Tolyan ikki kun ichida meni yashirincha ozodlikka chiqarishga va’da berdi. Faqat qisqa muddatga. Uch kungina shaharga borib kelarkanman, xolos. O‘ylab ko‘rsam, bu muddat Yelenani qidirib topishim uchun ham yetarkan. Eh, koshkiydi uni bir ko‘rsam. Birpasgina jamolini tomosha qilib o‘tirishga-da, rozi edim.
Shunday shirin o‘ylar og‘ushida kameraga qaytdim.
Kameradoshlar Vasya degan pakana, malla aristonni o‘rab olgancha tek turishardi. Vasya kursida o‘tirib, kiraverishdagi karavotda yotgan kasalmand, keksa aristonni o‘tqazib qo‘yib oppoq qog‘ozga uning suratini chizardi.
Darvoqe, Vasya cho‘ntakkesarlik qilgani uchun yetti yilga qamalgan. O‘zi turmaga yaqindagina kelgan. Ammo tez kunda hamma bilan til topishib ketdi. Faqat mahmadonaligi menga yoqmagani sababli tez-tez kamerani tozalashga, yarim tungacha oyoqlarimni uqalashga majbur qilardim.
Men ham boshqalar qatoriga turib uning ishini kuzata boshladim. Haqiqatan Vasya suratni boplab chizar ekan. Qariyaning har bir jihati qog‘ozda xuddi o‘zidagidek aks etdi. Vasya ishini tugatgani hamono aristonlar baravariga qarsak chalib uni olqishlay ketishdi.
Meni yana o‘tmish xotiralarim shamoli qayerlargadir olib ketdi… Ha, men ham bir vaqtlar mashhur odam bo‘lishni orzu qilardim. Kim bo‘lishimni fahmlay olmasdim-u, ammo hamma meni olqishlashini xohlardim. Afsus… Mashhurlik tugul biror arzirli hunarning boshini tuta olmadim. Qo‘limdan mushtlashish-u, odam o‘ldirishdan bo‘lak hech vaqo kelmaydi. Manavi yigitcha esa odamning havasi keladigan suratlarni chiza olarkan. Qiziq, nega unda cho‘ntakkesarlik qildi? Surat chizib pul topsa, tinchgina oilasi davrasida yashayversa bo‘lmasmidi? Bilmadim… Bilmadim…
Yigitga qanchalar havas qilmay, tan bermay, sir boy berishga haqim yo‘q, zo‘rligimcha qolishga majbur edim.
— Ayt-chi, rassom, yalang‘och ayolning suratini chiza olasanmi? — so‘radim Vasyaning yelkasidan bosib.
— Albatta, — dedi Vasya bosh egib, — Chiza olaman.
— Unda chiz! — buyurdim unga. — Qani, hammang joy-joyingga bor! Rassomga xalal berma!..
Aritonlar itoat bilan joy-joylariga tarqalishdi. Men bo‘lsam, Vasyaning ishtiyoq bilan surat chizishini kuzata boshladim.
Oradan yarim soat o‘tib, nihoyat Vasya qo‘limga yalang‘och ayol surati tushirilgan oppoq qog‘ozni tutqazdi. Ajabo!.. Bu surat ayol emas, balki bir malakning o‘zi edi!
— Qara, — tepamga birinchi bo‘lib kelgan mishiqiga suratni ko‘rsatdim, — Rassom farishtaning suratini qog‘ozga tushiribdi. To‘g‘rimi-yo‘qmi?..
— H-ha… Gaping to‘g‘ri, Burgut! — oh tortdi Mishiqi. — Bu suratda chindan ham ilohiy go‘zal qiz aks etgan!.. Vasya, o‘zini taniysanmi bu qizning?
Vasya yerga boqqancha bosh chayqadi.
— Ha, taniyman… U sevgan qizim edi.
— Nima?.. Tushunmadim, — dedim Vasyaning ikki yelkasidan tutib.
— Ha, shunday, — dedi Vasya xo‘rsinib. — Men uni faqat sevardim, xolos.
— Uni shunchalik sevgan ekansan, nega uylanib qo‘ya qolmading?
— Istamadi… Menga o‘xshagan o‘g‘riga tegishdan or qilarmish.
— O‘zi shunaqa dedimi?
— Ha.
Bu gaplarni eshitgach, Vasyani mahkam quchib oldim.
— Sen xafa bo‘lma, — dedim uning kal boshini silab, — Yaqinda o‘sha sevgan qizingning vasliga yetasan. Men senga va’da beraman.
— Albatta! — baravariga qichqirishdi aristonlar.
