15:40 / 16.02.2018
6 162

"Mag‘rur sevgi" qurboni...

"Мағрур севги" қурбони...
Nihoyat, bugun yonimga keldingiz. «Iltimos, meni kechir, hammasini endi tushundim», degancha ko‘zlarimga mungli termuldingiz. Imkon qadar nigohingiz bilan to‘qnashmaslikka harakat qildim. Chunki ko‘zlarim ko‘zlaringiz bilan uchrashsa, meni o‘zligimdan ayirishi aniq. Ko‘zlaringizdan qo‘rqardim. O‘zimni boshqarolmay so‘zlaringizga chippa-chin ishonib qolishim mumkin edi. Shu bois yerdan ko‘z uzmadim. «Yo‘q, endi birga yasholmaymiz», dedim ohista. Siz esa yon berishni istamadingiz. Qo‘llarimdan tutdingiz. Men esa qo‘llarimni tortib olgancha: «Iltimos, keting, meni o‘z holimga qo‘ying», deya oldim, xolos. Og‘ir xo‘rsinib: «Yana bir o‘ylab ko‘r», degancha xonadan chiqib ketdingiz. Ketishingiz bilan yuragim tubida cho‘kib yotgan alamu iztirob vujudimni qurshab oldi.

Aslida, taqdirimizning bunday bo‘lishiga ko‘proq o‘zim sababchiman. Sizga bo‘lgan muhabbatim va yana osmon qadar g‘ururim aybdor…

O‘shanda bitiruv oqshomida menga mayin jilmaymaganingizda ko‘nglim asirangiz bo‘lmasmidi, balki? Yuragimni, keyinroq esa hayotimni azoblarga tashlamagan bo‘larmidim? Bolalarim tirik yetim bo‘lib qolmasmidi?..
* * *
Siz o‘ta mag‘rur edingiz. Meni boyligingiz ham, oilangizning obro‘-e’tibori ham zarracha qiziqtirmagan. Sizning nimangizni yoqtirganimni o‘ylab, o‘yimga yetolmasdim. To‘g‘ri, xushsurat yigit edingiz. Har qanday qiz poyingizda jon berishga tayyor edi. Lekin men undaylardan emasdim. Meni husni jamolingiz ham rom etmagan. Meni mag‘rurligingiz, ha, o‘sha hech kimga bo‘ysunmasligingiz maftun etgandi. Chunki men ham mag‘rur edim. Ammo mag‘rurligim sizning kibru havongiz oldida dengizdan bir tomchi edi, xolos.

Sizni yoqtirib qolganimni eshitgan dugonam menga tanbeh berdi: «Esingni yig‘. Ortingdan manaman degan yigitlar yurgan bo‘lsa-yu, kelib-kelib shuni yoqtirasanmi? U seni ham boshqalar kabi dog‘da qoldirib ketadi. Bir marta jilmaygan bo‘lsa, nima qilibdi?! Shunga shunchami? U odam emas. U temir. Temirning o‘zginasi!»

Dugonamning so‘zlari qanchalik achchiq bo‘lmasin, mening olov ko‘nglimni so‘ndirolmadi. Aksincha, olovni yanada alangalatdi. Sizga bo‘lgan qiziqishim ortsa-ortdiki, aslo kamaymadi. «Mana ko‘rasan, unga sevishni o‘rgataman. Sevgini o‘rgataman», dedim dugonamga. Sizni manmanlik cho‘qqisidan tushirib, muhabbat vodiysiga yetaklashga ko‘zim yetardi. «Uddalay olaman», deb o‘ylardim.

Siz bilan yaqindan tanishdik. Siz menga aytganlaridan ham yuz chandon kalondimog‘ edingiz. Rosti, birinchi suhbatimizdayoq ko‘nglimdagi olov pasaygandek bo‘ldi. Ammo siz bilan tanishishdan oldin dugonalarimga sizni o‘zimga qaratib olishga va o‘zgartirishga garov ham o‘ynagandik. Men o‘zimga ishonardim, mehr-muhabbat bilan har qanday odamni o‘zgartirtirsa bo‘ladi, deb o‘ylardim. Siz bilan har gal uchrashganimizda hamisha balandparvoz gaplarni gapirardingiz. Ko‘nglimdagi olovni so‘ndirmaslikka, sizning faqat yaxshi tomonlaringizni qidirishga, o‘ylashga harakat qilardim. Ammo yaxshi tomonlaringiz oz edi… «Nima qilibdi, yolg‘iz o‘g‘il bo‘lganidan keyin shunaqa-da», deb o‘zimcha sizni oqlardim ham.

Dugonalarim orasida uyalib qolishdan cho‘chib, mehringizni qozonishga urinardim. Chunki hayotda doim g‘olib bo‘lishga o‘rgangandim.

Taqdir bu safar ham mendan omadini darig‘ tutmadi.

«Aziza, senga uylanmoqchiman», — dedingiz bir kuni. Quvonchdan boshim osmonga yetayozdi. Bu paytga kelib men ham sizga o‘rganib qolgandim. Sovchilaringiz kelgan kuni onam:
«Shu yigitga ko‘ngling bormi?» — deya so‘raganida nima deb javob berishni bilmay qolgandim. «Ha», deyishga ham, «Yo‘q», deyishga ham tilim bormasdi. Rozi bo‘lish uchun negadir ko‘nglim tinch emasdi. Qolaversa, sizni o‘ta manman, keragidan ortiq mag‘rurligingiz uchun ham sevardim. Sizga turmushga chiqsam, hamma narsam yetarli bo‘lishini, ammo sevgidan mosuvo yashashimni ham anglab turardim. Meni tashvishga solayotgan barcha o‘ylarimni bir chetga surdim-u, to‘yga rozilik berdim.

To‘ydan oldin meni ba’zilar qarorimdan qaytarmoqchi bo‘lishdi.

«Esing borida etagingni yop. Boyligiga uchma, u otasining arzandasi», deyishdi sizni yaqindan bilganlar.

Men nodon qanchalar qiyin bo‘lmasin, mudrab yotgan yuragingizda muhabbatni uyg‘otmoqchi bo‘ldim.

Hammasi to‘ydan keyin boshlandi. Men sizni yaxshi bilaman deb, adashgan ekanman. Inson yashamaguncha ikkinchi odamni yaqindan bila olmas ekan. To‘ydan uch kun o‘tiboq yarim kechasi mast bo‘lib kelishingiz meni esankiratib qo‘ydi. Ezgu niyatlar bilan bir yostiqqa bosh qo‘yganiga uch kun bo‘lgan kelinchakning ahvolini bir tasavvur qiling. Kim nima deb o‘ylaydi? Siz shu haqda o‘ylamadingiz. «Azi», deb baqirdingiz mashinadan tushar-tushmay. Qaynota-qaynonamdan uyalib ketdim. Qaniydi, o‘sha paytda yer yorilsa-yu, kirib ketsam…

O‘shanda qanchalar xatoga yo‘l qo‘yganimni anglab yetdim. O‘zimga ishonchim so‘na boshladi. Ammo ortga qaytishga yo‘l yo‘q edi. Ko‘nikishga harakat qildim. Siz bilan sizga ko‘nikib yashay boshladim.

Ona bo‘lishimni bilgan kunim quvonchdan boshim ko‘kka yetgandi. Qanchalar shodlanganimni so‘z bilan ta’riflolmayman. Farzand sizda ham mehr uyg‘otishini o‘ylab quvondim. «Biz farzandli bo‘lamiz», deb shivirlaganimda miyig‘ingizda kulgancha: «Juda yaxshi», dedingiz sovuq ohangda. Turgan joyimda tosh qotdim. Yangilikni eshitib, meni bag‘ringizga bosishingizni istagandim. «Tabriklayman», deya shodlanishingizni kutgandim. Men sizni haqiqatan ham, tosh ekanligingizni unutgan ekanman. Alamimni ichga yutdim. Siz bilan tanishgan o‘sha kunni qarg‘adim. O‘sha tun Xudodan ko‘nglingizga insof va zarracha mehr berishini o‘tinib so‘radim.

Hamma menga havas qilardi. Shahardagi manaman degan oilaning erkatoy kelini edim axir. Barcha narsasi bisyor, baxtli kelin sanashardi meni. Aslida-chi? Qalbim unsiz ko‘z yosh to‘kardi. Hech kimga dardimni aytolmayman. Faqat onangizgina ahvolimni biroz tushunardi. Goh-gohida: «Qizim, sabr qiling, o‘g‘lim hali yosh, ko‘ngil olishni bilmaydi-da», deya aybdor ohangda gapirib, meni yupatardi. Ona-da, farzandini yomon deyolmaydi. Lekin shu munisa ayolning so‘zlari menga taskin-tasalli bag‘ishlardi.

Yodingizdami? Shifokor menga «Kamqon ekansiz. Davolanishga yotmasangiz, bolaga zarar bo‘ladi», deganida sizga javdirab tikildim.

«Kasalxonada yotishi shartmi?» bepisand ohangda so‘radingiz shifokordan. Bu so‘zlaringizni eshitib, ichimdan qirindi o‘tdi. Axir gap faqat men to‘g‘rimda emas, balki sizning pushti kamaringizdan tug‘ilajak farzand ustida ketayotgandi-ku. «Dod», deb yubormaslik uchun labimni qattiq tishladim.

— Uka, men siz bilan hazillashayotganim yo‘q, — dedi shifokor bexavotir gapirishingizdan ranjib. — Xotiningizning ahvoli chindan jiddiy!

— Yo‘q, mening xotinim kasalxonada yotmaydi. Kerak bo‘lsa, doktorlarning o‘zi uyimga borib davolashadi.

Mag‘rurona aytgan gapingizdan ko‘nglim og‘ridi. Yana manmansirash… Yana boylikni, mansabni pesh qildingiz. Men esa har galgidek indamadim. Sizning fe’l-atvoringiz hech narsadan tap tortmaydigan sho‘x-shaddod qizni bir necha oyda ma’sumaga aylantirib qo‘ygandi.

O‘g‘limiz tug‘ilganida sevinganimdan barcha araz-ginani unutdim. Bir quchoq alvon atirgullar bilan kirib kelganingizni ko‘rib boshim ko‘kka yetdi. Guldastani qo‘lga olarkanman, «Endi, albatta, o‘zgaradi», deb o‘yladim. Lekin…

«Agar qiz tuqqaningda ko‘rgani ham kelmasdim. Omading bor ekan», dedingiz. Mana shu jumla meni yerga tushirdi. Hayrat va hadik ila ko‘zlaringizga termuldim. Hamisha mag‘rur, o‘ktam, ammo sovuq nigoh. Men bu nigohdan mehrni, muhabbatni izlabman-a…

Kunlar o‘tib borardi. Mendagi shijoat allaqachon so‘nishi kerak edi. Ammo umidimni yo‘qotmasdim. Bolam menga dalda bo‘ldi.

Meni loaqal tug‘ilgan kunimda tabriklab qo‘ymasdingiz. Dasturxon yozib, mehmon kutardik. Dasturxonni nozu ne’matlarga to‘ldirib tashlardingiz-u, biroq menga bir kalima shirin so‘z aytmasdingiz. «Aziza, baxtimga sog‘ bo‘l. Tug‘ilgan kuning muborak!» deyishingizni yillar davomida kutib yashadim. To‘g‘ri, hech narsadan kamchiligim yo‘q edi. Lekin ko‘nglim bo‘shab qolayotgandi-da.

Qizalog‘imiz tug‘ilganidan keyin siz bilan umr yo‘limni bog‘laganimga afsuslandim. Oy-kunim yaqinligini bilib, chet elga dam olishga ketdingiz. Menga dalda bo‘lib yonimda turish o‘rniga, maishat izidan quvdingiz. Qizimni qo‘limga olganimda xo‘rligim kelib yig‘lab yubordim.

Sizni o‘zgartirolmasligimni esa kech
angladim…

Sizni qanchalar tez yoqtirib qolgan bo‘lsam, shunchalar tez sovidim. Faqat bolalarim uchun siz bilan yashardim. Ba’zida sizda mehr tuyg‘ulari uyg‘onib qolardi. Bolalarni erkalatib, men bilan ham iliq munosabatda bo‘lardingiz. Biroq bunday fursat juda kam, oniy lahzadek o‘tib ketardi. Siz ishdan ortmasdingiz. Asosiy maqsadingiz pul topish. Boshqasi sizni qiziqtirmasdi.

Siz bilan umrim oxiriga qadar shu alfozda yashashga tayyor edim. Biroq taqdirning men kutmagan sinovlari bisyor ekan.

Aslida, o‘shanda restoranga bormaganim ma’qulmidi. Afsuski, vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Dugonalarim bilan suhbatlashib o‘tirarkanmiz, to‘satdan ko‘zim tanish mashina raqamlariga tushdi. Bu sizning mashinangiz edi. Hayratlandim. «Erim bu yerda nima qilyapti?» degan o‘yda atrofga olazarak boqdim. «Balki, tushlik qilgani kelgandir», deb o‘yladim. Afsuski…

Siz bizdan bir necha stol narida yosh qiz bilan kulishib o‘tirardingiz. Ichimdan nimadir uzilgandek bo‘ldi. Yuragim beixtiyor tez-tez ura boshladi. Ishonasizmi, men o‘sha lahzalarda ko‘zlarimga ishonmasdim. Siz tomonga qattiqroq tikildim. Yo‘q, ko‘zlarim adashmagandi. Bu siz edingiz! Mening beparvo, bedil, bemehr yorim. Olisdan sizni kuzatgan odam ham maqtanib gapirayotganingizni sezishi qiyin emasdi. Ko‘zim sizga tushdi-yu, vujudimni titroq bosdi. Xushchaqchaq o‘tirgan ayol bir zumda yer bilan teng bo‘lgandim.

