosha-pisha o‘rnidan turdi-da, yotog‘iga chopdi…
* * *
Oriqdan kelgan, qora dori iste’mol qilaverganidan ko‘zlari ichiga tortib ketgan Anvar ikki dugonani ko‘rib ichiga sig‘may ketdi.
Anchadan beri ayniqsa, Masturaga ko‘z tashlab yurar, xuddi Xolida kabi uni ham to‘shakka tortish ishtiyoqida edi.
Shu sabab ikkovlarini qahvaxonaga olib kirib stol ustini ichkilik, egulikka to‘ldirib tashladi.
— Anvar, bir maslahatli ish bor. — dedi hiyla kayflari oshgach Xolida uni chetga tortib. — Agar, yo‘q demasangiz, aytaman.
— Aytaver, — Anvar Xolidaning qo‘ltig‘idan tutgan ko‘yi boshini egdi. — Yo‘q degan nomard.
— Anavi… Masturani bir boplamaymizmi?!
— Nega?.. U senga nima yomonlik qildi?
— Yomonlik qilmadi… Bilasanmi, uning oyisi judayam boy xotin. Bir amallab yo‘ldan urganimizda… Kattagina pulli bo‘p qolardik.
— Esingni edingmi?.. Buning iloji yo‘q. Mastura yosh bolamidiki, senga uyidagi pullarni olib chiqib tutqazsa…
— Voy-bo‘, ja hotamtoy bo‘p ketibsanmi?.. Yo puling hech qaeringga sig‘may ketyaptimi?..
Anvar lablarini tishladi.
— Pul hech qachon ortiqchalik qilmaydi. Ammo… Boshqacha yo‘l tutish kerak.
— Xo‘p, ayt unda o‘sha yo‘lingni!.. Axir, bizam bir narsali bo‘p qolaylik-da!.. Qara, bo‘yniga osgan zanjirini!.. Qulog‘idagi zirakni, barmoqlaridagi qo‘sha-qo‘sha uzuklarni ko‘r!.. Bizning qaerimiz kam undan?..
— Sen kvartirasining kalitini qo‘lga kiritishing lozim. — dedi Anvar Mastura o‘tirgan tomonga o‘g‘rincha ko‘z tashlab. — Agar qo‘lga kiritsang, sekingina kirasan-u, xohlaganingcha olib chiqaverasan. Men ungacha Masturani chalg‘itib turaman.
— Shu erdami?
— Yo‘q, bir joyga oborib… Xullas, buyog‘iminan ishing bo‘lmasin!..
— Yaxshi, qani, ketdik unda ishga!..
* * *
Mastura chet el vinosining kayfini surgancha beparvo o‘tirardi. Azbaroyi o‘zini bo‘sh qo‘yib yuborganidan Anvarning qo‘li elkasiga kelib qo‘yilganini ham payqamay qoldi.
— Yaxshi o‘tiribsanmi? — so‘radi Anvar muloyimlik bilan.
Bu orada qarama-qarshi tomondagi stullardan biriga qo‘yilgan sumkachasini Xolida titkilash bilan ovora bo‘ldi.
— Yomon emas. — javob qildi Mastura kulimsirab. — Vino juda o‘tkir ekan.
— Ie, bu vinoni gruzin o‘rtoqlarim sovg‘a qilishgandi. Aslida menikida o‘tirsak ham bo‘lardi-ku, biroq Xolida qahvaxonaga boraylik deyavergani uchun… Bilasanmi, uyimda bundanam zo‘ri bor. Faranglar konyagi. Bir qadahini ichsang, ettinchi osmonda yurganday bo‘lasan.
— Yo‘g‘-e, shunaqayam zo‘rmi?..
— Borgin, bilasan. Men aldamayman-ku seni!..
— Afsuski, borolmayman. Oyim qaytishi kerak bugun.
— Qaytsa nima qipti?.. Ko‘p o‘tirmaymiz.
— Xoli, senam borasanmi? — so‘radi Mastura kalitni olib hech narsa bo‘lmaganday atrofni tomosha qilib o‘tirgan dugonasiga yuzlanib.
— Yo‘q, mening zarur ishim bor. Sizlar borib kelaveringlar!..