* * *
Tolyan aytgan so‘zida turdi. Oradan ikki kun o‘tmay u taqdim etgan hujjat va pullarni qo‘limga olib, turmaning og‘ir darvozasidan katta ko‘chaga chiqdim. Shubhasiz, meni kuzatib chiqqan xomsemiz nazoratchi ham ulushini olgan. Shu sababli ostona hatlab tashqariga chiqqanimdanoq u atrofni tez kuzatib oldi-da, darvozani ichkaridan yopdi.
Shu tobda xavf ta’qib etishi muqarrarligini, bu yerda uzoq turib qolish umuman mumkin emasligini bilsam-da, negadir nari ketishga shoshilmadim. Ozodlikning musaffo havosidan to‘yib-to‘yib nafas oldim. Tizzaga yetib qolayozgan oppoq qordan bir hovuchini olib yuz-ko‘zlarimga ishqaladim. Qanday totli bu onlar! Bu hayajonmidi, quvonchmidi, idrok etmasdim! Nuqul yig‘lagim, ovozim boricha dod solgim kelardi. Lekin tez orada o‘zimni tutib, bir-ikki bosh silkib oldim-da, yo‘l tomon ketdim.
Turmadan uncha ko‘p uzoqlashmay turib qora «Volga»ga duch keldim. Bu mashina Tolyanga tegishli. U meni kutib turibdi. Kavkazlik uzun bo‘yli mo‘ylovdor haydovchi meni ko‘rdi-yu, mashinaning orqa eshigini ochdi. O‘tirdim. Tanishdik. Ismi David ekan.
— Seni, og‘ayni, o‘sha Nastyaning uyiga olib borib qo‘yaman-u, ketaman, — dedi David. — Tolyan shunday tayinlagan. Mana buni esa olvol. Asqotib qoladi.
U qo‘limga to‘pponcha va yana bir qora sumka tutqazdi. Qurolni birinchi marta qo‘limga olishim edi. U yoq-bu yog‘ini aylantirib ko‘rgan bo‘ldim. Ochig‘i, umrim bino bo‘lib bunaqa qurolni ushlab ko‘rmaganman. Hatto, qanday foydalanishni ham bilmayman.
— Ustidagini o‘zingga bir tortsang, o‘qlanadi, — uqtirdi David holatimni payqagandek kulimsirab. — Keyin nishonga to‘g‘rilab tepkini bosasan. Tamom-vassalom! Ovoz pasaytirgich sumkaning ichida.
— Ochig‘ini aytsam, — dedim to‘pponchani yon cho‘ntagimga joylab, — Men tig‘ bilan tillashishga odatlanganman.
— Bu sening ishing. Aytgancha, Nastyani qay yo‘l bilan jazolamoqchisan?
— Bu mening ishim, — javob qildim qaysarligim tutib.
— Ha-ya, kechir!.. Anavi… Sumkada barcha kerakli asbob-uskuna bor. Harqalay, sening ishingda ular, albatta, asqotadi.
Bilardim, David ham men bilan oldindan g‘oyibona tanishtirilgan. Kimligimni, nimalarga qodirligimni yaxshi biladi. Shuning uchun o‘zini kamtar tutyapti. Aks holda bu kabi o‘g‘ri, bosqinchilar uncha-munchasiga so‘zini berib qo‘yadiganlar xilidan emas…
Yeldek uchib borayotgan mashina oynasidan tashqaridagi miltillagan chiroqlarga, g‘iz-g‘iz o‘tib turgan turnaqator mashinalarga bepisand ko‘z tashlab olib, boshimni orqaga tashladim. Bir zumda ko‘zimni uyqu bosdi.
* * *
Nihoyat, manzilga yetib bordik. Nastya shahar chetrog‘idagi tor ko‘chada yasharkan. Men avval baland devorlar bilan o‘ralgan hovli atrofini erinmasdan aylanib chiqdim. Ko‘cha tarafdan devor oshib tushish qaltisroq tuyuldi. Yo‘lga yaqinligi bois tez-tez mashinalar u yoqdan-bu yoqqa g‘izillab o‘tib turibdi. Mashina chirog‘i shu’lasi devorni yoritganda meni kimlardir payqab qolishi mumkin. Shu sababli hovliga tomorqa orqali kirishga qaror qildim.
Mendek bo‘ydor odam uchun bu taxlit baland devorlardan oshib o‘tish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Asosiysi, hovlini itlar qo‘riqlashmayotgan bo‘lsa bas. Bordi-yu, shunday bo‘lgan taqdirda…
Shosha-pisha yelkamdagi qora sumkani ochib, ichidagilarni fonarcha yorug‘ida tekshirib ko‘ra boshladim.
