Do‘stim Javlonga qo‘ng‘iroq qilayotib, shoshilinchda besh raqami o‘rniga sakkiz raqamini bosib yuboribman. Ammo narigi tomondan eshitilgan shirin ovoz meni bir zumda sehrlab qo‘ydi.
— Allo…
Uning ovozidagi mayinlik yuragimning tinch dengizida to‘fon ko‘tardi, go‘yo. Shu birgina kalom meni bir soniyada joduladi. Arang:
— Allo, bu Javlonning raqamimi? — deya oldim.
— Yo‘q, adashdingiz Javlon emas, Mavlonning raqami, — o‘z gapidan zavqlanib kuldi qiz. — Tak chto, yaxshi yigit, adashdingiz…
— To‘xtang, ovozingiz juda chiroyli ekan, — yana nimalarnidir gaplashgim keldi.
— O‘zim ham bilaman, mayli… Gapi oxirlamasdan yana savolga tutdim:
— Mabodo radioda ishlamaysizmi?
— Yo‘q.
— Qayerda ishlaysiz?
— Qiziq ekansiz-u, sizni tanimasam. Omon bo‘ling, haya, savolingiz bejavob qolmasin. Men o‘likxonada ishlayman…
U tarafdan tut-tut degan ovoz eshitildi. Xayollarim esa parokanda bo‘lib ketdi. Kim ekan? Ovozi shunchalar yoqimli bo‘lsa, o‘zi qay darajada go‘zal? Mana shu qisqa suhbat uni yoqtirib qolishimga sabab bo‘ldi. Raqamni atayin telefon xotirasiga «Adashganim» deb saqlab qo‘ydim. Kechga tomon yana o‘sha shirinsuxan qiz bilan suhbatlashgim keldi. Raqam terdim.
— Allo, — yana sohir ovoz eshitildi.
— K…kechirasiz, yana sizga adashib tushdimmi? — atayin o‘zimni bilmaslikka soldim.
— Shunaqa, shekilli…
— Bir ko‘rgan tanish, ikki ko‘rgan bilish, uchinchisi qarindosh, deyishadi.
— Yo‘g‘-ye, siz hali meni ko‘rmadingiz-ku…
— Ko‘rmasam ham ovozingizdan xuddi ko‘rib turgandek his qilyapman. Ismingiz nima?
— Alomat, — deya xandon otib kuldi qiz. Uning qahqahasi ham juda yoqimli eshitildi.
— Hazilga usta ekansiz. Rostini ayting, mening ismim Murod.
— Yaxshi, ammo Murod aka, bu raqamga boshqa qo‘ng‘iroq qilmang. Akam olib qolsa, naq baloga qolasiz.
Tavba, qizlarning bilib olgan quroli: «Akamga aytaman». Akasi bormi, yo‘qmi farqi yo‘q. Yo‘q, men ortga chekinadiganlardan emasman.
Ertasi kuni yana qo‘ng‘iroq qildim.
— Labbay, — uning ovozi xuddi xushbo‘y atir singari kishini mast qilib qo‘yardi (Har holda menda shunday holat kuzatildi).
— Alomatxon, yaxshi dam oldingizmi?
— Rahmat, yaxshi. Nima kerak o‘zi sizga? — savol ohangidan qizning jahli chiqqanini payqadim.
— Sizni yoqtirib qoldim, desam ishonasizmi?
— Yo‘q, ishonmayman. Axir siz meni ko‘rmagansiz-ku?
— Ko‘rmagan bo‘lsam ham tasavvur qilyapman. Ovozi shu qadar go‘zal insonning o‘zi ham go‘zal bo‘lishi tabiiy.
— Agar unday bo‘lmasa-chi? Xayollaringiz adashgan bo‘lsa-chi?
— Yo‘q, men adashmayman, — dedim qat’iy.
— Siz o‘ylagandek chiroyli bo‘lmasam-chi?
Bu savolni kutmagandim…
— Unda, u holda… — kalovlanib qoldim.
— Xayrmi?
— Yo‘g‘-e…
— Xayr… — yana go‘shak qo‘yildi.
Rostdan ham shunday bo‘lsa-chi? Yo‘q, qiz meni aldash uchun, qayta bezovta qilmasligim uchun shunday dedi. Bilaman, u juda go‘zal.
Kechga borib yana qo‘ng‘iroq qildim.
— K…kechirasiz, boya gapimni tugatmasimdanoq qo‘yib qo‘ydingiz… Men sizni yoqtirib qolganim rost. Siz qanday bo‘lmang, men siz bilan aloqani uzmayman. Keling, uchrashaylik.
— Yo‘q, uchrashishimiz uchun avval sinovlarimdan o‘ting, yaxshi yigit, — deya kulib yubordi u.
— Hech bo‘lmasa ismingizni aytarsiz.
— Gulsanam…
— Mamazoitovami? — atay hazilga burdim tag‘in.
— Ha, Otabek Muhammadzohid akam bo‘ladi.
— Men esa Murodbek Qilichevman. Birga duet aytsak bo‘larkan-a, Gulsanam…
Narigi tomondan qizning sho‘x kulgusi eshitildi.
Shu tariqa u bilan telefonda yaqindan tanishib oldik.
— Tibbiyot kollejining bitiruvchisiman, — dedi u.
— Taqdir o‘yinining ajoyibligini qarang. Kasbimiz ham yaqin ekan. Men dorixonada ishlayman. Ikki yil avval tibbiyot kollejining farmatsevtika fakultetini tamomlaganman.
Shu taxlit suhbatimiz bir-biriga ulanib ketdi. U bilan soatlab gaplashardim. Ochig‘i, telefondayoq unga asir bo‘lgandim. Yana nimalarnidir suhbatlashging kelaveradi. Uning suvrati tasavvurimda chizilib, hatto tushlarimga ham kirardi.
— Rasmingizni «Telegram»dan jo‘nating, bir ko‘ray. Yoki manzilingizni bering, boraman.
— Hamma narsaning vaqti-soati bor, Murod aka. Sabringizni sinaylik-chi? — dedi u quvlik bilan.
Sirli sevgilimdan ishxonamdagilar ham bexabar qolishmadi.
— Tavba, ko‘rmasdan ham birorta qizni sevib qolsa bo‘larkan-a, — deb hayratlandi ish boshqaruvchimiz Asad aka.
— Qarab turing, birorta xunuk qiz kelsa, sevgani uchun pushaymon bo‘ladi, — javob qildi hamkasbim Dildora.
Xullas, naq olti oy faqat telefonda suhbatlashdik. Mening sirli qo‘ng‘iroqlarimdan xabar topgan onam:
— Kelin topish ilinjida yurgandim. Kim u qiz? — deb so‘radi.
— Oyi, rosti o‘zim ham hali ko‘rmaganman.
— Iye, ko‘rmasdan qanday gaplashyapsan? — hayratlandi onam.
— Telefonda tanishib qolgandim. Hali uchrashuvga rozi bo‘lmadi.
— Voy, bolam, ovozi chiroyli-yu, yuzi xunuk qiz bo‘lsa nima qilasan? O‘qish joyini so‘ramadingmi?
— So‘radim. Tibbiyot kollejida o‘qirkan. Ammo qaysi birida ekanligini aytmadi.
— Bolam, ishqilib, aldanib qolmaginda… Muhabbatda aldangan yomon. Ko‘ngling sinsa juda alam qiladi. Bir uchrash. O‘zingni aldama, — dedi onam xayrixohlik bilan.
Volidamning xavotiri menga ham ko‘chdi. Rostdan ham kimdir meni aldab yurgan bo‘lsa-chi. Yaxshisi, uni uchrashuvga chaqiraman. Bas, shuncha payt telefonda gaplashganimiz yetar…
— Gulsanam, sizdan bir iltimosim bor, — dedim ertasigayoq qo‘ng‘iroq qilib. — Ishxonamga keling, iltimos. Mushuk-sichqon o‘yinini bas qilaylik. Bir uchrashaylik.
— Bo‘pti, ammo meni ko‘rib hayratlanmaysiz. Birga biror joyda tushlik qilamiz, rozimisiz? — dedi u ham taklifimga javoban.
Uyqudan barvaqt turib, o‘zimga oro berdim. Harqalay qizda yaxshi taassurot qoldirishni istadim. Ishxonaga kirib borarkanman, hamkasblarim mendagi o‘zgarishni payqashdi.
— Ha, bugun xuddi kuyovlardek yasanib kelibsan, — dedi Asad aka.
— Bugun Gulsanam bilan uchrashaman. Shu yerga keladi, — quvonchimni yashirmay so‘zladim.
— Qarang-a, mahbubangizning chiroyini ko‘rarkanmiz-da, — dedi qaqajon Dildora.
Vaqt tushga yaqinlashgani sari betoqatlana boshladim. Shu payt qo‘l telefonim jiringladi.
— Men keldim. Bu yerda ikkita dorixona bor ekan. Qaysi biridasiz? — uning ovozini eshitib, hayajonga tushdi.
— Tepasida jigar rang yozuvda yozilgani… — Negadir yuragim shoshib ketardi.
Zum o‘tmay Dildora qah-qah otib kulib yubordi:
— Murod aka, anavimi sevgilingiz?
U ko‘rsatgan tomonga qaradim. Eshikdan baland bo‘yli, do‘mboqqina qiz biz tomonga qarab kelardi. Egnidagi havorang libosi uni yanada to‘la ko‘rsatardi. Yuzidagi pardoz haddan oshiqligi sezilib turardi. Ochig‘i, bunday qiyofani kutmagandim.
— Yo‘q, Dildor, u emas, — dedim azbaroyi hafsalam pir bo‘lishidan qo‘rqib.
Darhol sim qoqdim. Eshikdan kirayotgan qizning telefoni jiringladi. Shu zahoti o‘chirdim. Ishxonamizdagilar qizni ko‘rib, piq-piq etib kula boshlashdi.
— Telefonda sevib qolgan Laylingiz juda go‘zal ekan-a, — deya gap qo‘shdi hamkasbim Tal’at.
— Jim bo‘ling, meni yo‘q denglar, — degancha ichkariga kirib ketdim. Alam va andishadan o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. Nima qilishni bilmay qolgandim.
— Kechirasizlar, Murod aka shu yerda ishlaydimi? — so‘radi qiz.
— Ha, hozir chaqirib beramiz, — javob qildi Dildora quvlik bilan.
Chiqay desam, bunday qizni kutmagandim. Chiqmay desam yigitlik lafzim bor. U bilan birga tushlik qilishga kelishib olgandim, axir. Mayli, nima bo‘lsa bo‘ldi, tavakkal, deya yoniga chiqdim.
— Siz… siz Gulsanammisiz? — arang so‘z qotdim.
U ham men ko‘rib kulib yubordi. Bosh silkidi.
— Ha, hayron qoldingizmi? Kimni kutgandingiz? — so‘radi kulimsirab.
— Men… haligi… — ortimdan meni kuzatishayotganini payqadim-da, darhol ko‘cha tomonga ishora qildim.
— Hozir xalatimni yechay, biror joyda o‘tiramiz…
— Yoqimli suhbat tilaymiz, — deb kulishdi hamkasblarim.
Yo‘q, men nomard emasdim. Gulsanam bilan birga o‘sha atrofdagi kichikroq tamaddixonada tushlik qildik. Ammo uning negadir ovozi telefondagidek mayin emasdi. So‘rashga botinolmadim. Harqalay qiz bolaning ko‘ngli nozik bo‘ladi. Tushlik davomida ko‘p gaplashmadik ham. Uni avtobus bekatiga qadar kuzatib qo‘ydim.
Dorixonaga kirib kelarkanman, yana kulgi ko‘tarildi.
— Bo‘ldi qilinglar. Men qayerdan bilay? — dedim azbaroyi achchiqlanib.
Ishonchim paymol bo‘lganidan yig‘lab yuborishdan arang o‘zimni tiyib turardim. Hissiyotlar bir zumda almashgandi. Ovoz va ko‘rinishdagi farq tuyg‘ularimni ham chalkashtirib yuborgandi.
— Voy, juda kelbatli qiz ekanmi? Mabodo tosh ko‘tarmasmikan? — yana hazil qildi Dildora.
Shu mahal telefonim jiringladi. Ekranda Gulsanam yozuvi chiqqandi. Telefon tugmasini bosishga ikkilanib qoldim.
— Javob bering, Shiriningiz axir… — yana kulishdi ishxonadagilar.
— Allo…
Shu zahoti aloqa uzildi.
— Men keldim, — degan ovoz eshitildi ortimdan.
O‘girilib qarasam, yonimda chiroyli qiz turardi. Tim qora qosh-u ko‘zlar. Labining ostidiga nuqtadek xoli ham bu chiroyga yanada o‘zgacha husn qo‘shardi. Egnidagi sariq libosi kelishgan qaddi qomatiga juda yarashgandi. Xuddi tushlarimda ko‘rgan malagim edi, go‘yo.
— Gulsanam!… — yanada hayratga tushdim.
— Ha, men Gulsanamman. Hamkasblarim ham unga tikilib qolishgandi.
— Meni kechiring, Murod aka, sinash uchun kursdoshim Durdonani jo‘natgandim. Munosabatingizni bilmoqchiydim. Agar yashirinib, men yo‘qman, deganingizda, haqiqiy Gulsanamni ko‘rmasdingiz. Mardligingiz va samimiyligingiz uchun o‘zim yoningizga kelishga qaror qildim.
SAIDA
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin