11:02 / 03.03.2018
6 226

Xiyonatning “achchiq jazosi”...

Хиёнатнинг "аччиқ жазоси"...
Oysuluv momo kattakon hovlida kelini Nozigul va nabirasi Bahodir bilan birga yashaydi. O‘g‘li Anvarning xorijga ketganiga esa bir yildan oshdi. Bahodir otasini sog‘inib injiqligi ko‘paygan, Nozigul ham odamovi bo‘lib qolganiga ancha bo‘ldi. Qachon qaramang, xonasiga qamalib olgan. Oysuluv momo shular haqida o‘ylab yuragi siqiladi. Anvar bilan bir-ikki gaplashganida o‘g‘liga bu haqda aytdi. U “Xo‘p-xo‘p”, deya onasini ovutib qo‘ydi-yu, ammo “Kelaman”, demadi. Uzun o‘ylar girdobida yurgan momo bugun ham erta tongdan hovlidagi ishlarga unnadi. Nozigul esa u-bu narsa qilgan bo‘ldi-da, yo‘lga otlandi. Darvozaga tomon odimlarkan, nimadir yodiga tushgandek to‘xtab, ortidan jimgina kuzatib turgan qaynonasiga yuzlandi:

— Aytgandek, oyijon, o‘g‘lingiz pul jo‘natibdi. Shuni olib kelay. Tez qaytaman.

Oysuluv momo hafsalasizgina og‘ir xo‘rsinib:

— Ha, yaxshi borib keling, — dedi-yu ko‘ngli og‘ridi. Kecha o‘g‘li bilan gaplashganida Anvar onasiga pul haqida og‘iz ochmagandi. Boz ustiga, kelini ham yo‘lga otlanib, so‘ng bu haqda aytgani unga og‘ir botdi.

* * *
Kun peshindan oqqan bo‘lishiga qaramay, Noziguldan darak yo‘q edi. Bahodir esa darvoza yonida o‘tirgancha onasini intizorlik bilan kutardi. Oysuluv momoning ham ikki ko‘zi ko‘chada, qo‘li ishga bormasdi. Noziguldan esa hamon darak yo‘q, bundan momoning ko‘ngliga hadik oralab xayolidan ming xil o‘y o‘tardi. Nihoyat, quyosh ufqqa bosh qo‘yayotgan bir paytda Oysuluv momo ortiq uyida o‘tirolmay, ko‘chaga chiqdi. U qo‘shnilaridan telefon so‘rab, kelini bilan bog‘lanmoqchi edi. Shu payt uzoqdan kelayotgan kelinini ko‘rdi. Keyin ichkariga kirib, uning yetib kelishini kuta boshladi. Nozigul hovliga qadam qo‘yishi bilan dodlab yig‘lab yubordi. Onasining oldiga yugurib chiqqan Bahodir turgan joyida qotib qoldi. Oysuluv momo nima qilarini bilmay qo‘rqib qolgan nabirasini bag‘riga bosdi. Ko‘zlari javdirab keliniga termildi. Nozigul biroz o‘zini to‘xtatib, yig‘i aralash gapira boshladi.

— Pulni olib, bankdan chiqib, uyga qarab jo‘nadim. Ko‘chada mashinalar o‘tib-qaytgani bilan piyodalar kam ekan. Yo‘lakdan yurib bekat tomon kelayotgandim, ortimdan kimdir kelib, itarib yubordi-da, sumkamni olib qochdi. Kechgacha militsiya bilan shaharda bormagan joyim, so‘ramagan odamim qolmadi. Yeru ko‘kda yo‘q. Endi nima qilaman? Kim degan odam bo‘ldim?!

Bu so‘zlarni bazo‘r aytgan Nozigul qaynonasini quchoqlab, tag‘in dodladi. Oysuluv momo kelinining ko‘z yoshini artib:

— Qo‘ying, dunyolariga o‘t tushsin, iloyo. Yig‘lamang, bolani qo‘rqitasiz. Joningiz sog‘ bo‘lsa, pul topiladi, — deya keliniga tasalli berdi.

Nozigul qaynonasining gaplaridan biroz o‘zini o‘nglab, Bahodirning peshonasidan o‘pib, xonasiga kirib ketdi. Qaynonasining: “Choy ichmaysizmi?” degan savoliga. “Mazam yo‘q”, deb javob berdi va xonani ichkaridan qulflab oldi.

* * *
Ko‘p o‘tmay borliqni tun zulmati qopladi. Bu zulmatda zo‘rg‘a yo‘l topib kelayotgan sharpa ochiq qoldirilgan darvoza qarshisida to‘xtab, cho‘kkalab o‘tirdi-da yo‘lning ikki tomonini zimdan kuzatdi. Hech qanday harakat sezilmagach, darvozadan kirib, baland uyning derazasini chertdi. Deraza ochilib, ichkaridan tanish qo‘l uzaldi. U shu qo‘l yordamida xonaga kirib oldi. Ikkalasi qorong‘u xonada qo‘l ushlashib ancha turib qolishdi. Sukutni erkak buzdi.

— Xo‘sh, ishonishdimi?

— Ishonmay o‘libdimi?!

— Anavi-chi?..

— Ha, Anvar akammi? Uniyam ishontirdim. Onasi shundoq-shundoq, deb turgandan keyin qayerga borardi?!

Bu javobdan so‘ng erkak o‘zini erkin his qilib, o‘tirgan joyida uzala tushib yonboshladi.

— Rustam aka, endi nima qilamiz?

Nozigulning ovozida hadik va hayajon bor edi.

— Reja bo‘yicha ish ko‘raveramiz. Shunday qilish kerakki, hech kim bizdan shubhalanmasin, — dedi Rustam.

Rustam ikkalasi shaharga borib, o‘zlari uchun baxtli hayot boshlashga kelishib olishgach, Nozigul tuzalmas dardga yo‘liqdi. Uch kun hatto o‘rnidan ham turmadi. Nihoyat, biroz o‘zini o‘nglab olgach, o‘g‘rini topish uchun shaharga jo‘nadi. Reja bo‘yicha bu vaqtda Rustam ijaraga uy olgan bo‘lishi va o‘sha joyda ikkalasi ham ish topib, yangi hayot boshlashi kerak edi. Rustam Noziguldan ikki yosh katta bo‘lsa-da, hali uylanmagandi. U Nozigulni ilk bora ko‘rganidayoq yoqtirib qolgan va doim u-bu bahona bilan ularning uyiga chiqib turardi. Nozigul esa eri xorijga ketgach, o‘zgarib qoldi. Bu o‘zgarishni sezib turgan Rus­tam juvon tomon ilk qadamini dadil qo‘ydi. Noziguldan ham shunga yarasha javob bo‘ldi. Shu bilan ikkalasi topishdi-yu, o‘zlarini hayotning beayov sinoviga duch kelgan g‘ariblarday tuta boshlashdi. Mana, endi osongina qo‘lga kiritilgan pul ularga yangi hayot eshigini ochib berdi. Aslida, Rustam biror joyda ishlamas, qachon qaramang, ko‘chada qimorbozlarni yig‘ib o‘tirardi. Uning birdan g‘oyib bo‘lishi va Nozigulning esa pulni axtarib shaharga ketishi, shuningdek, u yerda bir-ikki kun ushlanib qolishi atrofdagilarda shubha uyg‘otdi. Nozigul esa tinimsiz qaynonasiga qo‘ng‘iroq qilar, o‘g‘rini izlayotgani va hatto talonchining iziga tushishgani, endi uni dalil bilan qo‘lga olish kerakligi, buning uchun shaharda bo‘lib turishini aytardi. Oysuluv momoning ko‘ngli bu gaplardan negadir g‘ashlanar, lekin keliniga hech narsa demasdi. Qaynonasini ishontirganiga shubha qilmagan Nozigul o‘z ishidan mamnun, baxtdan masrur edi. U o‘zini Layliday his etar, ularning muhabbati esa baxtli xotima topishiga shubha qilmasdi. Ammo kunlar o‘tgani sari pul kamayib borar, Rustamga esa hamon ish topilmasdi. Ertalab ijara uydan chiqib ketadigan Rustam kechga kirib kelar, so‘ng bugun ham ishi yurishmaganini aytardi. Bundan Nozigulning hafsalasi pir bo‘lar, qanday bo‘lmasin tezroq ish topmasa bo‘lmasligini uqtirardi.

Bu orada Noziguldan xavotir olgan qarindoshlari uni axtarib shaharga kelishdi. Endi bu ishni bir yoqli qilish kerakligiga aqli yetgan Nozigul qaynukasini shaharda ko‘rib, uning qo‘liga xat tutqazdi. Nozigul xatda bor gapni ro‘yi rost yozdi, faqat u kimga ko‘ngil bergani-yu, endi qayerda yashayotganini aytmadi. Bu xabarni eshitgan Oysuluv momo quloqlariga ishonmay, qon bosimi oshib shifoxonaga borishga majbur bo‘ldi. Qizining bunday yo‘l tutishiga ishonmagan Nozigulning ota-onasi unga qo‘rg‘iroq qildi. Nozigul onasiga eshitganlari haqiqat ekanini aytdi. Zero, endi u butun umrini Rustamga bag‘ishlashga qasam ichgandi. Bu xabarni eshitgan otasi u tomonda turib:

— Ikkalangni ham o‘ldiraman, yerning tagidan topib bo‘lsa ham, kuningni ko‘rsataman! — deya baqirdi.

Boyagina onasiga:

— Mana endi baxtimni topdim. Meni bu yo‘ldan hech kim qaytarolmaydi, — deyotgan Nozigul otasining po‘pisasidan cho‘chidi.

Rustam esa loqaydgina qo‘l siltab:

— Hech kim baraka top, yaxshi ish bo‘libdi, demaydi-ku. Avval baqiradi. Keyin ko‘nikadi. Vaqt o‘tgach, unutib ham yuboradi, — dedi.

Nozigulga Rustamning bu gaplari biroz bo‘lsa-da, dalda berdi va:

— Hamma ayb o‘zlarida, — dedi ota-onasini nazarda tutib. — Avval boshdan majburlab erga berishmasin edi.

* * *
Erta tongda uyg‘ongan Nozigul Rustamning yo‘qligini ko‘rib hayron qoldi. Keyin “Ish axtarib ketgan bo‘lsa kerak”, degan xayolda gazga choy qo‘ydi. So‘ng nonushta qilib, odatdagiday ko‘chaga chiqdi. Ular uy egasiga o‘zlarini farzandsizlikdan qiynalib davolanishga kelgan er-xotin deb tanishtirishgan, shu sabab kunduz kunlari “Shifoxonaga ketdik”, deb uyda qolishmasdi. Nozigul boshi oqqan tomonga yurib, shahar aylandi. Kechga yaqin ijara uyiga yo‘l olarkan, Rustamga qo‘ng‘iroq qildi. Ammo bog‘lana olmadi. Nozigul ancha urinib Rustam bilan telefonda gaplasha olmagach, bir o‘zi uyga qaytdi. Ovqat tayyorlab, Rustamni kuta boshladi. Ammo undan darak yo‘q edi. Bir payt narsalari kamayib qolganini payqadi. Bunday qarasa, xonada Rustamga tegishli hech narsa qolmabdi. Bundan dahshatga tushgan Nozigul Rustamga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilar va doim telefon apparati o‘chirilgani haqida xabar eshitardi. Shu payt pastki qavatda turadigan uy egasi kelib Nozigulga: “Eringiz ertalab berib qo‘yishimni aytgandi”, deb konvert tutqazdi. Nozigul konvertni shoshib ochdi. Unda Rustam yozgan bir enlik xat bor edi. Xat qisqa va keskin yozilgandi.

“Meni izlab ovora bo‘lma. Pulning qolganini olib ketdim. Bir kuningni ko‘rarsan. Men haqimda boshqalarga aytmasang, o‘zingga yaxshi bo‘ladi”.

Nozigul bu xatni o‘qib dahshatdan qotib qoldi. U endi qayoqqa borishini bilmas, ko‘z oldini esa chek-chegarasi yo‘q zulmat qoplagandi.
Quvonchbek XUDOYSHUKUR

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xiyonatning “achchiq jazosi”...