— O‘, mana buni professionalcha ish desa bo‘ladi!
Sumkaga lattaga o‘ralgan bir necha dona kolbasa va go‘sht bo‘lagi solingan ekan. Axir, bekorga solinmagan, avvaldan ehtiyot choralari ko‘rilgan. Demak, hech narsadan xavotirlanmasam ham bo‘ladi. Sumkani qaytadan yelkamga ilib, fonarni cho‘ntakka urdim va bir sakrab devordan hovliga oshib tushdim.
Xayriyat, jimjitlik ekan. Oyoq uchida yurib borib hovliga kirdim. Ikki qavatli oddiygina uy. Yuqori qavatning o‘ngdagi xonasida chiroq o‘chirilmagan. Ha-a, bundan chiqdi, uy egasi o‘sha yerda! Faqat uni cho‘chitib yubormasdan sekin harakat qilishim lozim, aks holda ish buziladi.
Ehtiyotkorlik bilan marmar zinalardan yuqoriga ko‘tarilib, kerakli eshik oldida to‘xtadim-da, uni sekingina itarib ko‘rdim. Ichkaridan qulflangan ekan. Oyna ostidan ichkariga quloq tutdim. Sukunat.
Hammasi joyida ekaniga amin bo‘lgach, sumkadan qulf buzishda ishlatiladigan asbobni olib qulfga soldim va bir-ikki pastga, yuqoriga ko‘targan bo‘ldim. Qulf buzildi. Cho‘ntagimdagi to‘pponchani qo‘limga olib, sumkadagi ovoz pasaytirgichni uchiga mahkamladim-u, ostona hatlab yo‘lakka o‘tdim.
Ana shunda xonalarning biridan kimningdir tovushi eshitildi.
— Kim? Vitya, senmisan?..
Ko‘z ochib yumguncha ro‘paramda tungi yaltiroq xalatga o‘rangan, kelishgan, sochlari qoraga bo‘yalgan, moviy ko‘z, yoshi chamasi o‘ttiz beshlardagi ayol paydo bo‘ldi va qo‘lida to‘pponcha tutgan erkakni ko‘rdi-yu, jonholatda o‘zini orqaga oldi.
— Qo‘rqma, sohibjamol! — shivirladim tobora unga yaqinlashish asnosida. — Men sening baxtingman, eshityapsanmi? Seni puli ko‘p, baquvvat jazmanga zor ekan deb eshitib, to‘ppa-to‘g‘ri uyingga kelaverdim. So‘roqsiz uyinga kirganim uchun, albatta, uzr so‘rayman!..
— Ket!.. Kimsan? Ket!.. Hozir militsiya…
Epchillik bilan Nastyani quchoqlab kaftim bilan og‘zini yopdim.
— O‘zing ham ja… ketvorgan ekansan, — davom etdim. — Militsiyani bezovta qilishning nima zarurati bor? Kel, undan ko‘ra, kayf-safo qilamiz.
— Sizga nima kerak!.. — yig‘lay boshladi ayol. — P-pul kerak bo‘lsa ana shkafda turibdi. Faqat menga tegmang!
— Shunaqami? Puling shunchalik ko‘pmi?..
Uni ikki yelkasidan changallab xonaga sudrab kirdim-da, divanga itqitib yubordim.
— Kimsiz?! — titrashga o‘tdi ayol. — Kim yubordi sizni bu yerga? Maqsadingiz nima?
To‘pponchani cho‘ntakka urishga shoshilmay ayolning tepasiga yaqin bordim.
— Tolyandan senga alangali salom! — dedim Nastyaning uzun kokillarini barmoqlarim bilan silab. — Seni juda sog‘inibdi. Qadrdonlarni bunchalik sog‘intirib qo‘yish insofdan emasligini aytishimni tayinlab yubordi.
— Kim u Tolyan? Men hech qanday Tolyanni tanimayman.
— Yo‘g‘-e! Nahotki shunday kelishgan, ko‘rinishi jon olguvchi ayolning xotirasidan shikoyati bo‘lsa?
Ayol osonlikcha tilga kirmasligiga ko‘zim yetib to‘pponchani uning tomog‘iga tiradim. Nastyani battar titroq tutdi.
— Xo‘sh, esladingmi? Gapir, sohibjamol! Tezroq gapirmasang, jahlim chiqib, yomon odamga aylanib qolishim mumkin.
— Unga nima kerak ekan mendan? — nihoyat savolimga savol bilan javob qaytardi Nastya.
