20:02 / 09.08.2017
14 852

Alda(n)gan qizlar qismati...

Alda(n)gan qizlar qismati...
Oxirgi paytlar o‘zimni qarigandek his qilayapman. Yo‘q-yo‘q, bu gapimdan meni sochlariga oq tushib, yuzlariga ajin soya solayotgan 30-40 yoshlar deb o‘ylamang, bor-yo‘g‘i 25 yoshdaman. O‘qigan bo‘lsangiz, Balzakning “Sag‘ri teri tilsimi”dagi qahramonning bir kuni bir yildek juda tez qarib ketadi-ku, xuddi shunday. Kasbimiz taqozosi bilan ko‘cha-kuyda, odamlar orasida ko‘p bo‘lishga to‘g‘ri keladi. Avvallari bee’tibor ekanmanmi yo rostdan ham keyin o‘zgarib ketishdimi, gul-gul qizlarimizda tikonni ham xijolat qilguchi illatlar ko‘zga tez-tez tashlanmoqda. Meni “qaritayotgan” sabablar ham shundan...

Biz voyaga etayotgan paytlarda qizlar uchun uyat sanalgan ko‘pgina xatti-harakatlar, muomala o‘sha yoshdagi hozirgi qizlarga tabiiy ekani menga g‘alati tuyuladi. U-er bu erdan qizlarning yigitlar bilan qochib ketgani, yashirin nikoh o‘qitib olgani, hatto 18 yoshga kirmasidan homilador bo‘lib qolgani... Bunday salbiy holatlar avval ham bo‘lgan, dersiz. To‘g‘ri, ammo bizning davrda (bunday deyish biroz kulgili, ammo aynan shunday) yigit va qiz o‘rtasidagi munosabat hech qachon ko‘z-ko‘z qilinib, “asli shunday bo‘lishi kerak” yoki “sevishish gunohmi?”, “nima qilibdi?” kabi surbetlik, beandishalik, or-nomussizlik bilan namoyish qilinmasdi.

Bir emas, bir necha bor tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilgan yosh-yosh juvonlarning hayotdan dars beruvchi “saboq”larini tinglab, to‘g‘risi yoqa ushlaging keladi. Ularga bu hayotiy “haqiqatlar”ni ota-onasi o‘rgatayaptimi, unday bo‘lmasa, ular kimdan rang olayapti?!

Qizlarxon ismli muxlisimizning qo‘ng‘irog‘i ana shunday junbushga keltiruvchi murojaatlardan biri bo‘ldi. 18 yoshli bu qiz o‘zini “sirdaryolikman” deb tanishtirdi.

– Opa, sizlarga murojaat qilishimning sababi — meni butun bir tumanga yomonotliq qilishayapti...

16 yoshda edim. Bir kuni internetdagi ijtimoiy tarmoqda olmaliqlik Jamshid ismli yigit bilan tanishib qoldim. Bir-birimizga elektron maktublar jo‘nataverib, oramizda muhabbat uyg‘ondi(!) 2-3 oy o‘tar-o‘tmas Jamshid Sirdaryoga keladigan bo‘ldi. Uchrashdik, u 20 yoshdagi qad-qomati kelishgan yigit ekan, internet-kafeda adminstrator bo‘lib ishlarkan. O‘sha kuni u meni Gulistondagi kafega taklif etdi, suratdagidan (rasmimni ham yuborgan edim-da) ham go‘zal ekanim, menga uylanish niyatida kelganini aytdi. To‘g‘risini aytsam, Jamshid menga ham juda yoqib qolgandi, kunim uning o‘yisiz o‘tmas, qulog‘imda “senga uylanaman” degan gapi jaranglardi. Yana 5-6 oy davomida internet orqali gaplashib yurdik.

