Samsung ofislarida tintuv oʻtkazildi

Janubiy Koreya prokuraturasi Samsung Electronics boʻlinmalarida Rainbow Robotics robototexnika kompaniyasini sotib olish bilan bogʻliq insayderlik savdosi boʻyicha tergov doirasida tintuv oʻtkazdi. Seul janubiy okrugi prokuraturasi tergovchilari bitimga aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan hujjatlar va boshqa materiallarni musodara qildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Samsung kompaniyasi Rainbow Robotics xaridini 2025-yilda yakunlagan edi, biroq huquq-tartibot idoralari endilikda boʻlajak xarid haqidagi maʼlumotlardan fond bozorida noqonuniy daromad olish uchun foydalanilgan-foydalanilmaganini tekshirmoqda. Tergov talqiniga koʻra, Rainbow Robotics kompaniyasining ayrim xodimlari Samsung rejalari haqida oldindan bilgan boʻlishi mumkin.
Shubhali bitimlar 2022-yildan 2024-yilgacha, yaʼni xarid rasman eʼlon qilinishidan oldin amalga oshirilgan deb taxmin qilinmoqda. Ish materiallarida 16 kishi, jumladan, Rainbow Robotics rahbari va moliyaviy direktori ishtirok etmoqda. Noqonuniy olingan foyda miqdori 3 dan 4 milliard vongacha (taxminan 1,9–2,6 million dollar) yetishi mumkin.
Rainbow Robotics Janubiy Koreya robototexnika bozoridagi eng yirik ishtirokchilardan biri hisoblanadi. Kompaniya sanoat va xizmat koʻrsatish robotlari, gumanoid platformalar, robot-baristalar hamda mudofaa sohasida qoʻllaniladigan toʻrt oyoqli robotlarni ishlab chiqadi. Hozircha Samsung Electronics tergov yuzasidan rasmiy izoh bermadi.





























Izohlar 0
…