— Bormasang borma. — dedi Mastura beixtiyor Anvarning elkasiga bosh qo‘yib. — Men boraman. Anvarning himmatini ko‘raman…
* * *
Pulga, boylikka o‘chlik o‘z so‘zini aytdi. Umrida o‘g‘irlik qilib ko‘rmagan Xolida bu oqshom hamma narsaga tayyor edi. Ammo tajribasizlik qilib qo‘ydi.
Bu vaqt Masturaning oyisi Mehribon opa olis yo‘ldan kelib endigina vannaxonaga cho‘milish niyatida kirgandi. Ichkarida kimningdir yurgani qulog‘iga chalindimi, bezovtalanib yo‘lakka chiqdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, qarshisida qizining yaqin dugonasi qo‘lida bir dasta dollarlarni changallagancha chayqalib turardi.
— Voy, men o‘lib qo‘ya qolay!.. — shivirlab qizga yaqin bordi Mehribon opa. — Bu erda nima qilyapsan? Pullarni qayerdan olding? Mastura qani?..
Xolida orqaga tislanib devorga suyanib oldi.
— Yaqinlashma!.. — dedi qo‘lini oldinga cho‘zib. — Yaqinlashsang, o‘ldiraman!..
— Ie, nega o‘ldirasan?.. Menda qasding bormidi?.. Pullarni ber! Yaxshilikchasiga ber, qizim! Shaytonning gapiga uchma!.. Qani, beraqol, men senga yomonlik qilmayman!.. Hech kimga aytmayman ham. Adashibsan!..
— Nimaga berarkanman? — Xolida pullarni mahkam ko‘ksiga bosdi. — Senlar boyiyverasanlarmi? Biz-chi?.. Biz yuraveramizmi zor bo‘lib?.. Yo‘q, meniyam haqqim bor bu pullarda.
— Xo‘p, avval menga bergin. O‘zim senga beraman keragini. Qo‘lingdagi pullar ko‘p…
— Berib bo‘pman! Ahmog‘ing yo‘q.
— Shunaqami? Unda o‘zingdan ko‘r! Hozir milisaga qo‘ng‘iroq qilaman. Qamoqda chiritaman sen o‘g‘rini!..
Mehribon opa shunday deb sekin telefon tepasiga bormoqchi bo‘ldi. Biroq Xolida epchillik qildi. Jonholatda telefonga yopishib simlarini uzib tashladi.
— Qo‘ng‘iroq qilarmish… — U yugurgancha oshxonaga kirdi-da, oshpichoqni olib yana ortga qaytdi. — Qani, qilmaysanmi qo‘ng‘irog‘ingni?.. Bir tomosha qilay-chi!
— G‘irt megajin ekansan. — dedi pichoqqa ko‘zi tushib ranglari oqarib ketgan Mehribon opa. — Qizimning yaqin o‘rtog‘i deb yursam…
— Kim megajin?.. Menmi?.. O‘zing-chi? Manavi pullarni haromdan topgansan o‘zing ham!.. G‘irt buzuqisan-ku!..
— Nima?.. Voy iflos-ey!.. — Mehribon opa bu gapni eshitib kutilmaganda Xolidaga tashlandi.
O‘rtada olishuv boshlandi. Xolida sochini changallagan qo‘llarni qayirib tashlay olmay halak, Mehribon opa esa bir qo‘li o‘g‘ri qizning sochlarida bo‘lsa-da, ikkinchi qo‘li bilan pichoqni tortib olishga intilardi…
Ulgurmadi. Xolida yoshligiga bordi. Kuch bilan uni itarib yubordi-da, ko‘ksiga pichoq urdi. Bir, ikki, uch…
Nima qilayotganini bilmay Mehribon opaning duch kelgan joyiga pichoq solaverdi…
* * *
Dugonalar shu taxlit bezishishdi.
Ichkilik, maishat orqasidan quvib nomusigacha boy bergan Mastura shu kuni onadan ham ayrilib qoldi.
Ayniqsa, onasini Xolida o‘ldirganini bilgach…
Qilmishlariga ming pushaymonlar edi.
Lekin endi kech. Bo‘lar ish bo‘lgan…
Onani baribir qaytarib bo‘lmasdi.

Olimjon HAYIT

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Boylikka o‘ch qizning kasofati...