— Senga nima bo‘ldi? — rangim oqarinqiragan chog‘i, dugonam tashvishlanib so‘radi.

— Nimadir yoqmadi, shekilli, — dedim yolg‘ondan tabassum qilib.

Shu tobda dugonalarim siz tomonga qarashlaridan cho‘chirdim. Imkon qadar bu yerdan tezroq ketishga harakat qilardim. «Qizim yig‘lab qoladi», deya bahona qildim dugonalarimga. Siz-chi, siz meni ko‘rmasdingiz ham. Yana bir qizni aldovlarga ko‘mib, o‘zingizga mahliyo qilib o‘tirardingiz. Mansabingiz-u boyligingizni maqtardingiz, nazarimda.

Uyga qay holatda kelganimni bilmayman. Xonamga kirdim-u, ko‘nglimdagi faryodni tutib turolmadim. Aybim nima? Sizni yaxshi ko‘rib qolganimmi? Yaxshi insonga aylantiraman, deb o‘ylaganimmi? Beparvolikka, bemehrlikka chidashim mumkin, ammo xiyonatga hech qachon chidolmayman. Agar o‘zga odam «Eringni bir qiz bilan ko‘rdim», desa gapiga ishonmay, uni yumtalagan bo‘lardim. Afsuski, sizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandim. O‘zimni haqoratlangandek, xo‘rlangan, kamsitilgandek sezdim. Endi siz bilan ortiq birga yasholmasdim.

O‘zga qiz bilan ko‘rganim haqidagi xabarni eshitib, avvaliga tondingiz. «Bo‘lmagan gap, hech qanaqa qiz bilan yurganim yo‘q», dedingiz ko‘zlarimga tik boqishga uyalmay. Biroq restoran nomini eshitib rangingiz oqarinqiradi. «Hali ortimdan kuzatib yuribsanmi?» deya o‘shqirdingiz. «Kuzatganim yo‘q, Lobarning tug‘ilgan kuni edi. O‘sha yerda qizlar bilan o‘tirgandik. Ertalab aytgandim-ku, esingizda yo‘qmi? Siz…» Gapimni tugatolmay yig‘lab yubordim. Alam jonimdan o‘tib ketgandi. Yuragimdagi sevgi nafratga aylangandi. «Nima qilibdi, men erkakman! Xohlasam, mingtasi bilan yuraman. Sen menga xo‘jayinmassan. Sen uydagi cho‘risan, xolos!» Gaplaringizga chidolmadim. Beixtiyor tarsaki tortib yubordim.

Oramizdagi janjalni eshitib, onangiz yugurib chiqdi.

— Qizim… — qaynonamning gapirishiga yo‘l qo‘ymadim.

— Oyijon, meni kechiring. Ammo men ketaman…

— Oyi, qo‘yavering, ketsa ketaversin. Baribir, mendan yaxshisini topolmaydi. O‘zi qaytib keladi, — deya yana kibru havo bilan gapirdingiz. Aybni yana menga ag‘dardingiz. Shuncha yil sizni o‘zgartirolmagan ekanman, afsus.

Ota uyimga qaytib kelganimdan so‘ng ortimdan kelmadingiz ham. Men-ku mayli, hatto bolalarni sog‘inib ham bir marta xabar olmadingiz-a? Faqat ota-onangizni jo‘natdingiz.

Mana, oradan besh oy o‘tib, yonimga keldingiz. Bugun nima sizni yonimga yetaklaganini bilmayman. Ilk bora kechirim so‘radingiz. Ammo qalbim muzlab bo‘lgan. Besh oy oldin kelib, uzr so‘raganingizda, balki qaytib borgan bo‘larmidim? Besh oylik bolalarim sog‘inchi, to‘kkan ko‘z yoshlarim, iztiroblarim sizni kechirishga yo‘l qo‘ymayapti. Lekin eng og‘ir gunoh o‘zimda, katta gapirib yuborganimda. Dugonalarimdan qaysi biri ustimdan kulayotgandir, yana birovi menga achinayotgandir. Shuning uchun men sizni emas, ko‘proq o‘zimni kechirolmayman, o‘zimni…

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » "Mag‘rur sevgi" qurboni...