16 fevral – mening 17 yoshga to‘ladigan kunimda biz yana uchrashadigan bo‘ldik. Ota-onam savdogar, mol olib kelish uchun Toshkentga ketishgandi. Ukamni bir qarindoshimnikiga qo‘ydimu, guvillayotgan izg‘irin, qorga belanib men ham poytaxtga yo‘l oldim. Biz aynan shu erda uchrashmoqchi edik-da. Jamshid bilan kino ko‘rishga kirib, orqa o‘rindiqdan joy oldik. Xayolimizga kino kirmasdi, birozdan keyin Jamshid “yur, bir qarindoshimning uyidan xabar olib kelamiz”, dedi. Bordik, o‘sha erda u meni tabrikladi va…

So‘ng meni yo‘l taksiga solib, uyimga jo‘natib yubordi. Qish ichi biz yana bir marta Toshkentda, bir marta o‘zimizning Gulistonda uchrashdik. Bahorlarga chiqib ko‘nglim behuzur bo‘lib, rangim o‘zgara boshlagach, homilador bo‘lib qolganimni tushundim va bu haqda Jamshidga aytdim. Qornim chiqa boshlagach, uyimdagilar ham bundan xabar topishdi, Jamshid bilan gaplashib, shar’iy nikohlatishdi. Ota-onamning odamlarning ko‘zi uchun o‘tkazgan to‘yiga qaynona-qaynotam kelishmadi. Faqat to‘ydan oldin kelgan qaynonam va kuyovning xolasi uyimizda katta janjal ko‘tarishdi, qaynotam meni ko‘rishni umuman istamayotganini aytibdi. Qaynonam “Qizlarxon bolani shu erda tug‘sin, so‘ng biz ham elga osh berib, to‘y qilib olib ketamiz” dedi. Biz bu gapga ko‘nishga majbur edik, nikohimizni qonuniylashtirishni ham Olmaliqda amalga oshiradigan bo‘ldik.

Jamshid bilan Gulistondan ijara uy olib yashay boshladik, ikki haftada bir kelib turardi. Ro‘zg‘orni deyarli ota-onam qilib berar, Jamshid adminstratorlikdan boshqa ish topolmayotganini aytib noliyverganidan kelib-ketishiga ham onam bergan pullardan berib turardim. Tug‘ishimga yaqin qolganida bor pulga bolaga sarpo-surug‘ olib qo‘yganim uchun Jamshidga biror so‘m berolmadim. Shu-shu, u tuqqanimda ham kelmadi. Uning o‘zgarib qolganidan xavotirga tushib, folbinga qatnay boshladim. Folbin “ering bilan sening o‘rtangda yo‘l ko‘rinayapti, tez orada qaergadir ketasizlar” degan gapiga laqqa tushib yuraveribman. Bola 3-4 oylik bo‘lganida “endi oylik oldim” degan bahona bilan kirib keldi.

Yana 1-2 kun o‘tib qaytib ketdi. Qo‘l telefonidan uyining, qarindosh-urug‘larining raqamini yozib oldim. Uyiga qo‘ng‘iroq qilsam, bir yoshgina qizning ovozi keldi, indamay turganim uchun “Oyijon, kimdir indamayapti” deganida ichim bekorga shuv etmagan ekan. Jamshidning eng yaqin do‘sti: «Sen kimsan o‘zi?! Jamshid to‘y qilib, tag-tugli qizni nikohiga oldi. Endi uni unut”, deganida ustimdan kimdir sovuq suv quyib yuborgandek bo‘ldi. Boshimni qaerga uray? Axir, qaynopam “To‘y qilib olib ketamiz” degandi-yu, folbin ham sendan boshqasiga uylanmaydi, deb bashorat qilgandi-ku!..”

Qizlarxonning hikoyasini sabr bilan eshitib o‘tirdim-u, “erimni tortib olishdi” deganida gapirmaslikning iloji qolmadi. U qanday qilib sening ering bo‘lib qoldi? Axir, sen Toshkentga borib, u bilan benikoh holda munosabatlarga kirishayotganingda, u ering emasligini bilgan eding-ku? Er degani avval sovchi yuboradi, ota-onadan rozilik oladi, guvohlar oldida nikoh o‘kitadi! Nega endi seni chuv tushirishganida «u mening erim» deb chiday olmayapsan? Qanchalik achchiq bo‘lmasin, Jamshidning haqiqiy xotini – ota-onasi olib bergani!

Endigina yigirmaga kirgan Qizlarxonning taqdirini qog‘ozga tushirar ekanman, unga bir tomonlama qaramayapmanmi, degan xayollar ham o‘tdi. O‘rtada farzand tug‘ilgan, har ikki tomon qiz va yigitning munosabatlaridan xabardor bo‘lsa-yu, nega ularning oilasini qonuniy mustahkamlashmadi, degan savollarni ham berdim o‘zimga. Oriyat o‘z so‘zini aytar ekan. Qizlarxondek ayollar avval boshdanoq o‘z nomusiga xiyonat qildimi, ularning turmushga chiqib o‘z eriga-da xiyonat qilmasligiga kim kafolat beradi? Kattalar ham, yigitning ham aynan shu fikrga kelgan, avlodini “bulg‘ash”ni istamagan ko‘rinadi.

Qancha alam qilmasin, endi kech: Qizlarxon o‘ynab-kulib, oppoq ko‘ylak kiyib, orzular og‘ushida kelin bo‘ladigan mahali tirik etim bolani katta qilish tashvishi boshiga tushdi. Yigitlar qizlar bilan ko‘p uchrashadi, oxiri baribir eng oriyatli, sha’ni, qadr-qimmatini baland tutadigan qizni umr yo‘ldoshlikka tanlaydi. Buni mening oz emas, ko‘p emas 25 yillik hayotiy tajribam tasdiqlab turibdi.

Yaqinda bu voqeadan-da qo‘rqinchliroq gap eshitdim. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaydigan yaqin tanishlarimdan biri aytib berdi: 8-sinf bir qizning homilador bo‘lib qolgani butun mahallayu, maktabga yoyiladi. Qiz dekretga chiqib (ota-onasi bolani o‘zi boqib olishga kafil bo‘lgan), o‘qishi qoldiriladi. Xullas, chorak baholari qo‘yiladigan payt boshqa bir qiz shu tanishimning huzuriga kiradi. O‘qituvchi qizning darslarga to‘liq qatnashmagani uchun baho qo‘ya olmasligini aytsa, qiz ko‘zlarini chaqchaytirib: «Siz indamay “uch”imni qo‘yib bering! Butun maktab haliyam menga rahmat denglar, yigitlar bilan shuncha uchrashsam ham falonchiga o‘xshab homilador bo‘lib ketmayotganimga!» debdi.

Tanishim elliklarni qoralagan, butun umr maktabda ishlagan ayol o‘sha qizning behayo, insonning nafsoniyatiga tegadigan bu gapiga hatto nima deyishimni bilmay qoldim, dedi. Ayrim qizlarning o‘zi or-nomus bobida tubanlashib borayotgani etmagandek, atrofdagilarni buning uchun muttaham qilib olsa-ya?!

Yoshlarning “boshqacha” bo‘lib borayotganiga biz faqat televizor, internet va hokazolarni aybdor qilaverishimiz bilan masala hal bo‘lmaydi. Ota-onalar hirs, nafs, ma’naviy buzuqliklar aks etgan ma’lumotlarni yashiradigan davrlar o‘tib ketdi. Yoshlar internetdan bemalol hammasini bilib olishmoqda. To‘g‘risi nazorat qilish masalasi ham juda qiyin bo‘lib qoldi. Yagona yo‘l — yoshlarga millatimizga asrdan-asrga, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan or-nomus, hayo, andisha kabi tuyg‘ularni singdirishdir. Ularni “hayotda yashashning to‘g‘ri usuli mana bunday bo‘lishi kerak” deya iqror qilish, kattalarning o‘zi yoshlarga namuna bo‘lishi kerak. Ayniqsa, qizlar masalasida.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Alda(n)gan qizlar qismati...