18:32 / 09.08.2017
9 415

Pulning kuchi...

Pulning kuchi...
Muhtaram o‘quvchi!
Ushbu sahifada yozilgan mo‘’jazgina maqola va hikoyalar asosan atrofimizdagi kishilarning hayotidan, ular bilan bo‘lgan suhbatdan, ayrimlari boshqa kishilarning voqealarni so‘zlab berishganidan va yoki elektron xatjildga yuborilgan maktublardan to‘plangan hayotiy hikoyalardir… Bu hikoyalar to‘plamida men, siz yoki bir qadrdoningiz uchrab qolishi ehtimoldan xoli emas. O‘zingiz va yoki biror yaqiningizni uchratishingiz sizni ranjitmasin, zero, nashrga tayyorlanayotgan kitobimiz nomiga yarasha «YO‘LDAGI ODAM».

Hikoyalar boshqalarga ibrat uchun yozildi, chunki, Mo‘’min-mo‘’minning oynasidir.

Bir yil oldin betob bo‘lib qoldim. Biz uchun “shunchaki, kichik” deb sanalgan jarrohlik amaliyoti uchun Turkiyaga boradigan bo‘ldik. Onam bilan opam birga bordilar. Allohning qudrati bilan o‘zimiz bilmagan holda to‘g‘ri kerakli shifoxonaga borib qolibmiz. Onkologik kasalxona ekan. Vrach yaxshilab tekshirib, “chap tarafing menga yoqmayapti, ammo sen siqilma, operasiya vaqtida hammasi xal bo‘ladi” dedi. O‘sha kuni “Robbim, sharmanda qilma, qalbimdagi qo‘rquvni o‘zing ketkaz” deb rosa duo qildim. Xotirjam bo‘lib qoldim, o‘zim ham hayron bo‘ldim, amaliyotga kulib kirib ketdim. Operasiyaga kirishdan avval vrachga qayta-qayta “ehtiyot bo‘lgin” deb tayinladim…

Vrach mashhur onkolog professor edi. Amaliyot biz o‘ylaganday bir soat emas, negadir to‘qqiz soat davom etdi. Orada vrach onamni chaqiribdi, “Menda buyuk shubha bor, qizingiz to‘qson foizga saraton bo‘lsa kerak, agar tekshiruv gapimni tasdiqlasa, ximiya terapiya qilamiz” debdi.

Onam keyinchalik menga o‘sha paytlarni eslab, “u gapni eshitib, Allohning oldida qanchalik kichik bir chumoliday ekanligimni bildim — borgan sari vrachning har so‘zidan kichrayib boraverdim” deydilar. O‘zlari juda mag‘rur, ham kibrli, izzattalab edilar. “Pul ham, tanishlar ham, hech narsa yordam berolmasligini, umuman, hech kim emasligimni his qildim” dedilar.

Chiqqunimcha onam adoyi-tamom bo‘libdilar. Har kimda bo‘lganiday, ularning ham nozik taraflari bor edi, farzandlarini haddan ziyod yaxshi ko‘rardilar. Onam “Alloh aytganiday qildi, yaxshi ko‘rgan narsam bilan sinadi” dedilar.

Kechasi operasiyadan chiqdim. Onamni ko‘rib, qo‘rqib ketdim, bir kunning o‘zida judayam qarib ketgandilar. Akalarim, Germaniyaga olib ketamiz, deb qo‘ng‘iroq qilishdi. Onam esa, “Allohdan boshqasi yordam berolmaydi” dedilar…

Ishonsangiz, tongga qadar qimirlamay duo qildilar. Menga keyin aytib berishlaricha, “Robbim, agar farzandim tuzalsa, besh mahal namozni qoldirmayman, birortasini qoldirmayman!” deb Allohga va’da beribdilar. Meni boqib, katta qilgan xolam borlar, ular ham “Shu jiyanim tuzalsa, ibodatni boshlayman” deb yig‘lab duo qilibdilar.

Onam birdan butkul o‘zgargandilar, pul yordam berolmaydi deb, gaplarida turib oldilar. Ertasi kuni tongda doktor xonaga go‘yo yugurganday kirdi: “O‘lmaydi, o‘lmaydi qizingiz, yomon sifatli rak emas ekan” dedi. Onam “Bu Allohning qudrati, menga rahmi keldi” deb yig‘ladilar. Men shundan so‘ng tez kunlarda oyoqqa turdim.

Shu-shu, onam umuman shu voqeadan keyin kibr, mag‘rurlik, hammasini tashladilar. Hozir namozlarini vaqtida o‘qiydigan bo‘ldilar, sal kechga qolsalar “Axir, Alloh bilan va’dalashganman” deydilar. Butunlay o‘zgardilar — ibodatli, amalli bo‘lib ketdilar. Xolam ham namozlarini boshladilar. Ro‘mol o‘radilar.

Yurtga qaytishdan oldin bir do‘konga kirdik, chiroyli joynamoz, xuddi shunday rangda ro‘mol, xolamga mos xijob turibdi, hadyaga oldim. Gohida kasallik ham yaxshilikka sababchi bo‘lar ekan. Robbimga ming shukrlar bo‘lsin. Xursand bo‘lib shifo topib qaytdik. Ikkalalarining duolari ijobat bo‘ldi. Shu voqeadan keyin onam faqat “Boyligingiz hech narsani hal qilolmaydi, Alloh xohlamasa, bari bir pul” deydilar.

Ha, chindan ham, agar Alloh xohlamasa, hammasi bir pul…


Manba: fayzbog.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Pulning kuchi...