Juftingiz yolg‘on gapirayotganini qanday bilish mumkin?

Juftingiz gapirayotganda ko‘zini olib qochsa, asabiylashsa yoki qo‘llarini ko‘p harakatlantirsa, bu uning yolg‘on gapirayotganini anglatadimi? Ilmiy tadqiqotlar bunga oddiy «ha» deb javob berishga imkon bermaydi.
Psixologlarning ta’kidlashicha, yolg‘onni aniqlaydigan yagona va ishonchli tana harakati mavjud emas. Masalan, ko‘zga qaramaslik, bezovta bo‘lish yoki ko‘p qimirlash kabi belgilar odamning shunchaki hayajonlanganini ham anglatishi mumkin. Tadqiqotlarda odamlarning yolg‘onni faqat xatti-harakatlarga qarab aniqlash qobiliyati ko‘pincha tasodifiy taxmindan unchalik yuqori emasligi ko‘rsatilgan.
Shuning uchun juftingizni «ushlash» uchun uning ko‘ziga yoki qo‘llariga emas, gapining mazmuniga e’tibor berish muhimroq. Masalan, aytilgan voqea avvalgi ma’lumotlarga zid keladimi, tafsilotlar o‘zgarib turibdimi yoki oddiy savolga javob berishda muhim ma’lumotlar ataylab chetlab o‘tilyaptimi — mana shunday jihatlar ko‘proq e’tibor talab qiladi.
Eng to‘g‘ri yo‘l esa taxmin qilish emas, xotirjam suhbatlashish va aniq savollar berish. Chunki hatto poligraf («yolg‘on detektori») ham inson yolg‘onini mutlaq aniqlab beradigan ishonchli vosita hisoblanmaydi.
Demak, «ko‘zini olib qochdi — demak, yolg‘on gapiryapti» degan qarash ilmiy jihatdan ishonchli emas. Birgina belgisiga emas, vaziyat, suhbat mazmuni va bir-biriga mos kelmaydigan faktlarga qarash kerak.
Siz juftingizning yolg‘on gapirayotganini qanday aniqlaysiz? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.






























Izohlar 0
…