Niyat qalb amalidir. U har bir ishimizning boshi, ham oxiri. Axir amallarimiz niyatlarimizga qarab baholanadi. Shuning uchun niyatni yaxshi qilaylik.
KO‘PRIK QURUVChI USTA
Aka-uka otalaridan qolgan hovlida kun kechirishardi. Bir tushunmovchilik sabab oralariga sovuqchilik tushdi, gaplashmay qo‘yishdi. Kunlar o‘tgani sari o‘rtadagi jarlik kattalashib borardi. Oxir-oqibat hovlining qarama-qarshi tomonlariga uy solib yashay boshlashdi.
Bir kuni akaning eshigi taqilladi. Ostonada katta yoshlardagi odam turardi:
— Men ustaman, ish qidirib yuribman. Balki hovlingizda menbop yumush topilib qolar, — dedi.
— Ha, albatta! Hovlini kesib o‘tgan ariqni ko‘rayapsizmi? O‘tgan haftada ukam kavlatdi, o‘zicha hovlini ajratib, yerni chegaralab qo‘ydi. Bu yerda yetarlicha taxta bor, — dedi omborxonasiga ishora qilib. — Siz hovlini butkul ajratish uchun o‘sha ariq bo‘ylab to‘siq qurib bering.
Usta darhol ishga kirishdi. Taxtalarni olib chiqdi, o‘lchab kesdi, randaladi. Bu orada ohorli kiyimlarini kiyib olgan aka so‘radi:
— Men bozorga ketayapman. To‘siq uchun yana biror narsa kerak emasmi?
— Rahmat, hamma narsa yetarli, — javob berdi usta.
Kechga yaqin shahardan qaytgan akaning jahli chiqdi. Chunki usta ariq ustiga ko‘prik qurib qo‘ygandi.
— Men sizga to‘siq quring, degandim-ku! — dedi g‘azab bilan ustaga qarab.
Usta javob berishga og‘iz juftlagandi, uyidan chiqib ko‘prikni ko‘rgan uka ular tomonga yura boshladi. Akasining xohishi bilan qurildi deb o‘ylab, xursand bo‘lgan uka shoshib ko‘prikdan o‘tdi va akasini quchoqladi. Ariq qazitgani, qo‘pol muomalasi uchun uzr so‘radi. Birpasda ikkovlari suhbatga kirishib ketishdi. Bu orada anjomlarini yig‘ishtirib, ketishga hozirlanayotgan ustaga «Shoshilmang, mehmonimiz bo‘ling», deb taklif qildi aka. U esa:
— Rahmat, qololmayman. Men hali juda ko‘p ko‘priklar qurishim kerak, — dedi tabassum bilan…
Nigora NE’MAT qizi
TILAB OLINGAN DARD
To‘qsoninchi yillarda, ayni bahor chog‘lari tomorqalarda ishlar qizg‘in paytlar. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlardim. O‘quv yili oxirlab borayotganidan hammada charchoq alomatlari sezilardi. Men ham hech bo‘lmasa bir hafta dam olish niyatida shifokor tanishimga uchradim-da, biror kasallik bahonasida varaqa ochib berishini so‘radim. Vaholangki, o‘zim soppa-sog‘ edim. Shifokor ham hech kim tekshirmaydigan kasallik deb bavosil «tashxis»i bilan kasallik varaqasi yozib berdi.
Ishim bitganidan xursand bo‘lib ko‘chaga chiqdim va shifoxona darvozasi yonida bir tanishimni uchratdim. U mototsiklida meni ham olib ketadigan bo‘ldi. Rahmat aytib, orqaga mingashdim va yo‘lni tekshirganimdan so‘ng yurishi mumkinligini, avtomashina yo‘qligini aytdim. Endigina qo‘zg‘algandik hamki, orqadan katta tezlikda kelayotgan mashina mototsiklni urib yubordi. Bu holat juda tez ro‘y berdi. Men yo‘lning narigi tomoniga uchib tushdim. Ajablanarlisi, mototsikl haydovchisiga, ya’ni tanishimga hech narsa qilmagandi. Mening esa oyog‘im singandi. Keyin singan oyog‘im tufayli bir oy shifoxonada yotib qoldim. Qarangki, oyog‘im tuzalganidan so‘ng bavosil kasalligini orttirdim. Bir joyda uzoq qolganimning ta’siri edi bu. Shu xastalik tufayli yana ikki oy ishga chiqolmadim. Ishdan biroz hordiq olishni niyat qilgandim, ortig‘i bilan dam ham oldim va yolg‘on kasallikka rozi bo‘lgandim qimmatga tushdi...
Gulxumor SIDIQOVA
INShO
Boshlang‘ich sinf rahbari Malika opa adabiyotdan bugun insho yozdirishni reja qilgan. Bolalar «insho» so‘zini eshitib, diqqatlarini jamlab, yaxshilab o‘rnashib olishdi. O‘qituvchi mavzuni ishtiyoq bilan tushuntira boshladi. Іammaning ko‘zi ustozda. Shu payt eshikning asta g‘ichirlashi bolalarning diqqatini bo‘ldi. Muxtor kelgan edi. U doimiy kechga qoluvchilardan emas, ammo bugun negadir boshqacha ko‘rinardi.
Sinfda g‘ala-g‘ovur boshlandi.
— Kech qolib, darsni buzding! — deya zarda bilan qo‘lini stolga urdi o‘qituvchi.
Muxtor indamadi. Negadir, xayoli parishon, bepisand turardi. O‘qituvchi bu «qahramon»ga qanday jazo berishni o‘ylab, biroz jimib qoldi. So‘ng Muxtorning tartibsiz ust-boshiga razm soldi-da:
— Insho mavzusi o‘zgardi! — dedi.
Keyin doskaga katta harflar bilan: «Zararkunanda Muxtor» deb yozib qo‘ydi.
Bolalar yozishga tushib ketishdi. Qo‘ng‘iroq chalingach, daftarlar yig‘ib olindi.
Ertasi kuni dars oldidan o‘qituvchi daftarlarni stol ustiga qo‘yib, nigohlarini derazaga qadagancha o‘ychan o‘tirardi, negadir bitta daftar ochib qo‘yilgan, undagi insho esa juda qisqa edi:
Muxtorni kechirardim...
«Muxtor mening yaqin o‘rtog‘im emas. Lekin bugun unga rahmim keldi. Oldin kech qolganlarni ko‘rsam, bunday bo‘lmasdi. U o‘zini oqlamadi. Kechirim ham so‘ramadi. Faqat yerga qaragancha jim turaverdi. Uning nimadandir qattiq xafa ekanini sezdim. Kim bilsin, balki onasi kasal bo‘lib qolgandir? Muxtor ukalariga qarab turganida do‘xtirga borib kelgandir? Balki ukalari betob bo‘lib, tuni bilan yig‘lab chiqishgandir? Bizning oldimizda ustozga to‘g‘risini aytishga uyalgandir? Ehtimol, boshqa jiddiyroq sababi bordir.
Men o‘qituvchi bo‘lganimda, uni kechirardim...»
Gulchehra ABDULAZIZ qizi
Manba: darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi