Kioxia qisqa muddatga Toyota’ni ortda qoldirib Yaponiya yetakchisiga aylandi

NAND flesh-xotira ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlgan Kioxia 12-iyun kungi savdolarda bozor kapitallashuvi boʻyicha Toyota Motor korporatsiyasini ortda qoldirib, Yaponiyaning eng qimmat kompaniyasiga aylandi. Bu voqea koʻp yillik yetakchi hisoblangan avtogigantning oʻrnini vaqtincha boʻlsa-da egallash sifatida tarixda qoldi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yaponiya OAV maʼlumotlariga koʻra, savdolar davomida Kioxia kapitallashuvi 44 trillion iyena (taxminan 300 milliard dollar)dan oshib ketgan. Shu vaqtning oʻzida Toyota qiymati qariyb 43 trillion iyena deb baholangan edi. Garchi yetakchilik uzoq davom etmagan va Toyota oʻz oʻrnini qaytarib olgan boʻlsa-da, bu holat Yaponiya fond bozori uchun muhim signal hisoblanadi.
Tahlilchilar Kioxia aksiyalarining shiddatli oʻsishini sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalari atrofidagi davom etayotgan bum bilan bogʻlashmoqda. ChatGPT kabi AI-servislar, bulutli platformalar va yirik maʼlumotlar markazlarining rivojlanishi xotira qurilmalariga boʻlgan talabni keskin oshirmoqda, bu esa NAND-toʻplagichlar ishlab chiqaruvchilari uchun katta daromad manbaiga aylandi.
Kioxia kompaniyasi 2018-yilda Toshiba tarkibidagi xotira ishlab chiqarish biznesining alohida tuzilmaga ajralib chiqishi natijasida tashkil topgan edi. Taʼkidlash joizki, texnologik sektorning oʻsishi butun dunyoda kuzatilmoqda — avvalroq litografiya uskunalarini ishlab chiqaruvchi ASML kompaniyasi ham Yevropaning eng qimmat brendiga aylangan edi.






























Izohlar 0
…