— Hech narsa. Faqat uning do‘konlardan oladigan ikki yillik ulushini hozir berib yuborishing zarur. Qanchaligini o‘zing yaxshi bilasan.
— Undan qarzim yo‘q.
— E, yo‘-o‘q!.. — bosh chayqadim to‘pponchani ayolning tomog‘iga qattiqroq tirab. — Juda qarzing bor-da! Sening dastingdan Tolyanning ulushi kamayib ketgan, chunki sen uni mentlarga sotib qo‘ygansan. Natijada odamlari hibsda yotibdi!
— Baqirmasdan to‘pponchangni ol! — dedi Nastya qo‘limni nari surib. — Baribir shu tobda uncha pulni topib bera olmayman.
— Topasan! — dag‘dag‘a qildim ayolga. — Jon kerak bo‘lsa, albatta, topasan. Senga bor-yo‘g‘i besh daqiqa muhlat! Shu vaqt ichida Tolyanga aytgan pulni bermasang, keyin o‘zingdan o‘pkala! Bu ish menga xamirdan qil sug‘urganday gap.
— Yo‘q, y-yo‘q!.. — Nastya to‘pponcha tutgan bilagimga mahkam yopishib, yolvora boshladi. — O‘ldirma, yaxshi odam, o‘ldirma!
— Qayerdan olding bu gapni? — uning qo‘lini mahkam siqdim. Ayol labini mahkam tishladi, ko‘zlari katta-katta ochilib, menga javdiradi. Ko‘rdimki, Nastya ham boshqa ojizalar kabi og‘riqni, qiynoqlarni ko‘tara olmaydi. Demak, har qanday shartni so‘zsiz ado etadi.
— Yaxshi odam emish… — deya qulog‘iga pichirladim uning. — Sen Tolyanning kimligini bilarding-ku!.. Bilib turib shu qandni yeb yuribsanmi?
— Men qayerdan bilibman? — yig‘i aralash javob berdi Nastya. — Qamaldi, tamom, endi qaytib chiqmaydi deb xayol qilibman!..
— Men Tolyanning yaqin do‘stiman. Agar hoziroq u aytgan pulni topib bermasang, o‘ligingni ham izlab topa olishmaydigan qilib ketaman, — ayolni po‘pisaga ola boshladim. — Shundog‘am suhbatimiz cho‘zilib ketdi. Xo‘sh, ma’qulmi?
— Men… Men hozir buncha pulni topib bera olmayman. Nega ishonmaysan? Hamma pullarim bankda turadi. Kechasi bank ishlamaydi-ku!..
— Tez qo‘ng‘iroq qil! — buyurdim unga.
— Kimga?
— Buni o‘zing bilasan. Lekin uzog‘i bilan bir-bir yarim soat orasida pullar qo‘limda bo‘lishi kerak. Faqat ogohlantirib qo‘yay, pul olib kelganlarni ichkariga kiritmaysan. Darvoza oldida xayrlashib qo‘ya qolasan. Katta partiya mol kelib qoldi, ko‘tara xarid qilmasam boshqa birovga berib yuborisharkan, deysan. Xullas, senga o‘rgatishning keragi yo‘q, bu yog‘iga bir artistligingni ko‘rsatib yuborasan, tuzukmi?
— Xo‘p, xo‘p!.. Aloqa qutisi bor. O‘shaning ichida qoldirib ketishadi.
— Qimirla! Esingda bo‘lsin, dod solsang, tamomsan! Menga farqi yo‘q, chunki…
— Tushundim, aytganingizdek qilaman…
Nastya nazoratim ostida kimgadir qo‘ng‘iroq qilib, talab qilingan pullarni tezda olib kelishini tayinladi. Shundan so‘ng divandagi choyshablar bilan ayolning qo‘l-oyoqlarini isitkich quvuriga mahkam boyladim-da, biroz xotirjam tortdim.
To‘g‘risi, shu tobda juda-juda ochiqqan edim. Ayol qo‘lbola kishandan xalos bo‘la olmasligiga yana bir karra amin bo‘lgach, muzlatkichdan biror yegulik topish niyatida oshxonaga o‘tdim.
Muzlatkichda bir shisha aroq, kolbasa bor ekan. Aroqdan ichib, gazagiga kolbasa kavshadim. Aroq kayfidanmi, yo boshqa sababmi, bilmadim, beixtiyor niyatim buzildi. Ko‘z o‘ngimda Nastyaning yarim ochiq jussasi, siynalari, qalin, bo‘yoq yarashib tushgan lablari gavdalandi. Jonholatda qo‘limdagi kolbasani stol ustiga tashlab o‘rnimdan turdim-u, zalga chiqdim.
