HarmonyOS endi 64 KB xotirali qurilmalarda ham ishlaydi

Huawei kompaniyasi HarmonyOS operatsion tizimining yangi avlodi atigi 64 KB tezkor xotiraga ega qurilmalarni qoʻllab-quvvatlashini eʼlon qildi. Huawei isteʼmol tovarlari boʻlinmasi boshqaruvi raisi Yu Chendunning soʻzlariga koʻra, tizimning ochiq kodli versiyasi avvalroq 128 KB xotirali gadjetlarda ishlagan boʻlsa, endilikda bu koʻrsatkich ikki barobarga qisqartirildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya rahbarining taʼkidlashicha, bunday kam xotira talab qiladigan qurilmalar energiya samaradorligi boʻyicha rekord natijalarni qayd etishi mumkin. Xususan, ushbu texnologiya asosida ishlaydigan kichik gadjetlar bir marta quvvatlanish orqali bir yilgacha avtonom ishlash imkoniyatiga ega boʻladi. Taʼkidlash joizki, bu koʻrsatkich smartfonlarga emas, balki IoT (buyumlar interneti) qurilmalariga tegishlidir.
64 KB hajmdagi xotira Linux yoki Android tizimlari uchun yetarli emas, shu sababli bunday qurilmalarda odatda yengil vaznli Real-Time Operating Systems (RTOS) ishlatiladi. Huawei ushbu qadam orqali NB-IoT datchiklari va maʼlumotlarni saqlamaydigan boshqa kichik qurilmalar segmentida oʻz ekotizimini yanada kengaytirishni maqsad qilgan.
HarmonyOS 7 taqdimoti doirasida qilingan ushbu bayonot Huawei kompaniyasining Xitoy va jahon bozoridagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Kichik hajmli xotiraga ega qurilmalarning umumiy ekotizimga integratsiya qilinishi foydalanuvchilarga turli gadjetlar oʻrtasida uzluksiz aloqani taʼminlash va ulardan turli maqsadlarda foydalanish imkonini beradi.





























Izohlar 0
…