Eh, ayni pallada a’zoyi badanim qizib qonim junbushga kelayotgan edi. Ikki hatlab zalda hozir bo‘ldim.
Nastya og‘riq zarbidan bo‘lsa kerak, qur-qur ihlab qo‘yardi. Sutdek oppoq badan sohibasiga suq aralash boqarkanman uning ihlashi ham yoqimli tuyulib ketdi. Uni «kishan»dan xalos etish niyatida egildim. Shu tobda negadir oyoq-qo‘llarim bo‘shashib, qaytadan gavdamni tikladim. Xayolimda kimdir bizni kuzatayotgandek hushyor tortib, orqaga tislandim.
— Nima qilmoqchiman o‘zim?.. Birovni sevib, boshqasi bilan aysh qilmoqchimanmi hali? To‘g‘ri, vahshiylashib bo‘lganman. Birov bilan mushtlashayotgan onlarda hatto seskanib ham qo‘ymayman. Ammo… Qalbim o‘zimda-ku! Mana, vujudimda potirlab turibdi yuragim!.. Nega potirlayapti? Hayajonlanayaptimi? Yo‘q, u isyon ko‘taryapti. Yelenaning xotirasiga sodiq ekanini yana bir karra isbotlash ilinjida potirlayapti…
Ha, bunday yo‘l tutishga haqim yo‘q! Ikki daqiqalik oromni deb xayolimdagi farishtamning yuziga oyoq qo‘yamanmi? Ertaga unga qay ko‘z bilan boqaman? Nima deyman? Uni ham Nastyani erkalaganim kabi silay-siypaymanmi?
Niyatimni sezib har lahzada men tomon boshini burib javdirayotgan Nastyaga hissiz nigoh tashlab, indamasdan oshxonaga qaytdim-da, yana kolbasa kovshashda davom etdim. Keyin boshimni muzdek oynaga bosish maqsadida oshxona derazasiga qarab yurdim. Pardani surib, boshimni oynaga yaqinlashtirarkanman ko‘cha boshiga ovozsiz kelib to‘xtagan mashinaga ko‘zim tushdi. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, oradan hech qancha vaqt o‘tmay o‘n chog‘li qora niqob kiyib, qo‘llariga avtomat ushlagan harbiy kiyimdagi kishilar hovliga kirib, to‘rt tarafni o‘rab olishdi.
— Obbo qanjig‘-ey! — ko‘z ochib-yumguncha Nastyaning tepasida paydo bo‘lib tomog‘iga to‘pponcha tiradim. — Hali sotganmiding? Meni, Burgutni-ya?..
— S-sen nima deb o‘ylovding? — nafrat aralash boqib so‘z qotdi u. — Pullarini indamasdan qo‘limga tutqazib qo‘yadi deb xayol qilganmiding? Endi o‘zingdan ko‘r!
— Tez yashirin yo‘lni ayt! — garchi titrayotgan bo‘lsa-da, atayin to‘pponchani pisand qilmayotganini payqab, cho‘ntagimdagi uzun sopli pichoq chiqardim. — Tez bo‘l! So‘yaman!
Albatta, ayol tugul, manaman degan erkak ham bunday manzaraga shunchaki qarab tura olmaydi.
Ajali yaqin ekanini his etib, Nastya ham jazavaga tushdi.
— Pichog‘ingni ol, yolvoraman! Menga tegma!
— Tez bu yerdan chiqib ketish yo‘lini ayt! — bu safar ovozim har galgidan ham tahdidli yangradi.
— Yotoqdagi derazani och, yuk mashinasiga ko‘zing tushadi. Yuraging betlab hatlasang, qutulib qolganing, boshqa yo‘l yo‘q! — dedi xirillab Nastya.
— Meni kechir, va’da berib qo‘yganman, — dedim yelkamga sumkani osib, — Endi uni bajarmasam bo‘lmaydi.
Bu gapni eshitib Nastyaning rangida umuman qon qolmadi. Yotoqqa qarab yo‘nalishdan avval uning qulog‘iga sekin pichirladim:
— Men ketyapman, lekin, albatta, qaytib kelaman. Chunki shu paytgacha so‘zidan qaytgan yigit emasman. Tolyanga berishing kerak bo‘lgan pulni tayyorlab qo‘y, shunda senga hech bir ziyon yetkazmayman.
Shu payt tashqarida shovqin kuchaydi. Vaqtdan foydalanib qolish uchun yugurgancha o‘zimni yotoqqa urdim.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”